O‘zbekiston | 22:50 / 28.03.2024
12873
2 daqiqa o‘qiladi

MTRK sobiq rahbari Alisher Xo‘jayev Kinematografiya agentligida ish boshlaydi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan u Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi.

Foto: Madaniyat vazirligi

O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi sobiq rahbari Alisher Xo‘jayev Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari etib tayinlandi. Bu haqda Madaniyat vazirligi xabar berdi.

Qayd qilinishicha, 28 mart kuni Kinochilar uyida Prezident Administratsiyasi Ijtimoiy rivojlanish departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Prezident Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi rahbariyati va tizim tashkilotlari xodimlari ishtirokida sohaning bugungi holati tahlili, oldinda turgan muhim vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tgan. Unda Kinematografiya agentligi direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan Alisher Xo‘jayev jamoaga tanishtirildi.

Ma’lumot uchun, Alisher Xo‘jayev 1963 yili Toshkent viloyatida tavallud topgan, 1985 yili Samarqand davlat universitetini tamomlagan. 1985–1993 yillarda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tekshirish institutlari, ishlab chiqarish birlashmalarida faoliyat olib borgan, 1993–1996 yillarda NKK firmasida tizim muhandisi bo‘lib ishlagan.

1996 yildan 1998 yilga qadar «KomUzAziya» kompaniyasida, 1998–2001 yillarda esa UzPAK kompaniyasida bosh direktor lavozimida mehnat qilgan.

2001–2002 yillarda O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi kotibi o‘rinbosari, 2002–2005 yillarda O‘zbekiston Aloqa va axborotlashtirish agentligi rahbari o‘rinbosari, 2005–2017 yillarda MTRK raisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan.

2017 yil boshida tanqidga uchrab ishdan ketgan, lekin bir muddatlik tanaffusdan keyin, avgust oyida yana MTRK raisi lavozimga qaytgandi. 

Jami qariyb 20 yilga yaqin vaqt davomida Milliy teleradiokompaniyaga rahbarlik qilgan Xo‘jayev 2024 yil fevralida bu lavozimni yana bir bor tark etdi. Uning o‘rniga Abdurashid Jo‘raboyev tayinlandi.

Mavzuga oid