Jahon | 10:32 / 07.03.2024
5531
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Rossiyaga safar qilmaslik tavsiyalarini kuchaytirdi

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaga safar qilish bo‘yicha tavsiyalarini yangiladi va buni «qat’iy» tavsiya qilmasligini ta’kidladi.

Foto: REUTERS

Germaniya Tashqi ishlar vazirligi Rossiya uchun sayohat bo‘yicha tavsiyalarni kuchaytirdi va endi Rossiya Federatsiyasiga sayohat qilishni «qat’iy» tavsiya etmaydi. O‘zgartirish «vaziyatning davom etayotgan yomonlashuvi» va «o‘zboshimchalik bilan hibsga olishlar sonining ko‘payishi tufayli» amalga oshirildi», deyiladi 6 mart, chorshanba kungi xabarda. 

Germaniya Tashqi ishlar vazirligining yangilangan tavsiyalarida Germaniya fuqarolari uchun ham, ikki fuqaroligi bo‘lgan shaxslar uchun ham o‘zboshimchalik bilan hibsga olish xavfi borligi ta’kidlangan. «Germaniya va Rossiyaning ikki fuqarolikka ega fuqarolari hisobga olishlari kerakki, Rossiya hukumati ularni faqat Rossiya fuqarolari deb biladi. Bu Rossiya qurolli kuchlariga ehtimoliy chaqiruv holatlariga ham taalluqlidir. Elchixona ularni konsullik himoyasi bilan ta’minlay olmaydi», - deya Tashqi ishlar vazirligi o‘z saytida ma’lum qildi. 

Bundan tashqari, Rossiyada ehtimoliy mitinglar va harakatlar «xavfsizlik kuchlarining zo‘ravonligi» bilan birga keladi, deya eslatadi Germaniya TIV. Germaniyadan sayyohlar uchun tahdidlar orasida TIV shuningdek, giyohvand moddalarni saqlash va olib kirish, hatto kichik miqdorda bo‘lsa ham, uzoq qamoq jazosiga olib kelishi mumkinligini eslatib o‘tdi. «Tarkibida nasha bo‘lgan qonuniy mahsulotlar, masalan, saqich, dori-darmon yoki kosmetika vositalari ham giyohvand moddalar hisoblanadi», deyiladi yangilangan eslatmada. 

Germaniya fuqarosi kannabisli marmelad uchun hibsga olindi 

13 fevral kuni Sankt-Peterburg aeroportida nemis qo‘lga olindi, uning bojxona sumkasidan kannabisli marmeladlar topilgan. U ularni Germaniyada qonuniy ravishda sotib olganini va parvoz paytida tinch uyqu uchun foydalanganini da’vo qildi. 

Rossiya bojxonachisi marmeladdan olib kirish taqiqlangan tetragidrokannabinol moddasi topilganini aytdi. Mazkur shaxsga nisbatan giyohvand moddalar kontrabandasi moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. U uch yildan yetti yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin.

Bu Rossiyada birinchi bunday holat emas. 2022 yil fevral oyida mashhur amerikalik basketbolchi Brittni Grayner Moskvaning Sheremetevo aeroportida qo‘lga olingan edi. Federal bojxona xizmati uning yukidan gashish moyi bo‘lgan elektron sigaretalar topilganini ma’lum qildi. Keyinchalik sud Graynerni giyohvand moddalar kontrabandasi va saqlashda aybdor deb topdi. U to‘qqiz yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qilindi va 1 million rubl miqdorida jarimaga tortildi. 2022 yil dekabr oyida basketbolchi Vashington qurol savdosida ayblagan AQSh qamoqxonasidagi rossiyalik Viktor But evaziga qamoqdan ozod qilindi. 

Mavzuga oid