Jahon | 21:50 / 06.03.2024
19648
13 daqiqa o‘qiladi

Taurus mojarosi: bundesver zobitlari beg‘amligi yoki Kreml ta’siri?

Foto: SOUTH KOREAN DEFENSE MINISTRY

Germaniya, AQSh va Britaniyada bundesverning yuqori martabali zobitlarining suhbati sizdirilishi oqibatlarini muhokama qilish davom etmoqda, zobitlar suhbat davomida Qrimdagi Kerch ko‘prigiga raketa zarbalari berish istiqbollari, ukrain harbiylarini tayyorlashning o‘ziga xosliklari va Ukraina hududida g‘arblik harbiylar bo‘lishi mavzularini muhokam qilishgan. BBC rus xizmati bu suhbat audioyozuvi sizib chiqishi qanday sabablarga ko‘ra ro‘y bergani va Rossiya nima uchun uni e’lon qilishga qaror qilganini aniqlashga harakat qildi.

O‘zi nima bo‘ldi?

1 mart tongida Rossiyadagi RT davlat telekanali bosh muharriri Margarita Simonyan unga Germaniya qurolli kuchlarining yuqori martabali zobitlarining suhbati audioyozuvini yetkazishgani haqida xabar qildi. Simonyanning so‘zlariga ko‘ra, ular go‘yoki «Qrim ko‘prigini qanday bombardimon qilish»ni va buni «Shols buning menga daxli yo‘q qabilida gapirishda davom etishi»ni ta’minlash uchun qanday amalga oshirish lozimligini gaplashishgan.

Keyinroq Simonyan nemis tilidagi muloqotning 38 daqiqalik audioyozuvini hamda uning rus tilidagi tarjimasini e’lon qildi. RT versiyasiga ko‘ra, 19 fevral kuni o‘tkazilgan suhbatda bundesver harbiy-havo kuchlari qo‘mondonligining amaliyotlar va mashg‘ulotlar bo‘limi boshlig‘i Frank Grefe, harbiy-havo kuchlari inspektori Ingo Gerharts va bundesver kosmik qo‘mondonligi havo amaliyotlari markazi xodimlari ishtirok etgan.

Agar audio to‘liq eshitib chiqilsa, harbiylar Qrim ko‘prigi bo‘ylab zarba berish rejalarini emas (uni “sharqdagi ko‘prik” deb atashgan), balki Ukrainaga Taurus raketa tizimlarini yetkazib berish va Kiyev bu raketalardan qanday foydalanishi mumkinligi kabi masalalarni muhokama qilgani ayon bo‘ladi.

Suhbatdoshlar agar Germaniya kansleri Olaf Shols shunday qaror qabul qilsa, Taurus Ukrainaga qaysi muddatda yetkazib berilishi mumkinligi, ukrain artilleriyachilari qayerda o‘qitilishi va Germaniya qurolli kuchlari vakillarining bundagi ishtiroki qanday bo‘lishi haqida gaplashishgan.

Shuningdek, muloqotda Kiyev Taurus yordamida hujum qilishi mumkin bo‘lgan qator nishonlar, jumladan o‘q-dori omborlari va «sharqdagi ko‘prik» tilga olingan:

«Biz bu masalani chuqur o‘rganib chiqdik, afsuski, ko‘prik o‘z kattaligi bilan uchish-qo‘nish polosasiga o‘xshash degan xulosaga keldik. Shu tufayli unga 10 va hatto 20 ta raketa yetarli bo‘lmasligi mumkin», — degan suhbat ishtirokchilaridan biri.

Shu bilan birga, muloqot ishtirokchilaridan biri Britaniya va AQSh Kiyevga g‘arb tomonidan yetkazib berilayotgan murakkab qurollarni boshqarish va xizmat ko‘rsatishda yordam berish uchun ma’lum miqdordagi harbiylarini Ukrainada joylashtirganini aytib o‘tgan.

Xususan, u Buyuk Britaniya Storm Shadow raketalarini joylashtirish uchun Ukraina bilan qanday hamkorlik qilishini eslatib o‘tgan.

«Gap missiyani rejalashtirish haqida ketganda, — deydi nemis komandiri, — men inglizlar buni qanday qilishini bilaman, ular buni qo‘llab-quvvatlovchi ma’lumotlarni taqdim etish orqali amalga oshirishadi. Ammo ularda joyida ishlaydigan bir necha kishi ham bor».

Vashington ham, London ham uzoq vaqtgacha mojaro hududida o‘z harbiylari doimiy mavjudligini rad etib kelishgan. O‘tgan haftaning seshanba kuni Buyuk Britaniya ilk bor Ukrainada «ma’lum miqdordagi harbiy personali» mavjudligini tasdiqladi, ammo ular qanday vazifalarni bajarishiga aniqlik kiritilmagan.

Bu audiyozuv haqiqiymi?

Yozuv e’lon qilinishining ertasiga Germaniya mudofaa vazirligi harbiylar muloqoti eshitilgani faktini tasdiqladi, ammo uning mazmuni yuzasidan izoh bermadi.

Wall Street Journal nashri orasida Germaniyaning yuqori martabali amaldorlari ham bo‘lgan manbalariga asoslanib xabar berishicha, ijtimoiy tarmoqda tarqalgan suhbat — nemis zobitlarining WebEx platformasida o‘tkazilgan onlayn yig‘ilishi yozuvidir. Bu onlayn-konferensiyalar va qo‘ng‘iroqlar o‘tkazish uchun Zoom yoki Skype kabi ilovadir.

Ekspertlar fikricha, WebEx qo‘ng‘iroqlarining shifrlash darajasi u qadar yuqori emas, shu tufayli uzatilayotgan ma’lumotlarni tutib olish qiyin emasdi. Qolaversa, foydalanuvchilar qo‘ng‘iroqning to‘liq yozuvidan yana bir necha oy davomida foydalanish imkoniga ega bo‘lishi mumkin, bu esa uni tutib olish imkoniyatini yanada oshiradi. Hakerlar suhbatni yozib olish uchun unga real vaqt rejimida qo‘shilishiga hojat bo‘lmagan — tizimga keyinroq kirish va u saqlanayotgan bulutdan yozuvlarni yuklab olishi yetarli bo‘lgan.

Germaniya qurolli kuchlari standartlariga ko‘ra, WebEx maxfiy ma’lumotlarni muhokama qilish uchun yaroqli bo‘lmagan platforma sifatida qayd etilgan. Boshqa so‘z bilan aytganda, ofitserlarga WebEx orqali qo‘ng‘iroqlashishga ruxsat berilgan, ammo biror nozik ma’lumotni muhokama qilish mumkin emasdi.

Ammo, Wall Street Journal manbalariga ko‘ra, amalda shifrlangan aloqa tizimlaridan foydalanishdagi murakkabliklar tufayli bundesverdagi ko‘plab qo‘ng‘iroqlar  aynan WebEx orqali amalga oshiriladi.

Katta ehtimol bilan, bu safar ham xuddi shu sabab bilan shunday yo‘l tutilgan. Wall Street Journal ma’lumotiga ko‘ra, suhbat ishtirokchilaridan biri Singapurda bo‘lgan va u onlayn-uchrashuvda mobil telefon orqali qatnashgan.

Bu shu kabi muhokamalar uchun faqat shifrlangan aloqa liniyalaridan foydalanishni talab etadigan bundesverning qoidalari buzilishi sanaladi. Germaniya mudofaa vazirligi tekshiruv boshlanganini ma’lum qilgan.

«Mening fikrimcha, barcha nemis kuzauvchilari ham Taurus to‘g‘risida ma’lumot sizib chiqishi naqadar jiddiyligini anglamayapti. Zarar nuqtayi nazaridan eng ko‘p jabrlangan ittifoqchi — bu Buyuk Britaniyadir», — deb hisoblaydi Belgiyadagi harbiy akademiya professori Edvard Hanter Kristi.

«Bu vaziyat suhbatda qatnashganlarga, birinchi navbatda Germaniya harbiy-havo kuchlari bo‘lim boshlig‘iga juda salbiy ta’sir qiladi. U nozik ma’lumotni himoyalanmagan kanal orqali muhokama qilgan. Bu yangi xodimlar darajasidagi xatodir», — deya qo‘shimcha qilgan ekspert tvitterdagi sahifasida.

Muloqot nega e’lon qilingan bo‘lishi mumkin?

Rossiya o‘zida bunday tutib olingan ma’lumotlar borligini ochiqlaganining o‘zi kutilmagan holat bo‘lishi mumkin. Raqibning aloqa tizimlariga muvaffaqiyatli kirishni amalga oshirganida, odatda butun dunyodagi razvedka idoralari ma’lumotlardan foydalanishda davom etish uchun bunday imkoniyatga egaligini imkon qadar uzoq vaqt davomida yashirishni afzal ko‘radi.

Ammo har bir muayyan holatda barchasini detallar hal qiladi.

Birinchidan, Taurus raketa tizimlari haqidagi suhbat qandaydir maxfiy josus tufayli emas, balki onlayn-yig‘ilishlar o‘tkaziladigan WebEx platformasining oddiy shifrlanishini chetlab o‘tgan holda qo‘lga kiritilgan. Shunday ekan, bunday ma’lumot oshkor etilishi Kremlning xorijdagi josuslari hayotiga xavf tug‘dirmaydi. Bu esa juda muhim omil.

Ikkinchidan, ba’zida tutib olingan ma’lumot e’lon qilinishidan bo‘ladigan foyda ma’lumot manbasiga yo‘l saqlab qolishdan afzalroq bo‘lishi mumkin. Masalan, shifrlash protokoli, dasturiy ta’minot majburiy yangilanishi, aniqlangan parollar o‘zgartirilishi va hokazo sabablar tufayli kirish imkoniyati baribir yopilishi ma’lum bo‘lgan holatlarda.

Kreml ta’siridagi «Komsomolskaya pravda» nashri harbiy muxbiri Aleksandr Kots eshitilgan ma’lumot e’lon qilingani yuzasidan shunday munosabat bildirgan:

«Plenka paydo bo‘lishi faktining o‘zi Berlin Ukrainaga uzoq masofaga harakatlanuvchi Taurus raketalarini yetkazib berish bo‘yicha kelishib olishga juda yaqinligidan dalolat beradi. O‘rta bo‘g‘in darajasida emas, balki oliy siyosiy rahbariyat darajasida. Rossiya razvedkasi so‘nggi lahzalarda nemislar barmog‘iga po‘pisa qilib qo‘ydi».

Berlinda ham, Londonda ham rossiyaliklarning xabari «Kremlning beqarorlashtirish bo‘yicha axboriy kampaniyasi» deb ataldi. Suhbat eshitilishi Germaniya ichkarisida ham, Berlin va uning ittifoqchilari o‘rtasida ham turli munozaralarni keltirib chiqardi.

Buyuk Britaniya mudofaa vazirining sobiq o‘rinbosari Tobias Elvud BBC uchun intervyusida ma’lumotlar sizib chiqishini «Berlin uchun sharmandalik» deb atagan.

«Biz Germaniya va Buyuk Britaniya, shuningdek NATO o‘rtasidagi diplomatik doiralarda bu vaziyat kelib chiqishi sabablari yuzasidan jiddiy suhbatlar o‘tkazishimiz kerak», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Germaniya mudofaa vaziri: ma’lumot bir kishining xatosi tufayli sizib chiqqan

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius axborot sizib chiqishi telekonferensiya ishtirokchilaridan biri unda himoyalanmagan liniya bo‘yicha qatnashgani tufayli sodir bo‘lgani, bu Rossiya maxsus xizmatlariga muloqotni eshitish imkonini berganini ma’lum qildi.

Pistorius zobitlar Webex platformasining nisbatan yaxshi himoyalangan va nemis armiyasi serverlariga o‘rnatilgan platformasi yordamida gaplashganini bildirgan.

U seshanba kungi matbuot anjumani chog‘ida ishtirokchilardan biri «ruxsat berilmagan kanal» orqali bog‘langani va axborot sizib chiqishiga aynan shu sabab bo‘lganini ta’kidlagan.

Vazir intizomiy tekshiruv olib borilayotganini tasdiqlatgan, ammo aybdorlarni qattiq jazolash niyatida emasligini bildirgan.

«Ayni vaqtda shaxsiy oqibatlar kun tartibida emas. Men o‘zimning eng yaxshi zobitlarimni Putinning o‘yinlari uchun qurbon qilmayman», — degan u.

Ma’lum bo‘lishicha, onlayn muloqotga himoyalanmagan liniya orqali kirgan zobit fevral oyi oxirida harbiy aviashou o‘tkazilgan Singapurda bo‘lib turibdi.

Avvalroq Germaniya mudofaa vaziri ma’lumot sizib chiqishi nemis jamiyatida bo‘linishga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.

«Gap bizning birdamligimizni buzish haqida ketmoqda. Shunga ko‘ra, biz bunga o‘ta ehtiyotkorlik bilan, lekin bundan kam bo‘lmagan qat’iylik bilan javob berishimiz kerak», — deya qayd etgandi Pistorius. U «Putinning o‘ljasiga aylanmaslik» muhimligini ta’kidlab, Kreml nemislarni parchalay olmasligiga ishonch bildirgan.

Pistorius ittifoqchilarning Germaniyaga ishonchiga putur yetgani haqidagi xabarlarni rad etgandi.

«Barcha bunday tutib olishlar xavfi haqida biladi va mutlaqo xavfsizlik hech qayerda bo‘lmasligini yaxshi tushunadi», — degan u.

Hozirda Ukrainaga Taurus raketalarini yetkazib berish imkoniyati haqidagi munozaralar qanday kechmoqda? Bu qanotli raketalar Kiyevga oldinroq yetkazib berilgan Storm Shadow va Scalp raketalariga o‘xshab ketadi, ammo - ulardan farqli o‘laroq ikki barobar ko‘proq masofadagi nishonga zarba berishi mumkin. Taurus ayniqsa muhim strategik nishonlarni - katta ko‘priklar, aerodromlar, raqib armiyasining asosiy qo‘mondonlik punktlari joylashtiriladigan bunkerlar, qurol omborlari va ishlab chiqarish korxonalarini yo‘q qilishda samarali hisoblanadi.

Germaniya kansleri Olaf Shols bir necha marta Ukrainaga Taurus raketalari berilishiga qarshiligini ma’lum qilgan. U Taurus raketalaridan foydalanishni nazorat qilish uchun Ukrainaga nemis harbiylarini yuborish talab etilishi, ammo bu uning uchun yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan qadam ekanini aytadi.

Shols ko‘p mart Germaniya Rossiya bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri mojaroga tortilishidan xavfsirashini bildirgan.

Mavzuga oid