Jahon | 14:13 / 26.03.2024
16407
7 daqiqa o‘qiladi

AQShda Trampning reytingi oshayotganiga 3 ta ehtimoliy sabab

Koronavirus pandemiyasi, tartibsizliklar, saylov natijalarini bekor qilishga bo‘lgan urinishlardan keyin Donald Trampning Amerika jamoatchiligi oldidagi mavqeyi ancha tushib ketgandi. Lekin oxirgi paytlarda uni qo‘llash darajasi keskin yaxshilandi. Xo‘sh, nega?

Tramp Ohayo shtatida chiqish qilmoqda, 2024 yil 16 mart / Foto: AFP

Ikki marta impichment qilingan, ko‘p marta turli masalalarda ayblangan sobiq prezident Donald Trampning reyting darajasi oxirgi uch yil ichida barqarorlashib, hatto ayrim etnik guruhlar, yoshlar va ishchilar sinfi orasida sezilarli darajada oshgan.

New York Times nashri va Siena kollejining oxirgi so‘rovnomasiga ko‘ra, Trampni qo‘llab-quvvatlash darajasi 44 foizni tashkil etgan bo‘lsa, uning raqibi, amaldagi prezident Jo Baydenni saylovchilarning 38 foizdan oshiqroq qismi ma’qullayapti. Bayden haqidagi qarashlar tobora salbiy tomonga o‘zgaryapti, Tramp haqidagi fikrlar esa yaxshilanmoqda.

Agar raqamlarga chuqurroq nazar tashlansa, ushbu o‘zgarishlar yaqqol ko‘rinadi. Masalan, Gallup tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, Tramp 2023 yil oxiriga kelib 2020 yilgi saylovlardan oldingi eng yuqori qo‘llab-quvvatlov reytingiga ega bo‘lgan.

Jumladan, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lganlar orasida uning reytingi 2020 yil oktyabr oyida 42 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yil yanvar oyida 28 foizga tushib ketgan. 2023 yil dekabr oyiga kelib esa, bu ko‘rsatkich yana 42 foizga ko‘tarilgan. Xuddi shu holat oq tanli bo‘lmagan amerikaliklar orasida ham kuzatilgan: 2020 yil oktyabrda ularning 27 foizi Trampni ijobiy baholagan, bu ko‘rsatkich 2021 yil yanvar oyida 15 foizga tushib ketgan bo‘lsa, 2022 yil noyabr oyiga kelib 28 foizgacha oshgan.

Yillik daromadi 40 ming dollardan kam bo‘lgan amerikaliklar orasida ham Trampning reytingi 2020 yil oktyabr oyida 37 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilning yanvarida 32 foizga tushib, 2023 yilning dekabr oyiga kelib 48 foizga ko‘tarilgan.

Boshqa so‘rovnomalarda ham shunga o‘xshash tendensiyalar kuzatilgan. Vox nashri sobiq prezidentni qo‘llab-quvvatlovchilar soni ortib borayotganini uchta omil bilan bog‘lab, tahlil qildi.

1-ehtimoliy sabab: Amerikaliklar Tramp davrini iqtisodiy nostalgiya bilan eslayapti

Pandemiya to‘lqini pasayganidan keyin, iqtisodiyot Bayden davrida asosiy diqqat markazidagi mavzu bo‘ldi. Bu barcha saylovchilar uchun, ayniqsa, qora tanlilar, Lotin Amerikasidan kelganlar va ishchilar sinfiga kiruvchi amerikaliklar uchun juda muhim jihat hisoblanadi. To‘rt yil avval Tramp pandemiyadan oldin gullab-yashnayotgan iqtisodiyotni qayta saylanish kompaniyasining markaziy nuqtasiga aylantirgan edi. U hozir ham shu omilni Baydenni tanqid qilishdagi asosiy argument sifatida ishlatmoqda. Inflatsiya, foiz stavkalarining oshishi va Covid'dan keyingi qayta tiklanish haqidagi mujmal fikrlar Bayden va demokratlarning eng katta kamchiliklaridan biri bo‘lib qolmoqda.

New York Times/Sieana'ning oxirgi so‘rovnomasidan ma’lum bo‘ladiki, qora tanli saylovchilar iqtisodiyot haqida oq tanlilar kabi yomon fikrda, etnik lotin amerikalik saylovchilar esa buni yanada yomonroq his qilishgan. Shuningdek, 30 yoshdan kichik saylovchilar iqtisodiy holat yomonlashganini katta yoshdagi guruhlarga qaraganda ko‘proq his qilgan. Oq tanli saylovchilarning 73 foizi iqtisodiyotdagi holatni “o‘rtacha” yoki “yomon” deb baholasa, qora tanli saylovchilarning 74 foizi va etnik lotin amerikaliklarning 84 foizi shunday fikrda. Yoshi kattalar orasida mazkur ko‘rsatkich 86 foizni tashkil etadi va bu 30 dan 44 yoshgacha bo‘lganlardan 8 foizga yuqori.

O‘z navbatida iqtisodiyotning hozirgi holati pandemiya boshlanishidan oldingi holatga qaraganda yomonroq ekanini qayd etganlar 30 yoshgacha bo‘lganlar orasida 71 foizni, 30 dan 44 yoshgacha bo‘lganlar orasida 65 foizni, 45 dan 64 yoshgacha bo‘lganlar orasida 62 foizni va eng keksa saylovchilar orasida 63 foizni tashkil etgan.

Umuman olganda, amerikaliklar Baydenning prezidentligi davridagi iqtisodiyotni Tramp davridagidan yomonroq deb hisoblashmoqda.

2-ehtimoliy sabab: Trampning reytingi juda past nuqtadan qayta tiklandi

Saylovning siyosiy oqibatlaridan biri – mamlakatni deyarli ikki qismga bo‘lib qo‘yishi bo‘ladi. Har bir tomon boshqasiga nisbatan salbiy qarashda bo‘ladi. Prezidentlikni qo‘lga kiritgan shaxs oldiga mamlakatni birlashtirish vazifasi qo‘yiladi.

Tramp prezidentlik davrini ancha past reytinglarda o‘tkazdi. Koronavirus pandemiyasi, norozilik va tartibsizliklar, saylov natijalarini bekor qilishga bo‘lgan urinishlar fonida uning qo‘llab-quvvatlov darajasi lavozimini tark etishi oldidan tushib ketgandi. 6 yanvar voqealari esa Trampning Amerika jamoatchiligi oldidagi mavqeyini juda ham past nuqtalargacha pasaytirdi.

  • 2021 yil 6 yanvar kuni Kapitoliy binosida AQSh tarixida misli ko‘rilmagan g‘alayon yuz berdi. Qonunchilar 2020 yil noyabrda o‘tgan saylovda Jo Bayden g‘alaba qozonganini rasman tasdiqlash uchun yig‘ilgan bir paytda Tramp tarafdori bo‘lgan minglab namoyishchilar Kongress binosiga bostirib kiradi. Politsiyachi va jurnalistlar hujumga uchraydi, qonunchilar ofislari vayron qilinadi.
  • Isyondan so‘ng respublikachilarning o‘zi ham Trampga qarshi chiqa boshlaydi. Pew Research Center tahlillariga ko‘ra, Kapitoliy voqeasidan keyin Trampni ma’qullash reytingi 29 foizgacha tushadi, bu 2020 yilning avgustidagi so‘rovnomadan 9 foizga past.

6 yanvar voqealari va pandemiya davridagi siyosatdan norozilik xotiralarining esdan chiqa boshlagani, Trampga qo‘yilgan turli xil ayblovlar ortidan respublikachilarning uning atrofida birlashgani sobiq prezident reytingining tiklanishida muhim faktor bo‘lgan.

3-ehtimoliy sabab: Nisbatan sokinroq saylov kampaniyasi

Trampning yaxshilangan reytingi kamroq diqqat markazida bo‘layotgani bilan ham bog‘liq bo‘lishi mumkin. U saylovoldi tashviqotini boshqacha olib bormoqda, ommaviy axborot vositalarida kamroq ko‘rinish beryapti. Bu 2016 va 2029 yillardagi kompaniyadan farq qiladi.

Gallup so‘rovnomalariga ko‘ra, 2023 yilda amerikaliklar orasida milliy siyosatni “juda diqqat bilan” kuzatadiganlar ulushi 32 foizga tushgan. Bu ko‘rsatkich 2020 yilda 42 foiz va 2021 yilda 38 foiz bo‘lgan. Bundan tashqari, ularning ko‘pchiligi Tramp va Bayden yana o‘z partiyalarining nomzodlari bo‘lib qolishini kutmagan.

Tramp 2023 yildagi sud jarayonlarini inobatga olmasa, avvalgidek faol bo‘lmadi. Twitter'dagi har xil izohlari va tartibsiz matbuot anjumanlaridagi ishtirokini chekladi.

Amerikaning Vox nashri Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar soni oshib borayotganini yuqoridagi uch omil bilan izohlaydi. Eslatib o‘tamiz, prezidentlik saylovi shu yil 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid