Jahon | 14:54 / 19.03.2024
4711
4 daqiqa o‘qiladi

BMT: G‘azo sektorida oziq-ovqat falokati kuzatilmoqda

Agar jabrlangan hududlarga oziq-ovqat yuborilmasa, may oyigacha G‘azo sektori shimolida ocharchilik yuzaga keladi, deya ma’lum qildi BMT. Bir milliondan ortiq odam allaqachon falokatli vaziyatda, deydi ekspertlar.

Foto: Reuters

Oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat G‘azo sektorining har ikkinchi aholisi yoki 1,1 million kishi uchun «falokatli». BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) 18 mart, dushanba kuni ushbu bahoni taqdim etdi. Agar biror chora ko‘rilmasa, may oyigacha G‘azo sektorining shimolida ocharchilik bo‘lishi muqarrar, deya ma’lum qildi jahon tashkiloti.

G‘azo sektori aholisi oziq-ovqat zaxiralarini tugatdi, deya ta’kidladi FAO. Mintaqada to‘yib ovqatlanmaslik va o‘lim «keskin oshadi», deya xavotirlanyapti ekspertlar. Ularga ko‘ra, gumanitar tashkilotlarga zarar ko‘rgan hududlarga to‘siqsiz kirish imkoni berilsa, ocharchilikning oldini olish mumkin.

2023 yil dekabrida FAO G‘azo sektorining shimolida keyingi olti oy ichida ocharchilik xavfini «ehtimoliy» deb hisoblagandi, biroq bu ijtimoiy ofat muqarrar ekanligini bildirmagan. Tashkilotning bahosi oziq-ovqat xavfsizligi integratsiyalashgan bosqich tasnifiga (IPC) asoslanadi.

YeI diplomatiyasi rahbari: G‘azo qabristonga aylandi 

Ayni paytda, Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrel G‘azo sektoridagi gumanitar vaziyatdan xavotir bildirdi. HAMAS harakatining hujumiga javoban Isroil harbiy operatsiyasidan oldin, bu mintaqa «eng katta ochiq qamoqxona edi, hozir esa eng katta ochiq qabriston», dedi YeI diplomatiyasi rahbari. Borrel Isroilni ochlikdan qurol sifatida foydalanganlikda aybladi va Benyamin Netanyahu hukumati insonparvarlik yordamlarining qirg‘oq sektoriga yetib borishiga ruxsat bermayotganiga diqqat qaratdi. 

Isroil tashqi ishlar vaziri Israel Kats Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbarining tanqidini rad etdi. Kats Borrelni «Isroilga hujum qilishni to‘xtatishga va HAMAS jinoyatlaridan o‘zimizni himoya qilish huquqini tan olishga» chaqirdi. «Isroil G‘azo sektoriga quruqlik, havo va dengiz orqali yordam berishni istagan har bir kishiga keng ko‘lamli gumanitar yordam ko‘rsatishga ruxsat beradi», deb ta’kidladi tashqi ishlar vaziri.

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 31 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid