Jahon | 20:34 / 06.02.2024
21796
6 daqiqa o‘qiladi

Lisichanskdagi restoranga zarba: vazir va deputatlar halok bo‘lgan

Luhansk oblastining Rossiya tomonidan okkupatsiya qilingan Lisichansk shahridagi kafe o‘qqa tutilishi oqibatida mahalliy rasmiylardan uch nafari halok bo‘lgan: «Luhansk xalq respublikasi»ning favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksey Poteleshchenko hamda Lisichansk «munitsipal okrugi» deputatlari Artyom Trostyanskiy va Ivan Jushma.

Foto: Rossiya FVV

Trostyanskiy va Jushmaning o‘limi haqida shaharning Rossiya tomonidan tayinlangan meri (Rossiya qo‘shini ushbu shaharni 2022 yil yozida o‘z nazoratiga olgan) Eduard Soxnenko o‘z telegram-kanalida ma’lum qilgan.

Avvalroq «LXR» rahbari Leonid Pasechnik xuddi shu zarba oqibatida o‘zini e’lon qilgan respublikaning favqulodda vaziyatlar vaziri Aleksey Poteleshchenko ham halok bo‘lganini tasdiqlagandi.

Rossiya zarba Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yo‘llanganini ma’lum qilgan, ammo Ukraina mudofaa vazirligi bu zarba yuzasidan hech qanday izoh bermagan.

Zarba ADRIATIC restoraniga kelib tushgan. Lisichanskning Ukraina tomonidan tayinlangan ma’muriyati vakili «Suspіlne novini» saytiga bergan izohida «gap bosqinchilar o‘z maqsadlarida foydalanib kelgan bino» haqida ketayotganini aytgan. «U yerda okkupatsiya qo‘shini uchun non pishirilgan va yig‘ilishlar o‘tkazilgan. U shahar okkupatsiya qilinganidan keyin ishlay boshlagandi», degan u.

LXR FVV vaziri Aleksey Poteleshchenko zarba qurbonlari orasida zikr etilgan

Zarba novvoyxonaga emas, balki Rossiya ta’siridagi ma’muriyat vakillari to‘plangan restoranga berilgani haqida Mariupolning Ukraina tomonidan tayinlangan meri Petro Andryushchenko ham yozgan.

«Rossiyaliklar darhol [halok bo‘lganlardan] „terrorizm va ukrnatsizm qurbonlari“ yasab olishdi. Dam olish kunlarida qurbonlarning ro‘yxati va zarba berilgan joyning aniq koordinatalari paydo bo‘ldi. Ha, yonida novvoyxona bor, ammo u butun qolgan. Kollaborantning restorani esa — yo‘q. „LXR FVV ministri“ Poteleshchenko Aleksey Aleksandrovich ham, u 2014 yilda okkupantlar tomonga o‘tgandi», — deya yozgan u o‘z telegram-kanalida.

Lisichanskka zarba haqida nimalar ma’lum?

Lisichansk 3 fevral kuni o‘qqa tutilgan, Rossiya tomoni ma’lumotlariga ko‘ra, zarba oqibatida tinch aholi vakillaridan 28 kishi, jumladan bir bola halok bo‘lgan. 10 kishining hayoti saqlab qolingan.

Rossiya hukumati va mahalliy rasmiylar zarba uchun javobgarlikni Ukraina qurolli kuchlari zimmasiga yukladi.

Rossiya nazorati ostidagi Luhansk axborot markazi Ukraina AQSh tomonidan yetkazib berilgan HIMARS baravar o‘t ochish reaktiv tizimi orqali novvoyxonani o‘qqa tutgani haqida xabar berdi.

Rossiya TIV vakili Mariya Zaxarova Moskva xalqaro hamjamiyatdan ushbu zarbani «zudlik bilan qoralash»ni kutayotganini bildirdi.

Rossiya Lisichanskka zarba yuzasidan BMT Xavfsizlik kengashining shoshilinch yig‘ilishini chaqirishni talab qildi.

Front chizig‘i yaqinida joylashgan Lisichansk shahrida Rossiyaning 2022 yil fevralida boshlangan bosqiniga qadar 111 mingga yaqin kishi yashagan.

Rossiya Lisichanskni 2022 yil yozida bosib olgan, shahar qamal qilinganida uning katta qismi vayronaga aylangan.

Front yaqinidagi hudud restorani
Ilya Barabanov, BBC maxsus korrespondenti

«Bu yaramaslar zarba bergan novvoyxona xarobalari ostida qirq kishi qolib ketgan bo‘lishi mumkin. Qirq kishi! Novvoyxonaga zarba berilgan!» — 3 fevral kuni RT bosh muharriri Margarita Simonyan ukrainlar HIMARS orqali zarba bergan Lisichanskdan kelgan yangilikka shunday «qayg‘uga tushdi».

Dushanba kuniga kelib esa, odatdagi kabi asl vaziyat yuzaga chiqdi: Rossiya propagandasi fuqarolik infratuzilmasiga va tinch aholiga ko‘r-ko‘rona yo‘llangan zarba sifatida taqdim etgan voqea aslida boshqacharoq bo‘lgani oydinlashdi.

Restoran snaryadlar kelib tushishidan oldin shunday ko‘rinishda bo‘lgan

Tadqiqotchi jurnalistlar «novvoyxona» aslida restoran ekani, «tinch aholi vakillari» esa — ziyofat mehmonlari bo‘lganiga aniqlik kiritishdi. Rossiya endi o‘z hududi sifatida da’vo qilayotgan bu shaharda mahalliy deputatlardan birining tug‘ilgan kuni nishonlangan, qurbonlar orasida — o‘tgan yil sentabrida LXR favqulodda vaziyatlar vaziri etib tayinlangan Aleksey Poteleshchenko va yana ikki nafar mahalliy deputat ham bo‘lgan.

Urushning birinchi yilida, bunday texnikalar Ukraina qurolli kuchlariga endi yetib kela boshlagan mahalda tahlilchilar bir necha o‘nta HIMARS qurilmalari urushning borishini butkul o‘zgartirib yuborishini tusmol qilishgandi. Ulardan bir necha marta rossiyalik harbiylar joylashuvi yoki bosib olingan hududlardagi yuqori martabali mulozimlarga qarshi muvaffaqiyatli zarbalar berishda foydalanildi.

Ammo amaldorlar va harbiylar urushning ikkinchi yili oxirida ham front chizig‘idan bir necha o‘n kilometr masofada bayramlarga yig‘ilishda davom etmoqda, Ukraina qurolli kuchlari esa bunday nuqtalarni mamnuniyat bilan o‘qqa tutmoqda, bu esa Z-propagandachilarning bir qismi bunday zarbalarni tinch aholiga hujum sifatida taqdim etishga urinayotganida, boshqa qismini qattiq taajjubga solmoqda.

Mavzuga oid