Jahon | 23:30 / 06.03.2024
12925
2 daqiqa o‘qiladi

Eron «kapalak odamlar» da’vosi tufayli AQSh neftini musodara qildi

Kuvayt neftini Qo‘shma Shtatlarga olib ketayotgan tanker Eron harbiylari tomonidan qo‘lga olingan edi. 

Foto: Tasnim News Agency

Bullezli epidermoliz bilan kasallangan eronlik bemorlar Tehron xalqaro munosabatlar sudiga AQSh ustidan da’vo arizasi bilan murojaat qilishdi. Chunki Amerika sanksiyalari tufayli ular kerakli dori-darmonlar va bintlarni sotib ololmayapti. 6 mart kuni Eron sudi Advantage Sweet tankeri olib ketayotgan AQSh neftini musodara qilish to‘g‘risida qaror chiqardi. Kemaning o‘zi hibsga olindi, deb xabar berdi Tasnim agentligi. 

Bullezli epidermoliz - bu genetik kasallik bo‘lib, bemorlar terisi tashqi ta’sirlarga juda sezgir bo‘lib qoladi: hatto kichik zarbalar, ko‘karishlar va ishqalanish jiddiy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xususiyatlar tufayli bemorlar «kapalak odamlar» deb ataladi. 

Tanker 2023 yil 28 aprelida O‘mon ko‘rfazida qo‘lga olindi. Marshall orollari bayrog‘i ostidagi kema Kuvayt neftini Qo‘shma Shtatlarga olib ketayotgan edi. AQSh rasmiylari Eronning harakatlarini xalqaro huquqqa zid deb hisoblab, kemani ozod qilishni talab etdi. Eron esa tanker Fors ko‘rfazida boshqa kema bilan to‘qnashib ketganini, shu tufayli hibsga olinganini da’vo qilayotgan edi.

Mavzuga oid