Yoshga bog‘liq baxtiyorlik, BYD'ning murojaati va kamaygan tug‘ilishlar - hafta dayjesti
O‘zbekiston global baxt indeksida o‘z o‘rnini yaxshiladi. Fuqarolarning dronlardan foydalanishi bo‘yicha yangi qonun qabul qilindi. Nikohlar kamayib, ajrimlar ko‘payishi fonida tug‘ilishlar ham kamaymoqda. BYD elektromobillari importi cheklanishi mumkin. O‘tgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.
O‘zbekiston – eng baxtli 50 davlat qatorida
20 mart – Xalqaro baxtiyorlik kunida BMT o‘zining an’anaviy baxt reytingini e’lon qildi. Bu safargi reyting 2021–2023 yillarni o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston aholisi eng baxtli 50 ta davlat qatoriga qo‘shilgan. Mamlakatimiz oxirgi 3 yil davomida baxtiyorlik indeksida o‘z o‘rnini 7 pog‘onaga yaxshilab, 143 ta davlat orasida 47-o‘rinni egallagan.
Bu reytingni BMT jamoatchilik fikrini o‘rganuvchi tashkilotlar bilan hamkorlikda tuzadi. Oxirgi 3 yilda o‘tkazilgan so‘rovlarda o‘zbekistonliklar o‘zining baxt darajasini Kantril shkalasi bo‘yicha 10 balldan o‘rtacha 6,2 ballga baholagan. Bu – MDH davlatlari orasidagi eng yuqori natija.
Tadqiqotchilar bu safargi hisobotda ilk marta baxtiyorlik darajasini yoshga qarab tahlil qilishgan. Aniqlanishicha, butun dunyoda yoshlar eng baxtli qatlam sanaladi va odamlarning yoshi ulg‘aygan sari o‘rtacha baxt darajasi asta-sekin pasayib boradi. O‘zbekistonda esa buning teskarisi, odam yoshi o‘tgani sayin o‘zini baxtliroq deb his qilishi ortadi. Shunga ko‘ra, mamlakatimizda o‘zini eng baxtli deb hisoblaydigan yosh qatlami bu – 60 yoshdan oshganlar bo‘lsa, 30 yoshgacha bo‘lganlar o‘zini ancha kamroq baxtli deb hisoblaydi.
BYD avtomobillari importi cheklanishi mumkin
Haftaning eng ko‘p muhokama qilingan mavzularidan biri yana avtosanoatga talluqli bo‘ldi. Dushanba kuni imzolangan prezident qarori bilan, O‘zbekiston hukumati va BYD kompaniyasi o‘rtasida imzolangan investitsiya shartnomasi tasdiqlandi. Shartnomaga asosan, Jizzaxda elektromobil va gibrid avtomobillarni SKD usulida yig‘ish yo‘lga qo‘yilmoqda.
Xitoy kompaniyasi bilan bunday kelishuvga erishilgani haqida 2022 yil oxirida e’lon qilingan edi. Loyihani amalga oshirish uchun “BYD Uzbekistan Factory” nomli qo‘shma korxona tashkil etilgan bo‘lib, uning 60 foiz ulushi “O‘zavtosanoat”ga, 40 foizi BYD'ga tegishli. Qo‘shma korxona 2024 yil oxirigacha zavod quvvatini yiliga 50 mingta avtomobil yig‘ish darajasiga yetkazishi ko‘zda tutilgan. Keyinchalik ishlab chiqarish quvvati yiliga 500 ming donagacha oshirilishi mumkin.
18 mart kungi qarorda yozilishicha, investor, ya’ni BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilib, BYD avtomobillari O‘zbekistonga “tartibsiz” ravishda import qilinayotgani, olib kirilayotgan modellar mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos emasligi, rasmiy kafolati ham yo‘qligini ta’kidlagan va shu sabablarga ko‘ra BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini cheklashni so‘ragan. Shu murojaatga asosan O‘zbekiston rasmiylari 2024 yil 1 iyulgacha BYD'ning bu talabini qondirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadigan bo‘ldi. Belgilanishicha, bu takliflar Jahon savdo tashkiloti tamoyillariga zid bo‘lmasligi kerak.
Bu yangilikdan keyin, o‘nlab yillardan beri avtosanoatdagi monopoliyadan aziyat chekib kelayotgan o‘zbekistonlik iste’molchilarda endi elektromobil bozori ham monopoliyaga aylanishi haqidagi xavotirlar kuchaydi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillarni O‘zbekistonga faqat va faqat rasmiy dilerlar olib kirishiga oid tartibni qayta tiklash masalasi ko‘rib chiqilayotgani ma’lum bo‘lgandi.
Dronlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun javobgarlik yengillashtirildi
O‘zbekistonda uchuvchisiz uchish apparatlariga doir huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda belgilangan jazolar haddan tashqari qattiq ekani rasman tan olindi va jazolar yumshatildi. 15 mart kuni imzolangan qonunga ko‘ra, dronlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni sodir etgan shaxslar avval ma’muriy, keyin jinoiy javobgarlikka tortiladigan bo‘ldi. Bungacha barcha holatlarda fuqarolar to‘g‘ridan to‘g‘ri jinoiy javobgarlikka tortib kelinayotgan edi.
17 iyundan kuchga kiradigan qonunga ko‘ra, uchuvchisiz uchadigan apparatlarni, ularning butlovchi va ehtiyot qismlarini qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish – ushbu obektning musodara qilinishiga va BHMning 10 barobaridan 20 barobarigacha ma’muriy jarimaga sabab bo‘ladi. Agar shaxs apparatni o‘z ixtiyori bilan topshirsa, ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinadi. Agar ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin yana shu ishni takrorlasa, jinoiy javobgarlikka tortiladi va 3 yilgacha qamalishi mumkin.
Sud-tergov amaliyoti tahlil qilinganida, amaldagi javobgarlik choralari bunday qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasiga nomutanosib ekani ma’lum bo‘lgan. Bu, o‘z navbatida, fuqarolarning, shu jumladan turistlarning asosli e’tirozlari ko‘payishiga sabab bo‘lgan, deyiladi qonunning kirish qismida.
Eslatib o‘tamiz, ko‘plab davlatlarda oddiy moslama deb ko‘riladigan dronlarga nisbatan O‘zbekistonda juda qattiq cheklovlar borligi bir necha yildan buyon jamoatchilik tomonidan tanqid qilib kelinadi. Bir qator holatlarda taqiq va jazodan bexabar turistlar jinoiy javobgarlikka tortilgan va bu ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Kogonda maktab bolalarini olib ketayotgan avtobus YTHga uchradi
Dushanba kuni Buxoro viloyatining Kogon tumanida yilning eng mudhish yo‘l-transport hodisalaridan biri ro‘y berdi. Ertalab soat 10:30 lar atrofida maktab o‘quvchilarini olib ketayotgan avtobus chorrahada yuk mashinasiga borib urildi. Natijada bolalardan biri voqea joyida, yana biri keyinroq kasalxonada halok bo‘ldi. Qolgan 25 nafar yo‘lovchiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
To‘qnashuv natijasida avtobus ham, beton qoruvchi mashina ham ag‘darilib ketgan. Voqea videosidan ko‘rinishicha, hodisa ro‘y bergan paytda chorrahada svetofor ishlamagan bo‘lishi mumkin. Yuk mashinasi asosiy yo‘lda bo‘lgan, avtobus esa ikkinchi darajali yo‘ldan chorrahaga kirib kelib, to‘qnashuv sodir etgan.
Videoda, shuningdek, bolalarni tashiyotgan avtobus patrul avtomashinasi hamrohligisiz harakatlanganini ko‘rish mumkin. Buxoro viloyati prokuraturasi bolalarni avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan mas’ullarga nisbatan “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash” moddasi bilan jinoyat ishi ochdi.
Ichki ishlar organi esa yo‘l-transport hodisasi fakti yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Ichki ishlar vazirligi avtobus rulida bo‘lgan 33 yoshli haydovchi vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etib, u Buxoro shahar tibbiyot birlashmasida davolanayotganini ma’lum qildi.
O‘zbekistonda tug‘ilishlar soni kamaydi
Nikohlar soni kamayishi va ajrimlar soni oshishi tendensiyalari yoniga yana bir salbiy trend qo‘shilgan bo‘lishi mumkin: ma’lum bo‘lishicha, mamlakatimizda 2018 yildan beri ilk marta tug‘ilishlar soni kamaygan. Statistika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilning yanvar–fevral oylarida 137,5 mingga yaqin tirik tug‘ilish holati qayd etilgan bo‘lib, bu – o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 3600 ta yoki 2,6 foizga kam.
Iqtisodchilar tug‘ilishlar sonining kamayishi agar davom etadigan bo‘lsa, bu xavotirli ekanini aytadi. Jamoatchilik faoli Otabek Bakirovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistondagi hokimiyat almashinuvidan keyin tug‘ilishning keskin ortishi daromadlarning o‘sishi bilan yuqori darajada bog‘liq bo‘lib kelayotgandi. 2023 yilda esa, avvalroq xabar berganimizdek, aholi jon boshiga real daromadlarning o‘sishi pandemiya yilini hisobga olmaganda oxirgi 7 yildagi eng past daraja – 2,4 foizgacha sekinlashgan edi.
20 mart kuni The Lancet jurnalida e’lon qilingan ilmiy maqolada aytilishicha, keyingi o‘n yilliklarda dunyoning aksariyat qismida tug‘ilishlar soni sezilarli darajada kamayadi. 2050 yilga borib dunyo davlatlarining har to‘rttadan uchtasida aholisi sonining hozirgidan kamroq bo‘ladi. Bu esa ishchi kuchi yetishmovchiligi va keksa aholiga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha muammolarni chuqurlashtiradi.
Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?
O‘zbekiston bo‘ylab Navro‘z tantanalari bo‘lib o‘tdi. Eng yirik bayram tadbiriga Toshkentdagi “Humo” arenasi mezbonlik qildi. Bayramdan oldingi kunlarda prezident Shavkat Mirziyoyev “Muruvvat” uyidagi bolalar xolidan xabar oldi; Sergelida barpo etilayotgan Yoshlar bog‘iga ilk ko‘chatlarni ekish jarayonida qatnashdi. 75 gektarlik maydonni egallagan Yoshlar bog‘i Yangi O‘zbekiston bog‘idan keyin Toshkentdagi ikkinchi eng katta bog‘ga aylanishi kutilyapti.
Poytaxtimiz havosi sifatini monitoring qiluvchi “Air Tashkent” portali ishga tushdi. Unda shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamentiga tegishli 10 ta stansiyada qayd etilgan PM2,5, PM10 va PM1 zarralari darajasi, namlik, atmosfera bosimi, issiqlik markazlarining joylashuvi, yong‘in ro‘y bergan hududlar kabi ma’lumotlarni olish mumkin. Shveytsariyaning IQAir kompaniyasi shu hafta e’lon qilgan 2023 yil yakunlari bo‘yicha hisobotga ko‘ra, Toshkent havosi eng iflos poytaxt-shaharlar ro‘yxatida 22-o‘rinni egallagan.
Tadbirkor Salim Abduvaliyevga nisbatan sud hukmi o‘qildi. O‘tgan yili dekabrda qo‘lga olingan Abduvaliyev 74 yoshli Salim Abduvaliyev Mirobod tuman sudi tomonidan qonunga xilof ravishda qurol saqlashda aybdor deb topilib, 6 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, Toshkentda jinoyatchilikka qarshi kurashish doirasida qo‘lga olinganlarning yana bir nechtasi bo‘yicha ish sudga chiqarilgan.
“Defektolog” Dilorom Jabborova ustidan tergov harakatlari olib borilmoqda. U duduqlangan bolani so‘kinish va qo‘rqitish usulida “davolash”ga uringani aks etgan video sabab internetda mashhur bo‘lib ketgandi. Bolalar ombudsmanining xabar berishicha, defektolog va logopedlardan iborat ishchi guruh Jabborovaning uslubini “bolaga zo‘ravonlik” va “ibtidoiy yondashuv” deb topgan. Holat bo‘yicha Yunusobod tuman IIB firibgarlik moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Onlayn auksionda oltin raqamlardan biri 1 mlrd 70 mln so‘mga sotildi. Noma’lum jismoniy shaxs buncha pulni +998200000000 mobil raqami uchun to‘lashga tayyorligini bildirgan. Bunga qo‘shimcha 32 mln so‘mlik komissiya yig‘imi ham borligi inobatga olinsa, raqam uchun xarajat 1,1 mlrd so‘mga yetadi. Qoidaga ko‘ra, xaridor 5 kun ichida to‘lov qilishi kerak. Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda qimmatbaho mobil raqamlar 2019 yildan buyon auksion orqali sotib kelinadi.
Mavzuga oid
22:57 / 21.12.2024
Farg‘onadagi portlash, Jizzaxga yangi hokim va kadastrdan tadbirkorlarga “qora xat” - hafta dayjesti
20:10 / 14.12.2024
Energetiklarning ob-havo bahonasi, elektr toki defitsitining tugashi va MBda yangi rais - hafta dayjesti
21:00 / 07.12.2024
Parlamentdagi sukunat, BAAdagi hibslar va Turkmaniston bilan kelishuv - hafta dayjesti
23:15 / 30.11.2024