Jahon | 12:39 / 12.03.2024
4588
3 daqiqa o‘qiladi

Yevropa iqlim o‘zgarishining falokatli oqibatlariga duch kelishi mumkin

Yevropa boshqa qit’alarga qaraganda ikki baravar tez qizib bormoqda, deyiladi EEA hisobotida. Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, oqibatlari falokatli bo‘lishi mumkin, deya ogohlantirmoqda olimlar.

Foto: Cesare Barillà /EEA

So‘nggi yillarda yuz bergan haddan tashqari issiqlik, qurg‘oqchilik, o‘rmon yong‘inlari va suv toshqinlari global isishning optimistik ssenariylarida ham Yevropada yomonlashadi va butun qit’aning turmush sharoitlariga ta’sir qiladi. Bu haqda Yevropa atrof-muhit agentligi (EEA) 11 mart, dushanba kuni e’lon qilgan yangi hisobotda aytiladi.

Agar shoshilinch choralar ko‘rilmasa, oqibatlar «falokatli» bo‘lishi mumkin, deb ogohlantirdi iqlim o‘zgarishi xavflari bilan bog‘liq birinchi umumevropa tahlili mualliflari. Hammasi bo‘lib, ular 36 ta tahdidni sanab o‘tdi, 21 tasi zudlik bilan chora ko‘rishni talab qiladi va sakkiztasi «ayniqsa shoshilinch» deb belgilangan. 

Yevropa boshqa qit’alarga qaraganda tezroq isimoqda 

Hisobot mualliflari ta’kidlaganidek, Yevropada harorat 1980-yillardan beri o‘rtacha global ko‘rsatkichdan ikki barobar tez ko‘tarilgan. Yevropa davlatlarining bunga qarshi ko‘rayotgan choralari yetarli bo‘lmadi, biroq isishni sekinlashtirish mumkin bo‘lsa ham, global harorat sanoatdan oldingi davrdagidan 1 darajadan yuqoriroqdir, deyiladi hujjatda.

«Yevropa va milliy siyosiy liderlar tashlamalarni keskin qisqartirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish strategiyalari hamda choralarini ishlab chiqish orqali iqlim xavflarini kamaytirish uchun hozir harakat qilishi kerak», dedi EEA ijrochi direktori Leena Yulya-Mononen. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, 2022 yil yozida Yevropada jazirama tufayli 60-70 minggacha erta o‘lim holatlari qayd etilgan. 

EEA: Hisobot «yakuniy ogohlantirish» bo‘lishi kerak

Shoshilinch choralar ko‘rilmasa, hisobotda aniqlangan 36 ta iqlim xavfining aksariyati joriy asrda «tanqidiy yoki falokatli darajaga» yetishi mumkin, deyiladi EEA ma’lumotida. 

Agentlik ogohlantirishicha, eng yomon ssenariyda yuz minglab odamlar jazirama to‘lqinlaridan nobud bo‘lishi, qirg‘oq bo‘ylab suv toshqini tufayli iqtisodiy yo‘qotishlar yiliga 1 trillion yevrodan oshishi mumkin, deya ogohlantirmoqda agentlik. 

«Bu jiddiy ogohlantirish bo‘lishi kerak. Yakuniy ogohlantirish», - dedi tashkilot ijrochi direktori. 

Yevropa komissiyasi EEA hisobotiga javobini 12 mart kuni e’lon qiladi. 

Mavzuga oid