Umri qisqa bo‘lgan Turkiston muxtoriyati. Uning yetakchilari taqdiri qanday kechgan?
Bundan 106 yil muqaddam, 1918 yil 19 fevral kuni Markaziy Osiyoda tuzilgan birinchi demokratik davlat – Turkiston muxtoriyati bolsheviklar tomonidan yiqitiladi. Shundan so‘ng bir necha kun Qo‘qon va uning atrofidagi hududlarda bolsheviklar va arman dashnoqlari tomonidan «tozalash» o‘tkaziladi va ko‘plab odamlar qirib yuboriladi. Quyida Turkiston muxtoriyatining tuzilishi va yiqitilishiga doir ma’lumotlar taqdim etiladi.
XIX asrning birinchi yarmidan boshlab Markaziy Osiyo hududlari asta-sekinlik bilan Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olina boshlangandi. Avvaliga Qozoq xonligi yiqitiladi va uning hududi imperiya tarkibiga qo‘shib olinadi.
Asr o‘rtalariga kelib imperiya Qo‘qon xonligi hududiga hujum qila boshlaydi. Oxir-oqibat 1860 yilda Pishpak (hozirgi Bishkek), 1864 yilda Avliyo Ota (hozirgi Taroz) va Chimkent, 1865 yilda Toshkent ruslar tomonidan egallanadi.
Ko‘p o‘tmay Qo‘qon xonligi butunlay tugatiladi va uning hududi to‘liq Rossiyaga qo‘shib olinadi. Mintaqadagi Buxoro amirligi va Xiva xonligi vassal davlatlarga aylantiriladi. Chor Rossiyasi o‘zi egallagan hududlarda bir nechta general-gubernatorlik tuzadi.
XX asr boshiga kelib Rossiyada vaziyat o‘zgara boshlaydi. Mamlakatda monarxiyaga, jumladan Nikolay II boshqaruviga qarshi harakatlar kuchayadi.
Bu harakatlar orasida Rossiyani ishchi va dehqonlar respublikasiga aylantirishni maqsad qilgan bolshevik ishchilar sotsial-demokratik partiyasi (RSDRP(b) deb ham yuritiladi) alohida ajralib turardi.
Bu harakat Rossiya va Yevropadagi aksariyat mamlakatlar 1914 yilda boshlangan jahon urushi bilan ovora bo‘lib turganida Nikolay II’ni taxtdan ag‘darish yo‘lida jiddiy harakatlar boshlaydi.
Urush tufayli holdan toyib borayotgan imperiyaning turli hududlarida urushga va monarxiyaga qarshi namoyishlar avj oladi. Oxir-oqibat 1917 yil fevral oyida Rossiyada inqilob amalga oshiriladi.
Imperator Nikolay II chorasiz qolib, taxtdan voz kechishga majbur bo‘ladi va hokimiyat vaqtinchalik muvaqqat hukumat qo‘liga o‘tdi.
Shundan so‘ng bolsheviklar yanada faollashib, hokimiyatni muvaqqat hukumatdan tortib olish uchun harakat boshlashadi. Chor Rossiyasi imperiyasi parchalanishi muqarrar bo‘lib qoladi.
Eng avval imperiya tarkibidan Polsha va Finlandiya chiqib ketadi. So‘ng Rossiya qo‘l ostida bo‘lgan Kavkaz va Markaziy Osiyoda milliy davlatlar tuzishga kirishiladi.
Jumladan, Markaziy Osiyo shimolida Alash O‘rda, hududning markaziy va janubiy qismida Turkiston muxtoriyati tuzish uchun harakatlar boshlanadi. Biroq har ikki davlat ham uzoq yashamaydi.
Turkistonda mustaqillik uchun harakatlar
Nikolay II ag‘darilib, hokimiyat muvaqqat hukumat ixtiyoriga o‘tganidan so‘ng Turkiston o‘lkasida ham turli siyosiy harakatlar faollashadi. Ular qatorida xalq orasida ta’sir doirasi eng katta bo‘lganlari «Sho‘roi islomiya» va «Sho‘roi ulamo» harakatlari edi. Bu ikki harakat ham Nikolay II taxtdan quvilgandan so‘ng tashkil etilgandi.
1917 yil oktyabr oyida bolsheviklar Rossiyada davlat to‘ntarishi uyushtirishadi. Muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlab, hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishadi.
Turkistonning turli shaharlarida, jumladan, o‘lkaning siyosiy poytaxtiga aylanib ulgurgan Toshkentda ijtimoiy-siyosiy harakatlar kuchayadi. «Sho‘roi islomiya» va «Sho‘roi ulamo» harakatlari Turkistonda milliy davlatchilikni tashkil etish uchun yig‘inlar uyushtira boshlaydi.
Biroq bolsheviklar Rossiyaning chekka hududlarida joylashgan yerlarini shunchaki berib qo‘ymoqchi emasdi. Shu sababli Toshkentda hokimiyatni temiryo‘l ishchisi Kolesov boshchiligidagi Turkiston ishchi-dehqon soveti egallab oladi va Turkiston xalq komissarlari sovetini tuzadi. Bu tashkilot tarkibida birorta ham mahalliy millat vakili yo‘q edi.
Shundan so‘ng Turkistonda milliy davlatchilik tuzish istagida bo‘lgan harakatlar kuchli bosim ostida qoladi va qarorgohlarini Qo‘qonga ko‘chirishga majbur bo‘ldi.
Qurultoy va Turkiston muxtoriyati
1917 yil 26–28 noyabr kunlari Qo‘qon shahrida katta qurultoy bo‘lib o‘tadi. «Umumturkiston o‘lka musulmonlarining favqulodda IV qurultoyi» deb nomlangan yig‘ilishga Markaziy Osiyoning barcha hududlaridan vakillar chaqiriladi.
Yig‘ilishda qatnashayotgan ko‘pchilik musulmon ziyolilarning xohish-istagi bilan Qurultoyga Turkiston o‘lkasida yashovchi Yevropa millatiga mansub vakillar ham qatnashdi.
Qurultoyda asosiy muhokama Turkiston kelajagi haqida bo‘ladi. Vakillar Turkistonni mustaqil davlat deb e’lon qilish yoki Rossiya tarkibida muxtor respublika sifatida qoldirish masalasini ko‘rib chiqishadi.
Oxir-oqibat ko‘pchilik vakillar Turkiston o‘lkasini Rossiya tarkibida muxtor respublika deb e’lon qilish kerak deb ovoz berishadi. 1917 yil 27 noyabr kuni bu haqda qaror qabul qilinadi.
Qarorda shunday deyilgandi: «Turkistonda yashab kelayotgan turli millatga mansub aholi Rossiyada inqilob sodir etgan bolsheviklar tomonidan xalqlarning o‘z haq-huquqlarini o‘zlari belgilash haqidagi gaplaridan kelib chiqib, Turkistonni Rossiya sovet federativ sotsialistik respublikasi tarkibida muxtor hudud deb e’lon qiladi».
28 noyabr kuni davom etgan yig‘ilishda qurultoyga kelgan vakillar Turkistonda tashkil topayotgan yangi muxtor davlatning nomi «Turkiston Muxtoriyati» deb atalishi uchun ovoz beradi.
Shuningdek, Turkiston o‘lkasida hokimiyat Turkiston Muxtoriyati muvaqqat kengashi va Turkiston Muxtoriyati xalq majlisiga o‘tishi haqida qaror qabul qilinadi.
Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibi
Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibiga Turkiston muxtoriyati muvaqqat kengashi a’zolari orasidan 12 kishi tanlab olinadi. Muxtoriyat milliy majlisiga 32 kishidan iborat vakil saylanadi.
Muxtoriyat muvaqqat hukumati tarkibi quyidagi shaxslardan iborat bo‘ladi:
Muhammadjon Tinishboyev – bosh vazir, ichki ishlar vaziri, 2-chaqiriq Rossiya davlat dumasi a’zosi, Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasi a’zosi, temiryo‘l muhandisi, millati qozoq;
Islom Sulton Shoahmedov – bosh vazir o‘rinbosari, Butunrossiya musulmonlari kengashi markaziy qo‘mitasi a’zosi, huquqshunos, millati tatar;
Mustafo Cho‘qay – tashqi ishlar vaziri, Muvaqqat hukumat Turkiston qo‘mitasi a’zosi, Turkiston o‘lka Musulmonlar sho‘rosi raisi, huquqshunos, millati qozoq;
Ubaydulla Xo‘jayev – Mudofaa vaziri, Butunrossiya musulmonlar kengashi markaziy qo‘mitasi a’zosi, huquqshunos, millati o‘zbek;
Hidoyatbek Yurg‘uli Og‘ayev – yer va suv boyliklari vaziri, agronom, millati o‘zbek;
Obidjon Mahmudov – oziq-ovqat vaziri, Qo‘qon shahar Dumasi raisi o‘rinbosari, jamoat arbobi, millati o‘zbek;
Abdurahmon O‘rozayev – ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, huquqshunos, millati qozoq;
Solomon Abramovich Gersfeld – moliya vaziri, huquqshunos, millati yahudiy;
Mahdi Chanishev – qurolli kuchlar qo‘mondoni, millati tatar;
Hoji Muhammad Ibrohim Hojiyev (kichik Ergash) – Qo‘qon uyezdi militsiyasi boshlig‘i, keyinchalik Mahdi Chanishev o‘rniga muxtoriyat qurolli kuchlari qo‘mondoni bo‘lgan, millati o‘zbek.
Muvaqqat hukumat tarkibiga kirishi lozim bo‘lgan qolgan to‘rt o‘rin yevropalik aholi vakillari orasidan nomzodlar ko‘rsatilishi uchun ularga ajratildi.
Turkiston muxtoriyatining yiqitilishi
Turkiston muxoriyati tuzilgach, hukumat vakillari hududlarda muxtoriyat tuzilmalarini tashkil eta boshlashadi. Taniqli va tajribali huquqshunoslar jalb etilib, Muxtoriyat konstitutsiyasini tayyorlash ishlariga kirishiladi. Muxtoriyat hukumati tomonidan o‘zbek, qozoq va rus tillarida hukumat gazetalari nashr etila boshlanadi.
Yangi tashkil etilgan davlat uchun uchun mudofaa ishlari ham juda dolzarb edi. Shu sababli hukumat armiya tashkil etishga kirishadi. Muxtoriyat mudofaa vaziri Ubaydulla Xo‘jayev qisqa muddatda 2 mingdan oshiq askarga ega armiya tuzadi.
Shuningdek, o‘sha paytda Qo‘qon uyezdi militsiya otryadlari boshlig‘i Ergash qo‘l ostida ham muxtoriyat armiyasiga yordamga shay bo‘lgan minglab mirshab bor edi.
Turkiston muxtoriyati hukumati o‘z tuzilmalarini tashkil etar ekan, bolsheviklar tomonidan Toshkentda ham alohida avtonom respublika tuzish harakatlari boshlanadi.
1918 yil yanvar oyida Toshkentda Turkiston o‘lkasi ishchi, soldat va dehqon deputatlarining favqulodda IV s’yezdi bo‘lib o‘tadi. Unda o‘lka bolsheviklarining Turkistonda RSFSR tarkibiga kiradigan avtonom respublika tuzish taklifi qabul qilinadi. Ular bu davlatga Turkiston sovet sotsialistik avtonom respublikasi (TASSR) deb nom berishadi.
Bundan tashqari, s’yezdda Turkiston muxtoriyati noqonuniy tuzilma deb e’lon qilinadi. Qo‘qonga harbiy yurish qilib, muxtoriyatni ag‘darib tashlash masalasida bir qarorga kelinadi.
Toshkentda bolsheviklar tomonidan tuzilgan muxtoriyat aslida nomiga tuzilgan bo‘lib, maqsad Turkistonni bolsheviklarga mutlaq bo‘ysundirish edi.
Qo‘qonda tuzilgan muxtoriyat kuchayib ketsa keyin ularni yengish qiyin bo‘lardi. Buni yaxshi anglagan Toshkent bolsheviklari rahbari Kolesov Moskvadan yordam kuchlari yuborishni so‘raydi.
Markaz mintaqaga 11 ta eshelonda 10 mingdan oshiq askar jo‘natadi. Ularga arman dashnoqlari ham qo‘shiladi. Askarlar Toshkentga yetib kelganidan so‘ng Qo‘qonga yuboriladi.
1918 yil 30 yanvar kuni Turkiston xalq komissarlari soveti boshchiligidagi armiya Turkiston muxtoriyati hukumatini tugatish uchun Farg‘ona vodiysida harbiy harakatlarni boshlaydi.
Bolsheviklar muxtoriyat hukumatiga taslim bo‘lish va ixtiyoridagi armiyani tarqatib yuborish talabini qo‘yadi. Muxtoriyat hukumati bu talabga rozi bo‘lmaydi. Shundan so‘ng 1918 yil 31 yanvar kuni bolsheviklar armiyasi hujum boshlaydi.
O‘sha paytda Turkiston muxtoriyati armiyasida qurol-yarog‘, o‘q-dori yetishmas, askarlar mahorati ham haminqadar bo‘lgan. Aksincha, bolsheviklarga to‘xtovsiz yordam kelib turadi. Shu sababli muxtoriyat armiyasi birin-ketin mag‘lubiyatga uchray boshlaydi.
Qariyb uch hafta davom etgan qaqshatqich janglardan so‘ng 1918 yil 19 fevral kuni Turkiston muxtoriyati armiyasi tamomila mag‘lubiyatga uchraydi. Oqibatda muxtoriyat hukumati bolsheviklar tomonidan ag‘darib tashlanadi. Shturm chog‘ida Qo‘qon vayron qilinadi.
Muxtoriyatning yuqori lavozimli amaldorlari va vazirlari ham qo‘lga qurol olib janglarda ishtirok etadi. Ularning ayrimlari halok bo‘ladi, boshqalari bolsheviklar tomonidan qo‘lga olinadi.
Muhammadjon Tinishboyevning iste’fosidan so‘ng muxtoriyat hukumati raisi bo‘lgan Mustafo Cho‘qay Qo‘qonni tark etadi va yashirinadi.
Bolsheviklar armiyasi va ular bilan bir safda turib muxtoriyat armiyasiga qarshi jang qilgan arman dashnoqlari hech kimni ayamaydi va yo‘lida uchragan odamlarni qilichdan o‘tkazadi.
Ular muxtoriyat armiyasi askarlaridan tashqari Qo‘qon shahri va uning atrofidagi hududlar aholisidan 10 ming kishini o‘ldiradi. Qo‘qon egallangach dashnoq to‘dalari Farg‘ona vodiysiga tarqalib, Chust, Bozorqo‘rg‘on, Marg‘ilon va boshqa joylarda qirg‘in uyushtiradi.
Shundan so‘ng vodiyning turli hududlarida bolsheviklar armiyasiga oddiy xalq qarshi chiqadi va ozodlik uchun janglar bo‘lib o‘tadi. Bu janglar Turkistonning turli hududlarida 1930-yillargacha davom etadi.
O‘zlari bosqinchi bo‘lgan holda bolsheviklar yurt ozodligi va milliy istiqlol uchun qo‘liga qurol olganlarni «bosmachilar» deb atay boshlaydi.
Muxtoriyat mag‘lub bo‘lgach Turkiston o‘lkasi to‘lig‘icha Rossiya qo‘l ostiga o‘tadi. TASSR 1924 yil O‘zbekiston SSR tuzilgancha yashaydi va o‘sha yili bir necha bo‘laklarga bo‘lib yuboriladi.
Turkiston muxtoriyati hukumati a’zolari taqdiri
Islom Shoahmedov. Bosh vazir o‘rinbosari bo‘lgan Shoahmedov bolsheviklar tomonidan Qo‘qon bosib olingan paytda hibsga olinadi. «Ulug‘ Turkiston» gazetasida 1918 yil bahorida yozilishicha, u qamoqxonada qiynoqlar natijasida aqldan ozgan va turma lazaretiga ko‘chirilgan. Keyinchalik qamoqdan chiqqan.
Ayrim ma’lumotlarga qaraganda, 1920 yili Hindistonga jo‘nab ketgan, biroq oradan ko‘p o‘tmay kasallangan va yurtiga qarindoshlari huzuriga qaytgan. Islom Shoahmedov taxminan 1921 yilda vafot etgan.
Mustafo Cho‘qay. Turkiston muxtoriyati yiqitilgach, Mustafo Cho‘qay Qo‘qondan qochib Toshkentga boradi, so‘ng rafiqasi bilan Rossiyaga chiqib ketadi. Rossiyada vaziyat og‘irlashgach Tbilisi orqali Turkiyaga, u yerdan Fransiyaga ketadi.
Mustafo Cho‘qay turli xalqaro anjumanlarda ishtirok etadi hamda matbuotda ingliz, fransuz, polyak, rus, turk tillarida o‘tkir publitsistik maqolalar bilan muntazam qatnashib turadi. Parijda uning bir nechta kitoblari chop etiladi.
Germaniya SSSRga hujum qilgan 1941 yil 22 iyun kuni natsistlar Parij atrofidagi Nojan shaharchasida yashayotgan Mustafo Cho‘qayni qamoqqa olishadi hamda u 13 iyulgacha Kompen harbiy lagerida tutqunlikda saqlanadi. Mustafo Cho‘qay 1941 yil 27 dekabrda Berlinda yuqumli kasallik tufayli vafot etadi.
Ubaydulla Xo‘jayev. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, muxtoriyat hukumati tugatilgach, Ubaydulla Xo‘jayev Ashxobod – Samarqand yo‘lida bolsheviklar qo‘liga tushib qoladi. Biroq tez orada Orenburgga boradi va 1918 yil noyabrda Boshqirdiston muxtoriyati hukumatini tuzishda faol ishtirok etadi.
Ubaydulla Xo‘jayev sovet rejimi tomonidan bir necha marta (1929, 1931, 1938) qamoqqa olingan. U oxirgi marta 1938 yil 20 fevralda Toshkentda hibsga olinib, 1939 yil 14 mayda 8 yil muddatga qamalgan. Ubaydulla Xo‘jayev 1942 yilda qamoqxonada vafot etadi. O‘limidan keyin sovet hokimiyati tomonidan oqlangan.
Hidoyatbek Yurg‘uli Og‘ayev. Yer va suv boyliklari vaziri bo‘lgan Og‘ayev 1918 yilda fevralda Qo‘qon shahrida Turkiston muxtoriyati armiyasi va bolsheviklar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan janglardan birida halok bo‘ladi.
Obidjon Mahmudov. Mustafo Cho‘qayning yozishicha, Turkiston muxtoriyati ag‘darilgach oziq-ovqat vaziri Obidjon Mahmudov Buxoroda bolsheviklar qo‘liga tushib qoladi. 1918 yil mayda Turkiston muxtoriyati hukumati a’zolari sovetlar tomonidan afv qilingach, u Moskvaga borib turli lavozimlarda ishlaydi.
1921 yilda Toshkentga qaytgandan so‘ng, dastlab Turkiston ASSR Markaziy Ijroiya Qo‘mitasida ishlaydi. So‘ng Farg‘ona vodiysiga borib, «Milliy ittihod» tashkiloti bo‘limini tuzgan hamda sovetlarga qarshi faoliyat olib borgan.
Sovet rejimi tomonidan bir necha marta qamoqqa olinadi. Ozodlikka chiqqach, oradan ko‘p o‘tmay og‘ir xastalikka chalinadi va 1936 yil 21 noyabrda 65 yoshida Qo‘qonda vafot etadi.
Abdurahmon O‘razayev. Turkiston muxtoriyati yiqitilgach 1918 yil fevral oyi oxirida ichki ishlar vaziri o‘rinbosari O‘razayev bolsheviklar qo‘liga tushib qoladi. U keyinchalik bolsheviklar partiyasi a’zosi bo‘ladi va Turkiston ASSR va Qozog‘iston ASSRdagi sovet hokimiyati idoralarida turli lavozimlarda ishlaydi.
Solomon Gersfeld. Turkiston muxtoriyati hukumati tarkibida tub xalqlardan bo‘lmagan yagona nomzod sifatida kirib, moliya vaziri bo‘ladi. Keyinchalik bu lavozimini Islom Shoahmedovga topshiradi.
Muxtoriyat hukumati ag‘darilgach, 1918 yil 20 fevral kuni Qo‘qonda bolsheviklar qo‘liga tushib qoladi va otib tashlanadi.
Mahdi Chanishev. Polkovnik Mahdi Chanishev 1918 yil fevralda Turkiston muxtoriyati hukumatida harbiy kengash raisi bo‘lgan. Bu paytda harbiy ishlar vaziri Ubaydulla Xo‘jayev Qo‘qonda bo‘lmagani uchun ham Chanishev muxtoriyat qo‘shiniga qo‘mondonlik qilgan.
Mahdi Chanishev bolsheviklar huzuriga muzokaralar o‘tkazish uchun borganda qo‘lga olinib, qamoqqa tashlanadi. U Qo‘qon fojialari paytida Skobelev garnizonidan qochishga uringanida otib tashlanadi.
Hoji Muhammad Ibrohim Hojiyev. «Kichik Ergash» nomi bilan mashhur bo‘lgan bu shaxs 1918 yil fevral oyida bolsheviklar armiyasiga qarshi munosib jang qilgan. U Qo‘qon yaqinidagi Bachqir qishlog‘ida qizil askarlar va dashnoqlarga qarshi bo‘lib o‘tgan janglardan birida o‘ldiriladi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Mavzuga oid
16:51 / 12.12.2024
Amerikalik tahlilchilar Trampga Markaziy Osiyoni e’tiborsiz qoldirmaslikni taklif qildi
18:38 / 11.12.2024
Markaziy Osiyoda odam savdosi ko‘rsatkichlari pasaymayapti – BMT
16:43 / 07.12.2024
Markaziy Osiyo aholisi soni 80 milliondan oshdi
15:18 / 26.11.2024