Jahon | 10:03 / 29.03.2024
3878
2 daqiqa o‘qiladi

Chexiya Viktor Medvedchukka qarshi sanksiyalar kiritdi

Chexiya maxsus xizmatlariga ko‘ra, Medvedchuk OAV va siyosatchilar orqali Rossiya Federatsiyasining Yevropadagi ta’sirini kengaytirish bo‘yicha operatsiyalar ortida turibdi.

Foto: kremlin.ru

Chexiya hukumati rossiyaparast Ukraina partiyasi sobiq rahbari Viktor Medvedchukka nisbatan sanksiyalar joriy qildi. Bu haqda 28 mart, payshanba kuni Chexiya hukumati saytida ma’lum qilindi.

Rasmiy Pragaga ko‘ra, sanksiyalar izohida Medvedchuk «Ukrainaning hududiy yaxlitligi, suvereniteti va erkinligini buzish» maqsadida «Rossiya Federatsiyasidan Chexiya Respublikasida Rossiya ta’sirini boshqarishi» aytilgan.

Medvedchuk o‘zining «operatsiyalarini» o‘tkazish uchun Artem Marchevskiy ishlaydigan Voice of Europe yangiliklar portalidan foydalanadi. Chexiya hukumati sayti xabariga ko‘ra, Marchevskiy va portal ham Chexiya sanksiyalari ro‘yxatiga kiritilgan.

YeI siyosatchilari uchun Rossiya pullari 

Sanksiyalar ro‘yxatida Medvedchuk «Yevropa Ittifoqiga a’zo ko‘plab davlatlarda Voice of Europe va Marchevskiydan Rossiya Federatsiyasining tashqi siyosiy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida jurnalistlar bilan hamkorlikni moliyalashtirish va Yevropa parlamentiga saylovlarda alohida nomzodlarni yashirin moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida foydalangani» aytiladi. 

Chexiya bosh vaziri Petr Fialaning aytishicha, sanksiyalar joriy etish qarori Chexiya xavfsizlik va axborot xizmati (BIS) ma’lumotlariga asoslangan bo‘lib, u Chexiya Respublikasida Rossiya tomonidan moliyalashtirilgan ta’sir ko‘rsatish tarmog‘i faoliyatini fosh qilgan. 

Denik N gazetasi va Der Spiegel jurnaliga ko‘ra, Medvedchuk bilan bog‘liq veb-sayt siyosatchilarning Ukrainaga yordamni to‘xtatishga chaqiriqlarini chop etgan. Ulardan ba’zilariga iyun oyida bo‘lib o‘tadigan Yevropa saylovlari uchun saylovoldi tashviqoti xarajatlarini qoplagan summalar to‘langan. Der Spiegel ma’lumotlariga ko‘ra, pul Pragadagi shaxsiy uchrashuvlar paytida berilgan yoki kriptovalutadan foydalangan holda o‘tkazilgan. To‘lovlar Germaniya, Belgiya, Fransiya, Vengriya, Niderlandiya va Polsha siyosatchilari tomonidan olingan. 

Mavzuga oid