O‘zbekiston | 20:58 / 01.04.2024
28207
7 daqiqa o‘qiladi

1 aprelning asosiy yangiliklari: O‘zbekistonda ro‘y bergan voqealar va hodisalar

Qishloqlarni rivojlantirish uchun investitsiya, ovozlar soni sun’iy oshirilayotgan «openbudjet», 15 sutkaga qamalgan sobiq imom va Shahrisabzda otib ketilgan sambochi - kun davomida Kun.uz’da yoritilgan O‘zbekiston yangiliklari bilan tanishing.

Islom taraqqiyot banki O‘zbekiston qishloqlarini kompleks rivojlantirish uchun mablag‘ ajratadi

2024-2028 yillarda Samarqand, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarining 21 ta tumanida qishloqlar infratuzilmasi yaxshilanadi. Buning uchun Islom taraqqiyot bankidan 20 yil muddatga 260 mln dollarlik imtiyozli qarz jalb qilinmoqda.

Loyiha doirasida 20 maktab (19 tasi Samarqandda), 14 bog‘cha, 10 ta oilaviy shifokor punkti (barchasi Samarqandda) quriladi, 200 km ichimlik suvi, 368 kilometr elektr tarmog‘i tortiladi, 53 ta transformator o‘rnatiladi. Qariyb 330 kilometr yo‘l infratuzilmasi yaxshilanib, buning uchun 717 mlrd so‘m sarflanadi.

O‘zbekistonda yillik inflatsiya 8 foizdan pastlagani ma’lum qilindi

2024 yil mart oyida yillik nisbatdagi iste’mol sektoridagi narxlarning o‘sish darajasi 7,98 foizga tushgan, deya ma’lum qildi Statistika agentligi.

KUN RAQAMI

205 mln AQSh dollari — O‘zbekiston bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasi o‘rtasida imzolangan moliyalashtirish bitimi doirasida «O‘zbekistonda barqaror o‘rmon landshaftlarini tiklash» loyihasini amalga oshirish uchun 5 yillik imtiyozli davr bilan 30 yil muddatga jami 142 mln AQSh dollari miqdorida qarz mablag‘lari ajratiladi. Progreen trast jamg‘armasi hamda Koreya Respublikasining KWPF jamg‘armasi o‘rtasida tuzilgan grant bitimlari doirasida jami 11 mln AQSh dollari miqdorida grantlar jalb etiladi.

Loyihaning umumiy qiymati 205,45 mln AQSh dollariga teng, O‘zbekistonning ulushi esa 52,45 mln dollarni tashkil etadi

Metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati uzaytiriladi

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan, metan gaz uchun belgilangan eng baland chakana narxning amal qilish muddati uzaytirilyapti. Energetika vazirligiga ko‘ra, 1 apreldan boshlab 2024 yil 1 iyungacha metan zapravkalarda gazning eng baland chakana narxi 3350 so‘m bo‘ladi. Ammo ijtimoiy tarmoqlarda gazning chakana narxi kubiga 3800 so‘mdan sotilayotgani haqida xabarlar berilgan. 

Haftaning ikkinchi yarmida havo harorati yanada ko‘tariladi

«UzHydroMet» xabariga ko‘ra, 2–3 aprel kunlari respublika hududiga Kaspiy dengizining janubiy hududlaridan nam havo kirib keladi.

Tog‘li hududlarda 2-4 aprel kunlari vaqti-vaqti bilan yog‘ingarchilik bo‘ladi, qor ko‘chishi xavfi saqlanib turadi. Harorat 2–3 aprelda +16...+19 daraja, 4–5 aprelda +19...+22 daraja bo‘ladi. Kechalari asosan +5...+10 daraja iliq bo‘ladi. 

O‘zbekistonda «Eng toza mahalla» tanlovi o‘tkaziladi

Hukumatning «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» va «Eng toza mahalla» tanlovlarini o‘tkazishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaror loyihasi e’lon qilindi.

Unga ko‘ra, har yili eng uzoq va sadoqatli xizmat ko‘rsatgan xodimlar uchun «Tabiat uyg‘unligi himoyachisi» tanlovini o‘tkazish hamda ulardan 100 nafarining davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan bir nafardan farzandi yoki nevarasiga to‘lov-kontrakt summasini (BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan qismini) Ekologiya jamg‘armasi hisobidan to‘lab berish, hamda «Eng toza mahalla» tanlovini o‘tkazish va tanlov natijalari bo‘yicha g‘olib bo‘lganlarni rag‘batlantirish mexanizmlarini ishlab chiqish belgilangan

Davlat ta’lim standartlarini ishlab chiqish tartibi takomillashtirilyapti

Hukumatning Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

2024 yil 1 avgustga qadar Ta’lim sohasida islohotlarga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagilarni nazarda tutuvchi ds.uz — Davlat ta’lim standartlari va davlat ta’lim talablarining yagona ochiq muhokama portalini ishga tushirish rejalashtirilmoqda

Darsliklardagi kamchiliklar bo‘yicha katta baza to‘planmoqda

Shu kungacha nashr qilingan va endi chiqishi kutilayotgan yangi darsliklar uchun katta platforma ishga tushiriladi. Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri maslahatchisi Azizbek Turdiyevning aytishicha, yaqin kunlarda ommaga taqdim qilinishi kutilayotgan bu platforma orqali darsliklardagi xato-kamchiliklar kamayadi

«Shu kunlarda katta platformani ishga tushiryapmiz, [bu] aynan [darsliklardagi] xatoliklarga bag‘ishlangan bo‘ladi. Shu kungacha nashr qilingan va endi nashr etilajak darsliklarni ham shu platformada e’lon qilish ustida ishlayapmiz», – dedi u. 

KUN FAKTI

2024 yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda 53 ming 367 ta yengil avtomobil (maxsus yengil avtomobillardan tashqari) ishlab chiqarildi. 

«Tashabbusli budjet»: ovozlar sonini sun’iy oshirish holatlari tekshirilmoqda

Ba’zi loyihalar uchun oxirgi uchta raqami bir xil bo‘lgan mobil raqam yoki raqamlardan ketma-ket juda ko‘p ovoz berilgan. Iqtisodiyot va moliya vazirligi bu borada o‘rganish olib borilayotganini bildirdi

O‘zbekistonda bolalar kambag‘alligi darajasi yuqori bo‘lgan hududlar ma’lum qilindi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi UNICEF bilan birgalikda O‘zbekistondagi bolalarning monetar kambag‘alligi darajasini baholadi. Ijtimoiy nafaqalar bo‘lmasa, mamlakatda bolalar kambag‘alligi darajasi 1,6 baravar oshadi.

Bolalar kambag‘alligi darajasi eng past bo‘lgan hududlar Navoiy viloyati va Toshkent shahri bo‘lsa, Sirdaryo va Jizzax viloyatlarida esa bolalar kambag‘alligining nisbatan yuqori ekani qayd etilgan

Senat raisi Bekoboddagi fojia yuzasidan tekshiruvni nazoratga oldi

Bekobodda turmush o‘rtog‘i tomonidan muntazam kaltaklab kelingan ayol 5-qavatdan tushib ketib, vafot etgani xabar qilingandi. 28 yoshli ayol o‘limi zo‘ravonlik natijasida ro‘y bergani aytilmoqda. Uning qarindoshlari voqea tafsilotlarini hikoya qilib berishdi.

Senat raisi Tanzila Norboyeva huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu holat bo‘yicha olib borayotgan o‘rganish jarayonlarini o‘z nazoratiga oldi

Solixon domla Ortiqxo‘jayev 15 sutkaga qamaldi

U MJtKning 183-moddasi (mayda bezorilik) va 194-moddasi (ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir qilgan deb topilgan. 

Shahrisabzda sambochi To‘ra Avloqulov otib ketildi

Qashqadaryoda sambochi To‘ra Avloqulov qo‘lbola usulda yasalgan quroldan olgan jarohati oqibatida shifoxonada vafot etdi. Unga o‘q uzgan fuqaro hodisa joyidan qochmoqchi bo‘lganida IIB tezkor xodimlari tomonidan ushlangan.

Mavzuga oid