Sport | 23:42 / 19.03.2024
20691
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya va Belarus sportchilari Parij-2024 ochilish marosimida qatnashmaydi

Ular musobaqalarda «neytral maqomda», alohida tasdiqlangan bayroq ostida ishtirok etadi.

Foto: Getty Images

Rossiya va Belarus sportchilari Parijdagi yozgi Olimpiada o‘yinlarida «neytral maqomda» ishtirok etadi, ular ochilish marosimida qatnashmaydi. Bu haqda Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga (XOQ) tayanib Interfax xabar berdi.

Qayd qilinishicha, rossiyalik va belaruslik sportchilar qo‘lga kiritgan medallar Olimpiya o‘yinlarining umumiy jadvaliga ko‘rinmaydi, ularni taqdirlash marosimida madhiya emas, boshqa musiqa chalinadi.

«Neytral sportchilar»ning yopilish marosimida ishtirok etishi haqidagi qaror keyinroq qabul qilinadi.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yilgi Olimpiya o‘yinlarida ko‘pi bilan 55 nafar rossiyalik ishtirok eta oladi. Hozirgacha 12 nafar sportchi saralangan.

Rossiya va Belarusning neytral sportchilari uchun alohida bayroq va madhiya ham tasdiqlandi. XOQ rossiyalik va belaruslik sportchilarni 2024 yilgi Olimpiada o‘yinlariga kiritish qoidalariga Rossiya tomonidan Ukrainada boshlagan urushni qoralovchi bandni kiritmagan.

Yozgi Olimpiada o‘yinlari Parij shahrida 2024 yil 26 iyuldan 11 avgustga qadar o‘tkaziladi.

Mavzuga oid