Jahon | 19:48 / 06.03.2024
28548
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston dunyo ruhiy salomatligi reytingida so‘nggi o‘rinda qayd etildi 

Mamlakat aholisining 1/3 qismi ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekayotgani ta’kidlanmoqda. 

Foto: Taylor Weidman / Bloomberg / Getty Images

Ruhiy salomatlik bo‘yicha eng «baxtli» va «baxtsiz» mamlakatlarning dunyo reytingi e’lon qilindi, deb yozdi Time Out nashri. Unda O‘zbekiston eng kam ball to‘pladi va eng «baxtsiz» mamlakat deb topildi. 

Qayd qilinishicha, so‘nggi 4 yil ichida dunyo aholisi orasida ruhiy salomatlikning yomonlashishi kuzatilmoqda. Bu birinchi navbatda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘lanmoqda. U insonlarning muloqot tarziga, ish joylari tuzilishiga va sayohat qilish tarziga, shuningdek, ruhiy salomatligiga jiddiy va uzoq muddatli ta’sir ko‘rsatgan. 

Sapien Labs laboratoriyasi tomonidan o‘tkazilgan «Dunyoning ruhiy holati» (Global Mind Project) tadqiqoti (.pdf) 2020 yildan buyon insonlar qanchalik «baxtsiz» bo‘lib qolganini ochib beradi. 

Tadqiqotda 71 mamlakatdan qariyb 420 ming kishi ishtirok etgan va ular anonim onlayn so‘rovga javob bergan. Baholash 6 ta asosiy toifada shaxsiy ruhiy salomatlik koeffitsiyentini (RSK) aniqlashga qaratilgan: kayfiyat va istiqbol, ijtimoiy «Men», motivatsiya va harakat, aql va tana aloqasi, idrok, moslashuvchanlik va chidamlilik. 

Bundan tashqari, tadqiqotda odamlarning turmush tarzi, oila va do‘stlar bilan munosabatlar dinamikasi, shaxsiy ruhiy muammolar haqida ma’lumot to‘plangan. Javoblardan kelib chiqib, odamlarga ma’lum bir ball berilgan. Natijalar eng yaxshidan (gullab-yashnash) eng yomonga (distress) qadar tasniflangan. 

Hisobotga ko‘ra, Dominikana Respublikasi ruhiy salomatlik koeffitsiyenti (RSK) bo‘yicha 300 balldan 91 ball to‘plab, birinchi o‘rinni egalladi va eng «baxtiyor» mamlakat deb topildi. Keyingi o‘rinlarda Shri-Lanka, Tanzaniya, Panama, Malayziya, Nigeriya, Venesuela, Salvador, Kosta-Rika, Urugvay va boshqa mamlakatlar qayd etilgan. 

O‘zbekiston reytingda eng yomon ko‘rsatkichga ega bo‘ldi va 48 ball bilan so‘nggi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Braziliya, Tojikiston, Avstraliya, Misr, Irlandiya, Iroq va Yaman ham reytingning tubidan joy olgan. 

Tadqiqotga ko‘ra, O‘zbekistonda ruhiy salomatlik bilan bog‘liq muammolardan aziyat chekayotgan yoki uni boshidan kechirayotgan aholining ulushi 32 foizni tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika (35 foiz), Braziliya (34 foiz) va Avstraliya (33 foiz) eng yomon natija qayd etgan. 

O‘zbekistonning ruhiy farovonlik bo‘yicha ko‘rsatkichlari ham past. Jumladan, kayfiyat va dunyoqarash, ijtimoiy «Men», idrok, aql va tana aloqasi ko‘rsatkichlari bo‘yicha 71 mamlakat ichida so‘nggi o‘rinda, moslashuvchanlik va chidamlilik bo‘yicha 67-o‘rinda, harakat va motivatsiya bo‘yicha 61-o‘rinda qayd etilgan.

Mavzuga oid