O‘zbekiston | 18:33 / 25.03.2024
10812
3 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Namangandagi elektr dvigatel va suv nasoslari zavodiga bordi

Namangan tumanidagi zavodda Xitoydan keltirilgan texnologiyalar asosida yiliga 10 ming dona elektr dvigatel, 2 ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Yil oxirigacha loyihaning ikkinchi va yakuniy uchinchi bosqichlari ishga tushadi. Chustda quriladigan mis zavodi, To‘raqo‘rg‘onda tashkil etiladigan sintetik mato fabrikasi va boshqa investitsiya loyihalari prezidentga taqdimot qilindi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatiga tashrifi davomida Namangan tumanidagi “Nam Motor Servis” korxonasi faoliyati bilan ham tanishdi.

To‘rt gektardan ortiq hududda joylashgan bu investitsion loyihaning dastlabki bosqichi 2021 yilda ishga tushirilgan. Xitoydan keltirilgan texnologiyalar asosida yiliga 10 ming dona elektr dvigatel, 2 ming dona suv nasosi ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Yuz kishi ish bilan ta’minlangan.

Elektr dvigatellar ishlab chiqarish 60, suv nasoslari 100 foiz mahalliylashtirilgan. Korxona mahsulotlari energiya tejamkorlik klassining “IE2” darajasida bo‘lib, xalqaro standartlarga javob beradi. Mahsulotlar O‘zbekistondagi kon-metallurgiya kombinatlariga, suv xo‘jaligiga va Markaziy Osiyo davlatlariga yetkazib berilmoqda.

Loyihaning ikkinchi bosqichi may oyida, yakuniy bosqich esa yil oxirigacha ishga tushadi. Natijada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turi ortib, hamkorlik geografiyasi kengayadi. Yana 160 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Xususan, bu yerda 2,2 ming tonna emallangan sim, 6 ming dona elektr dvigatel, 4 ming dona katta hajmdagi suv nasosi ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi. Bu qo‘shimcha 500 milliard so‘mlik sanoat mahsulotlari, degani.

Umuman, Namangan viloyatida umumiy qiymati 4 milliard dollarlik 47 loyiha shakllantirilgan bo‘lib, shundan 2 milliard 300 million dollarlik 17 tasi tashrif davomida davlat rahbariga taqdimot qilindi.

Bu loyihalarga Rossiya, Xitoy, Turkiya, BAA, Fransiya, Germaniya, Avstriya, Italiya, Niderlandiya, Eron, Pokiston kabi mamlakatlar kompaniyalari investitsiya kiritmoqda. Loyihalar qurilish materiallari, elektr texnikasi, kimyo, to‘qimachilik, oziq-ovqat, farmatsevtika, tibbiyot, konchilik, baliqchilik va boshqa tarmoqlarni qamrab olgan.

Masalan, Xitoy bilan hamkorlikda Chust tumanida mis qazib olish va qayta ishlash, pokistonlik investor tomonidan To‘raqo‘rg‘on tumanida sintetik mato ishlab chiqarish va bo‘yash, Avstriya kompaniyasi bilan viloyat travmatologiya markazini jihozlash rejalashtirilgan.

Mazkur 47 ta loyiha natijasida 40 mingdan ortiq aholi ish bilan ta’minlanadi.

Prezident investor va tashabbuskorlar bilan suhbatlashdi. Loyihalarning iqtisodiy samaradorligi muhokama qilinib, ularni jadallashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Mavzuga oid