Dam olish kunlari beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda
O‘zbekiston bo‘yicha 7-11 mart kunlariga ob-havo prognozi berildi.
Bugun va ertaga O‘zbekiston hududi bo‘yicha ish haftasining boshida boshlangan havo harorat asta-sekin ko‘tarilishi davom etadi.
Havo harorati kechalari +5...+10 daraja, kunduz kunlari 7 martda +13...+16 daraja, 8 martda +17...+20 daraja atrofida bo‘ladi.
“O‘zgidromet” xabariga ko‘ra, bugun kunduzi respublika bo‘yicha yog‘ingarchilik kutilmaydi. Ertaga hududning katta qismida yog‘ingarchiliksiz ob-havo saqlanib turadi, faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasida va kunning ikkinchi yarmida Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlarida ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
9-11 mart kunlari O‘zbekiston bo‘yicha beqaror ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Respublika hududi bo‘yicha vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi, tog‘larda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘ladi. Harorat foni ancha yuqori bo‘lishi saqlanib turadi, kechalari +5...+10 daraja, kunduz kunlari +13...+18 daraja bo‘ladi.
Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 7-12 m/s tezlikda esadi, 8-9 martda ba’zi joylarda 15-18 m/s gacha kuchayadi, 9 martda ba’zida 22-24 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Poytaxtda 7-8 mart kunlari yog‘ingarchilik kutilmaydi, 9-11 martda vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘adi. Sharqiy shamol yo‘nalishini o‘zgartirib, g‘arbdan 3-8 m/s tezlikda esadi, 9 martda 12-15 m/s gacha kuchayadi. Harorat kechalari +5...+10 daraja, kunduz kunlari +13...+18 daraja bo‘ladi.