O‘zbekiston | 19:11 / 15.03.2024
4946
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston bosh vaziri O‘ljas Bektenov bilan uchrashdi

Uchrashuvda O‘zbekiston prezidenti ko‘p qirrali O‘zbekiston-Qozog‘iston hamkorligini tubdan kengaytirish zarurligini ta’kidladi. 

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Toshkentda Qozog‘iston bosh vaziri O‘ljas Bektenov boshchiligidagi hukumat delegatsiyasini qabul qildi. 

Qayd qilinishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi ko‘p qirrali sheriklikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi. Xususan, bo‘lajak oliy darajadagi qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik doirasida hamkorlikning yangi kun tartibini shakllantirishga alohida e’tibor qaratildi. 

O‘zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish jarayonida, shu jumladan vakolatli vazirlar boshchiligidagi ishchi guruh doirasida to‘siqlarni bartaraf etish va o‘zaro kelishilgan choralarni ko‘rish zarurligi qayd etildi. 

Mamlakatlar strategik sherikligida muhim yo‘nalishlar bo‘lgan sanoat, transport va logistikada kooperatsiyani kengaytirish masalalari muhokama qilindi. 

Ustuvor tarmoqlardagi investitsiya dasturlarining yangi portfelini hamda transport va energetika sohasidagi mintaqaviy ahamiyatga ega infratuzilmaviy loyihalarni faol ilgari surish maqsadga muvofiq ekani ta’kidlandi. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni tubdan kengaytirish maqsadida hukumatlar darajasida yaqin va tizimli aloqalarni davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Mavzuga oid