Jahon | 21:11 / 04.04.2024
26275
2 daqiqa o‘qiladi

«Krokus»dagi teraktning yana uch nafar ishtirokchisi qo‘lga olindi

Ular terakt ijrochilarini moliyalashtirishda, jumladan, qurol va mashina sotib olish uchun pul o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda. 

Foto: Videodan kadr

Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FXX) Moskva, Yekaterinburg va Omskda «Krokus Siti Xoll» binosidagi teraktni amalga oshirgan terrorchilarga yordam berishda gumon qilingan uch kishini qo‘lga olganini ma’lum qildi. 

Hibsga olingan ikki shaxs «Krokus»dagi teraktni sodir etgan shaxslarga qurol va mashina sotib olish uchun pul o‘tkazganlikda gumon qilinmoqda. Ishga aloqador uchinchi shaxs sheriklarni yollash va ijrochilarni moliyalashtirishda gumon qilinmoqda. 

Hibsga olingan uch kishi ham Markaziy Osiyo mintaqasidan. Ularning ismi sharifi oshkor qilinmagan. 

FXX «Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha yangi ayblanuvchilar hibsga olingani aks etgan videoni tarqatdi. Unda ikki mahbus «terrorchilik hujumiga sherik bo‘lgani uchun qamoqqa olinganini tan oldi», mahbuslardan biri videoning o‘zida shunday deydi, ikkinchisi nima degani aniq emas. 

22 mart kuni Moskvadagi «Krokus Siti Xoll» konsert zalida bir guruh qurollangan shaxslar otishma boshladi, keyin esa binoga o‘t qo‘ydi. Hujum uchun javobgarlikni «IShID Viloyati Xuroson» o‘z zimmasiga oldi. Rossiya rasmiylari terakt ortida Ukraina turganini da’vo qilmoqda. 

Avvalroq FXX terakt jinoyat ishi doirasida 10 kishi hibsga olingani, jumladan, 4 nafari bevosita jinoyatchilar bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.

Mavzuga oid