Jahon | 14:48 / 01.04.2024
20455
8 daqiqa o‘qiladi

Frontdagi vaziyat: Rossiya qaysi yo‘nalishda yangi yurish boshlashi mumkin?

RF qurolli kuchlari bir vaqtda frontning bir necha uchastkalarida yurish qilmoqda va yangi hujumlarga tayyorgarlik ko‘rayotgan bo‘lishi mumkin (Xarkiv oblasti - variantlardan biri). Ukraina qurolli kuchlariga zudlik bilan zaxira kuchlar zarur.

Foto: Getty Images

Rossiyaning Avdiyivka hududidagi hujumlari shahardan g‘arbdagi Durnaya daryosi sohillarida to‘xtadi. Bir oylik janglardan keyin RF qurolli kuchlari Tonenke, Orlivka va Berdichi qishloqlarini to‘liq yoki qisman egallashga muvaffaq bo‘ldi — ularning barchasi daryo bo‘yida joylashgan. Bu yurishda qatnashgan kuchlar soni fevralda Avdiyivkani shturm qilgan qo‘shinlar sonidan kamroq bo‘lgani aniq. Va aftidan, RF endi Avdiyivka yo‘nalishidagi muvaffaqiyatni rivojlantirishni rejalashtirmayapti.

Ammo, umuman olganda Rossiya armiyasi hamon tuzilmalar va o‘t ochish kuchi bo‘yicha Ukraina qurolli kuchlaridan katta ustunlikka ega bo‘lib qolmoqda. Ukraina istehkomlariga rejalashtirish va korreksiya moduliga ega kuchli bombalar bilan aviazarbalar berish bo‘yicha yangi texnika ham yaxshi ish bermoqda. Bu Rossiya samolyotlariga Ukrainaning deyarli barcha havo hujumidan mudofaa tizimlari harakat qiladigan hududlarga kirmasdan ishlash imkonini beradi. Tabiiyki, RF qurolli kuchlari qo‘mondonligi bu ustunlikdan foydalanishni istaydi — Avdiyivka uchun janglarda uchralgan katta yo‘qotishlarga qaramasdan. Gap faqat Rossiyaning navbatdagi keng ko‘lamli yurishi qayerda boshlanishi bilan bog‘liq.

Avdiyivka

  • RF qurolli kuchlari Avdiyivkani egallashi bilan yakunlangan (17 fevral kuni) bir oylik janglardan keyin Ukraina qo‘mondonligi bu yo‘nalishga zaxira kuchlarni tashladi va vaziyatni barqarorlashtirishga muvaffaq bo‘ldi. Rossiya qo‘shini frontni yorib o‘ta olmadi: ular qonli janglar bilan Ukraina qurolli kuchlarini faqat Durnaya daryosi ortiga chekintirishni uddalay oldi. Endi ukrainlar mudofaa chizig‘i Durnayaning nisbatan yuqorida joylashgan o‘ng sohili bo‘ylab o‘tadi.
  • Ukraina mudofaasining sharqiy sohildagi so‘nggi tayanchi Berdichi qishlog‘ida (Avdiyivka frontining shimoliy qanoti). Ukraina qurolli kuchlari bu qishloqda (Abrams tanklariga ega zirhli tank bo‘linmasi bilan kuchaytirilgan 47-mexanizatsiyalashgan brigada) Rossiya qo‘shiniga g‘arbiy yo‘nalishdagi yurishni rivojlantirishga to‘sqinlik qilmoqda. Ammo mart oyi oxirida RF qurolli kuchlari baribir Berdichini qariyb to‘liq egallashga erishdi. Himoyalanayotgan harbiylarning asosiy qismi daryo ortiga chekingan
  • Ammo Rossiya yurishi sekinlashgani Ukraina qurolli kuchlarining Avdiyivka yo‘nalishidagi inqirozini to‘liq hal qila olmadi. Avdiyivkadan shimolga hujumlar (Berdichidan Ocheretino yo‘nalishida) ruslar uchun yaxshi istiqbollarga ega emas — bu yerda raqib kuchli, Ocheretino esa teparoqda joylashgan, — ammo shahardan janubi-g‘arbda Ukraina QK mudofaasida yangi bo‘shliq paydo bo‘lgan. Rossiya qo‘shini tezlik bilan (urushning uchinchi yilidagi pozitsion janglar mezoni bo‘yicha) Tonenke va Pervomaysk oralig‘idagi o‘rmonzorlar bo‘ylab oldinga siljimoqda. Agar bu harakat to‘xtatilmasa, RF qurolli kuchlari bahor va yozda Ukrainaning Karlovka va Netaylovodagi kommunikatsiyalarini xavf ostida qoldirishi mumkin — bu Avdiyivka frontining orqa tomoni (til) hisoblanadi.

Vuhledar va Maryinka yo‘nalishlari

  • Agar Avdiyivka atrofida ukrain qo‘mondonligi frontni qaytadan tashkil etishiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, Ukraina qurolli kuchlari mudofaasining janubiy tizimi o‘z yaxlitligini saqlab qoldi.
  • Rossiya qo‘shini Maryinkani egallagach, Ukraina qurolli kuchlari qo‘shni Georgiyevkada barqaror mudofaa barpo etdi. Rossiyalik harbiylarga bu yo‘nalishda oldinga siljishiga qanotlardagi vaziyat imkon bermaydi: Ukraina qurolli kuchlari Maryinkadan shimoldagi Krasnogorovka shahrida hamda undan janubdagi Pobeda qishlog‘idagi pozitsiyalarini saqlab qolgan. RF qurolli kuchlari faqatgina xuddi Avdiyivkada bo‘lgani kabi katta zaxiralarni jalb etsagina bu hududda yurishni tezlashtira olishi mumkin. Ammo ular Avdiyivkada zaxiralarni yashirin tarzda olib kelish evaziga muvaffaqiyatga erishgandi — Donetskdagi shahar qurilmalari bunga imkon bergandi. Frontning bu uchastkasida esa qo‘shinlarni maxfiy tarzda ko‘chirishning imkoni bo‘lishi dargumon.
  • RF qurolli kuchlari bir necha oydan buyon Vuhledarga sharqdan — Novomixaylovka qishlog‘i orqali hujum qilishga urinmoqda. Bu amaliyotda katta kuchlar ishtirok etmayapti: bu yerda Tinch okeani flotining 155-dengiz piyodalari brigadasi jang qilmoqda — bu brigadaning 2022 yil qishida Vuhledarni shturm qilishga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangandi.
  • RF qurolli kuchlari bir necha oylik janglardan keyin Novomixaylovka qishlog‘ining taxminan yarmini egallab olgan. Bu yerda Ukraina mudofaasi zaiflashmoqda. Katta ehtimol bilan, Ukraina qurolli kuchlari bu yo‘nalishda frontni ushlab turishi uchun zaxiralarni jangga kiritishi kerak bo‘ladi. Zaxiralar esa ko‘p emas. Rossiya qo‘mondonligi Novomixaylovka hududiga yangi qo‘shinlarni olib kelib, muvaffaqiyatni mustahkamlashga urinib ko‘rishi mumkin. Ammo yana yuqoridagi savol dolzarbligini saqlab qoladi: qo‘shimcha kuchlarni raqib ko‘zidan pana holda olib kelishning imkoni bo‘ladim?

Baxmut va Chasiv Yar

  • Rossiya qo‘shini Baxmut atrofida qarshi hujumni davom ettirmoqda. Desantchi bo‘linmalar Ivanovskiy (Krasniy)dan shimoldagi tepaliklarni hamda ushbu qishloqning bir qismini egallashga muvaffaq bo‘lgan (RF mudofaa vazirligi ushbu qishloq to‘liq ishg‘ol qilinganini ma’lum qilgan, ammo e’lon qilingan videolarga ko‘ra bu bayonot haqiqat emas).
  • Chasiv Yar tomon (u Baxmut bilan solishtirganda balandlikda joylashgan) yurish qilishga ukrainlarning Bogdanovka qishlog‘i g‘arbidagi istehkomlari to‘sqinlik qilmoqda. RF qurolli kuchlari bir necha oy oldinroq ushbu qishloqning sharqiy qismini egallagandi, ammo uyog‘iga o‘tishning imkoni bo‘lmadi. Bogdanovka muammosini hal qilmasdan Chasiv Yarga yurishni davom ettirib bo‘lmaydi. Bu yerda ham RF qurolli kuchlari hujumlarni kuchaytirishi uchun qo‘shimcha kuchlar talab etiladi.

Rossiya yurish qilishi mumkin bo‘lgan boshqa yo‘nalishlar ham bor

  • Zaporijjya oblastida, Orixiv yo‘nalishida Rossiya qo‘shini Ukrainaning Rabotinedagi (Ukraina qurolli kuchlari tomonidan yozgi yurish vaqtida ozod etilgan) istehkomlarini sharqdan kesib tashlashga urinmoqda.
  • Svatove va Kreminnada 2023 yilda qaytadan shakllantirilgan 25-umumqo‘shin armiyasi Terni qishlog‘ini egallab, Jyerebets daryosi yoqasida ukrain mudofaasini kesib o‘tishga harakat qilmoqda. Mart oyida rus qo‘shini qishloqning sharqiy chekkalariga yetib kelgandi.
  • 2024 yil bahorida Rossiya qo‘shini Xarkiv oblasti Kupyansk shahriga hujum qilishni to‘xtatdi. Yakatta ehtimol bilan, Kupyanskdan shimolda va sharqda harakatlangan qo‘shinlarning bir qismi front ortiga olib ketilgan. Bu shuni anglatadiki, RF qurolli kuchlari ushbu yo‘nalishda yangi yurishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Variantlardan biri — Rossiya va Ukraina chegarasini Kupyanskdan g‘arbga, Oskol daryosi g‘arbiy sohili bo‘ylab yoki hatto yanada g‘arbroqqa hujum qilish. Ukraina bu uchastkada transheyalar, beton bunkerlar va minalangan maydonlardan istehkomlarning yangi chizig‘ini qurishga harakat qilmoqda.

Har qanday yangi yirik yurish Rossiya qo‘mondonligidan zaxiralarni ishga solishni talab etadi. Va bunday ko‘lamdagi amaliyot uchun kuchlar to‘planishi Ukraina qurolli kuchlari va G‘arb razvedka xizmatlari tomonidan tezda aniqlanadi.

Mavzuga oid