Jahon | 12:31 / 29.03.2024
13050
4 daqiqa o‘qiladi

Reuters Rossiyani tark etgan g‘arb kompaniyalari yo‘qotishlarini hisoblab chiqdi

Moskvaning Ukrainaga hujumi tufayli Rossiyani tark etgan g‘arb kompaniyalari urush boshlanganidan beri jami 107 milliard dollardan ortiq zarar ko‘rgan.

Foto: AFP / SCANPIX

Moskvaning Ukrainaga hujumi tufayli Rossiyani tark etgan ko‘plab g‘arb kompaniyalari urush boshlanganidan beri umumiy qiymati 107 milliard dollardan (taxminan 99 milliard yevro) ko‘proq zarar ko‘rgan. Bu haqda 28 mart, payshanba kuni zarar ko‘rgan firmalarning moliyaviy hisobotlarini tahlil qilgan Reuters agentligi xabar berdi. Agentlikning ta’kidlashicha, avgust oyida o‘tkazilgan oldingi tahlil bilan solishtirganda moliyaviy yo‘qotishlar deyarli uchdan bir qismga (plyus 30 milliard dollar) oshgan. Ushbu yo‘qotishlar, birinchi navbatda, hisobdan chiqarish va qo‘ldan chiqarilgan daromadlar bilan bog‘liq.

Londonda joylashgan S-RM global risklar bo‘yicha konsalting kompaniyasi tahlilchisi Ien Messiga ko‘ra, bu salbiy tendensiya davom etadi. «Rossiyadan chiqishga intilayotgan kompaniyalar, ehtimol, yana qiyinchiliklarga duch kelishi hamda katta hisobdan chiqarish va yo‘qotishlarni qabul qilishga majbur bo‘lishi mumkin», - deydi u. 

Rossiya bozorini mingga yaqin kompaniya tark etdi 

Yyel menejment maktabi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya bozorini mingga yaqin kompaniya tark etgan. Ular Rossiya biznesi uchun xaridor topishga muvaffaq bo‘lganida, rasmiylar uni kamida 50 foiz chegirma bilan sotishni talab qilgan. Ba’zi hollarda biznesni topshirish ramziy miqdor uchun amalga oshirilgan. 

2024 yilda Shell, HSBC, Polymetal International va Yandex NV kompaniyalariga tegishli bo‘lgan, umumiy qiymati qariyb 10 milliard dollarlik aktivlar 90 foizgacha chegirmalar bilan sotilgan. Mart oyida Danone o‘zining Rossiyadagi aktivlarini sotish uchun tartibga soluvchi organdan ruxsat olganini e’lon qildi, biroq fransuz konserni 1,3 milliard dollar (taxminan 1,2 milliard yevro) zarar ko‘rdi. 

Rossiyada g‘arb biznesi himoyalanmagan 

O‘z navbatida, urush boshlanishi bilan g‘arbda qariyb 300 milliard dollar (taxminan 277,5 milliard yevro) qiymatidagi Rossiya valuta va oltin zaxiralari muzlatib qo‘yildi. Germaniya «Gazprom»ning shu’ba korxonasi Gazprom Germania’ni milliylashtirdi, shuningdek, «Rosneft» kompaniyasini mamlakatdagi aktivlari, jumladan, Shvedt shahridagi neftni qayta ishlash zavodi aksiyalari ustidan nazoratdan mahrum qilib, ularni tashqi nazorat ostiga oldi. Rossiya buning uchun javob choralari bilan tahdid qilmoqda. 

«Kreml urush olib borayotgan ekan, Rossiyada g‘arbning hech bir aktivini ishonchli yoki himoyalangan deb hisoblab bo‘lmaydi», - deydi Ien Messi. Shu tariqa, Rossiya hukumati RFni tark etgan Fortum, Carlsberg, OMW, Uniper konserni aktivlarini Federal mulkni boshqarish agentligiga vaqtincha boshqarish uchun topshirdi. 

Shu bilan birga, Yyel menejment maktabi ta’kidlaganidek, yana yuzlab g‘arb kompaniyalari, jumladan Nestle, PepsiCo, Mondelez, Unilever Rossiyada faoliyatini davom ettirmoqda. 

Mavzuga oid