Jahon | 23:07 / 26.03.2024
17632
4 daqiqa o‘qiladi

Zelenskiy Xavfsizlik kengashi kotibini iste’foga chiqardi

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy mamlakat Xavfsizlik kengashi bosh kotibi Oleksiy Danilovni iste’foga chiqardi. Uning o‘rnini Ukraina tashqi razvedkasi rahbari Oleksandr Litvinenko egalladi.

Foto: Ukraina prezidenti rasmiy sayti

Endilikda Ukraina tashqi razvedkasini Oleg Ivashenko egallaydi. Tegishli farmonlar Ukraina prezidenti saytida e’lon qilindi.

Danilov Zelenskiy jamoasining sodiq vakillaridan biri bo‘lib, 2019 yildan buyon Ukraina Xavfsizlik kengashi bosh kotibi bo‘lib ishlayotgandi. OAV bilan faol aloqada bo‘lgan Danilov frontdagi voqealarni faol muhokama qilib kelayotgandi.

Bungacha esa Danilov Luhansk meri bo‘lib ishlagan. 2006-2007 yillarda «Yuliya Timoshenko bloki»dan Oliy Radaga saylangan. Uning vaqtida Xavfsizlik kengashi juda faol organga aylanib, amalda prezidentning fikrlarini ifoda eta bordi.

Danilov rahbarligida kengash 2021 yilda jinoiy «avtoritetlar», kontrabandachilar, rossiyaparast siyosatchilar va ular ta’siridagi OAVga qarshi sanksiyalar joriy qilgandi.

2024 yil 22 mart kuni Moskvada terakt amalga oshirilgach, Rossiyaning NTV davlat kanalida Danilov go‘yoki Ukraina teraktga aloqadorligini tan olgani haqida feyk video efirga uzatilgandi.

Danilov iste’foga chiqarilganidan keyin o‘zining Facebook sahifasida post qoldirdi: «Urush vaqtida millatim va vatanimga xizmat qilish imkonini bergani uchun taqdirdan minnatdorman», deb yozdi u.

Oleksandr Litvinenko kim?

Oleksandr Litvinenko
FOREIGN INTELLIGENCE SERVICE OF UKRAINE

Ukraina Xavfsizlik kengashining yangi kotibi Litvinenko avvalgi mulozim Danilovga qaraganda ommaga unchalik tanish inson emas. Kiyevda tug‘ilgan, siyosiy fanlar doktori. Faoliyatini Ukraina Xavfsizlik xizmatida boshlagan. 1998 yildan 2007 yilgacha Strategik tadqiqotlar institutida ishlagan. Orada ikki yil Xavfsizlik kengashida ishlashga ham ulgurgan.

Petro Poroshenko vaqtida Xavfsizlik kengashi bosh kotibi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 2021 yil Zelenskiy uni Tashqi razvedka xizmati rahbari etib tayinlagan. U OAVda ko‘p ko‘rinish bermaydi va tahliliy maqolalar yozishni afzal ko‘radi. Masalan, 2023 yil yozgan maqolalaridan birida Rossiya Ukraina bilan hali uzoq vaqt urushishga tayyorligini yozgandi.

Litvinenkoning fikricha, Ukraina jamiyatidagi vaziyatning izdan chiqishi urushda Rossiya g‘alabasining asosiy kaliti bo‘ladi. U 2009 yilda Rossiya Ukrainaga hujum boshlashini taxmin qilib maqola yozgan. Ukraina Xavfsizlik kengashining ilk rahbari Volodimir Gorbulin bilan hammualliflikda yozilgan maqolaga «Katta qo‘shni qaror qildi. Ukraina endi nima qilishi kerak?» deb sarlavha qo‘yishadi.

«Rossiya davlatining g‘oyasi «Ulug‘ g‘alaba» mifiga, zamonaviy Rossiya Stalin SSSRining davomchisi ekaniga asoslanadi. Imperiyacha qarash, G‘arbga dushmanlikning ksenofobik kompleksi, aynan AQShga qaratilgan dushmanlik kuchayadi, Rossiyaga qamalda qolgan qal’a sifatida qarash boshlanadi.

Tashqi siyosatdagi asosiy vazifa Kiyevni bo‘ysundirish bo‘ladi. Ukrainani, hech bo‘lmasa uning sharqini bo‘ysundirish Kremlning Rossiyadagi holatini yaxshilaydi. Gap Ukraina janubi va sharqini Rossiya tarkibiga qo‘shib olish haqida bormoqda. Ukraina markazida esa qo‘g‘irchoq rahbariyat qo‘yishga urinishadi», deyilgandi xususan o‘sha maqolada.

Mavzuga oid