AQSh davlat kotibi o‘rinbosari Viktoriya Nuland iste’foga chiqmoqda
AQSh Davlat departamenti uchinchi martabali diplomat Viktoriya Nuland oy oxirida o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi.
Professional diplomat hisoblangan Nuland Obama ma’muriyati davrida davlat kotibining Yevropa masalalari bo‘yicha yordamchisi bo‘lib ishlagan, Donald Tramp 2016 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonib, 2017 yil yanvarida lavozimga kirishgach, ishdan ketgan va to‘rt yil o‘tib Bayden ma’muriyatida davlat kotibining siyosiy masalalar bo‘yicha yordamchisi lavozimiga qaytgandi.
U Vendi Sherman iste’foga chiqqanidan keyin uning o‘rniga davlat kotibi o‘rinbosari vazifasini ham bajarib turgandi — ammo yakunda Jo Bayden bu lavozimga boshqa odam topdi.
Nuland 1990-yillarda AQShning Moskvadagi elchixonasida ishlagan, keyin AQShning NATOdagi elchisi bo‘lgan, keyin esa — Barak Obamaning birinchi muddatida Davlat departamenti matbuot kotibi bo‘lib ishlagan.
Davlat departamenti matbuot kotibi bo‘lganida, keyin davlat kotibining Yevropa masalalari bo‘yicha yordamchisi sifatida ishlaganida Nuland, ayniqsa 2014 yilda Rossiya Qrimni anneksiya qilganidan keyin Ukrainani qizg‘inlik bilan qo‘llashi tufayli ko‘p marta Rossiya rahbariyatining qattiq jahlini chiqargan.
Sobiq davlat kotibi Jon Kerrining xotirlashicha, Nuland Yevropa bo‘limiga rahbarlik qilish uchun matbuot kotibi lavozimini tark etganida, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov uni «ushbu ayoldan qutulgani» bilan tabriklagan. Kerrining so‘zlariga ko‘ra, u Lavrovga undan qutulmagani, balki «lavozimini ko‘targani»ni aytib javob bergan.
Hozirgi davlat kotibi Entoni Blinken Nulandni o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomidagi faoliyati uchun maqtagan va unga olti prezident hamda 10 nafar davlat kotibi davrida AQShning butun dunyo bo‘ylab siyosatini shakllantirishdagi roli uchun minnatdorchilik bildirgan.
«Uning sa’y-harakatlari Putinning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishiga qarshi turish, uning strategik muvaffaqiyatsizlikka uchrashini ta’minlash uchun global koalitsiya tuzish va Ukrainaga demokratik, iqtisodiy va harbiy jihatdan oyoqqa turishiga yordam berishda beqiyos bo‘ldi», — deyiladi Blinkenning bayonotida.
Rossiyada Nuland «Davlat departamenti pechenelari» bilan yodda qolgan — 2013 yil Kiyevdagi Maydan voqealari vaqtida u AQShning Ukrainadagi elchisi Jyeffri Payyett bilan birga namoyishchilarning palatalar shaharchasiga tashrif buyurib, ularga elchi tomonidan keltirilgan paketlardagi buterbrodlar va bulochkalarni tarqatishgan.
Rossiya nashrlari xabarlarida bu mahsulotlar «pechene»ga o‘zgaradi, bu so‘z keyin Rossiya mediasida namoyishlarning AQSh tomonidan qo‘llanishini ifodalash uchun ishlatila boshlanadi.
Davlat departamenti bayonotida Nulandning iste’fosi sababi keltirilmagan.
Uning o‘rniga boshqa professional diplomat, Afg‘onistondagi sobiq elchi, Amerika qo‘shinlarining mamlakatdan olib chiqilishiga rahbarlik qilgan Jon Bass vaqtincha davlat kotibi o‘rinbosari lavozimini egallaydi.
Mavzuga oid
11:08 / 10.12.2024
2015 yildan beri Suriyada 540 nafardan ortiq Rossiya harbiysi halok bo‘ldi
21:19 / 09.12.2024
Ukraina rasmiylari Telegram ilovasidan foydalanishni kamaytirdi – OAV
18:06 / 09.12.2024
«Men va Putin» - Turkiya prezidenti dunyoda faqat ikki yetakchi qolganini aytdi
16:51 / 09.12.2024