O‘zbekiston | 08:51 / 14.03.2024
13379
2 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways samolyoti qanotidagi bo‘yoq ko‘chib ketganiga izoh berdi

Uzbekistan Airways xabar berishicha, Boeing 787 Dreamliner samolyoti kompozit qismlarida bo‘yoqning ko‘chib ketishi muammosi bir necha yillardan buyon kuzatilmoqda. Boeing tavsiyasiga ko‘ra, ekspluatantlar samolyot qayta bo‘yalguniga qadar vaqtincha maxsus yopishqoq lentadan foydalanmoqda.

Foto: Telegram / altmanews

Ijtimoiy tarmoqlarda Uzbekistan Airways kompaniyasiga tegishli Boeing 787 Dreamliner qanotida bo‘yoqlar ko‘chib ketgani aks etgan video tarqaldi. Kompaniya ushbu holat yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, Boeing kompaniyasining B787 havo kemalari kompozit qismlaridagi bo‘yoqlarning ko‘chishi birinchi marta sodir bo‘lmayapti. Ushbu muammo Boeing 787 Dreamliner, yangi avlod havo kemasi, aviatsiya uchun nisbatan yangi materiallardan - taxminan 80 foiz kompozitlardan yaratilganligi bilan bog‘liq. 

Ultrabinafsha nurlanishni, shuningdek parvoz paytida havo kemasining egiluvchanligini hisobga olgan holda, qo‘llaniladigan bo‘yoq qatlamlari bardosh bera olmaydi va katta bo‘laklar bilan ko‘chib ketadi. Ishlab chiqaruvchi kompaniyaning tahliliga ko‘ra, bunday bo‘yoq ko‘chishi kosmetik nuqson bo‘lib, parvozning yaroqliligi va havo kemasi parvozlarining xavfsizligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi.

Barcha aviatashuvchilar ultrabinafsha nurlar ta’sirida ushbu turdagi havo kemalaridagi bo‘yoq qoplamasini ko‘chishi haqida muntazam ravishda xabar beradi. Boeing kompaniyasi kompozit yuzalarida bo‘yoq qoplamasi muammolariga duch kelayotgan yagona aviatsiya ishlab chiqaruvchi emas.

Muzokaralar natijasiga ko‘ra, ishlab chiqaruvchi kompaniya havo kemalari sirtini bo‘yash va ularni ishlab chiqaruvchi bazasiga parvoz qilish bo‘yicha barcha xarajatlarni o‘z zimmasiga olishga tayyor. 

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, Uzbekistan Airways yaqin kelajakda Boeing 787 Dreamliner rusumidagi uchta havo kemasini bosqichma-bosqich qayta bo‘yashni rejalashtirgan. Ushbu muammo Uzbekistan Airways aviakompaniyasining Boeing 787 Dreamliner havo kemalarida parvozlar xavfsizligi va qulayligiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaydi, deyiladi ma’lumotda.

Mavzuga oid