Jahon | 10:51 / 26.01.2024
29192
3 daqiqa o‘qiladi

AQShda mahbus birinchi marta toza azot yordamida qatl etildi

Qotillik uchun o‘lim jazosiga mahkum etilgan shaxs AQSh tarixida birinchi marta toza azot yordamida qatl etildi. 58 yoshli jinoyatchiga nisbatan o‘lim jazosi to‘g‘risidagi qaror Alabama shtatidagi Etmor qamoqxonasida ijroga keltirilgan.

Foto: AP

25 yanvar, payshanba kuni Alabama shtatidagi Etmor qamoqxonasida 58 yoshli Kennet Yujin Smitga nisbatan o‘lim jazosi ijroga keltirildi. Bu haqda shtat bosh prokurori Stiv Marshall ma’lum qildi. Qatl mahalliy vaqt bilan soat 19:56 da boshlandi, o‘lim soat 20:25 da sodir bo‘ldi.

Ikki kun avval AQSh oliy sudi mahkumning qatlni kechiktirish haqidagi iltimosini rad etgan edi. O‘limga hukm qilingan mahbus AQSh tarixida birinchi marta toza gaz yordamida qatl etildi. Rasmiy tilda bu o‘lim sababi azotli gipoksiya deb ataladi.

Amerika janubidagi Alabama - Qo‘shma Shtatlarda azot yordamida qatl etishga ruxsat beruvchi uchta shtatdan biri. Bu gaz odamni kislorodni qabul qilish qobiliyatidan mahrum etadi va shu tariqa, odam asta-sekin bo‘g‘ilib qoladi. AQShda oxirgi marta 1999 yilda mahbus gaz bilan qatl etilgan edi. O‘sha paytda gidrosianid (vodorod sianidi yoki gidrosian kislotasi deb ham ataladi) ishlatilgan.

Smit ikkinchi marta qatl etildi

Kennet Yujin Smit pastorning xotinini uning buyrug‘i bilan o‘ldirgani uchun 1989 yilda ham o‘limga hukm qilingan. Birinchi o‘lim jazosi 2022 yilda o‘ldiradigan inʼeksiya yo‘li bilan amalga oshirilishi kerak edi. Biroq o‘shanda qamoqxona xodimlari zaharni kiritish uchun tomirga igna tiqa olmagan va qatl qilish uchun belgilangan vaqtda buni uddalay olmagan. Shu tariqa, Smit AQShda davlat ikki marta qatl qilgan kam sonli jinoyatchilardan biriga aylandi.

Hatto Smitning azot bilan qatl etilishiga tayyorgarlik ko‘rilayotganda ham, bo‘lajak harakatning o‘zi Birlashgan Millatlar Tashkilotining keskin tanqidiga sabab bo‘ldi. BMTning Jyenevadagi inson huquqlari komissiyasi vakili Ravina Shamdasani o‘tgan hafta «yangi va sinovdan o‘tmagan» qatl usulidan foydalanishni qoraladi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, bu «qiynoqqa solish yoki g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi jazo yoki munosabat» bo‘lishi mumkin.

Bundan farqli o‘laroq, Alabama rasmiylari azot gazidan foydalanish «ehtimol, hozirgacha ishlab chiqilgan eng insonparvar qatl usuli» va butun dunyoda qo‘llanadigan evtanaziya usullariga o‘xshashligini ta’kidladi. Azot gazi ba’zan hayvonlarni o‘ldirish uchun ishlatiladi. Azot tanaga ta’sir qilmaydigan inert gazlardan biri bo‘lib, shunchaki kislorodni «suyultiradi», asta-sekin barcha tirik hujayralarda kislorod o‘rnini egallaydi, deydi shtat vakillari.

Mavzuga oid