Bayden Isroilga harbiy yordamni cheklash bilan tahdid qildi
Oq uy Isroildan gumanitar kolonnaga qilingan hujumdan so‘ng G‘azodagi tinch aholini himoya qilish uchun yangi choralar ko‘rishni talab qildi.
AQSh prezidenti Jo Bayden Isroildan G‘azo sektorida gumanitar tashkilotlar xodimlari va tinch aholini himoya qilish uchun «yaqin soatlar va kunlarda» yangi choralar ko‘rishni talab qildi. Bu chora-tadbirlar AQShning ushbu sektordagi harbiy amaliyotlarini keyingi qo‘llab-quvvatlashi uchun asos bo‘lishi kerak, dedi Amerika yetakchisi 4 aprel, payshanba kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bilan telefon orqali suhbatda, deb yozadi Reuters.
Agentlik qayd etishicha, bu Vashingtonning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlar chog‘ida Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish masalasidan Quddusga bosim o‘tkazish dastagi sifatida foydalanishga birinchi urinishi bo‘ldi. So‘nggi oylarda Isroil urushni davom ettirish uchun AQShdan katta miqdorda artilleriya o‘q-dorilarini olmoqda.
Bayden «Isroil fuqarolarga zarar yetkazmaslik, gumanitar yordam xodimlari xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan bir qator aniq qadamlarni e’lon qilishi va amalga oshirishi kerakligini aytdi», deyiladi Oq uy matbuot bayonotida. Shu bilan birga, Amerika yetakchisi Isroilni HAMASga qarshi kurashda qo‘llab-quvvatlashini yana bir bor ta’kidladi.
AQSh prezidenti, shuningdek, G‘azo sektorida zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalaridagi mahbuslarga almashish mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilishga chaqirdi. Avvalroq Isroil kelishuv bo‘yicha keyingi muzokaralarga aynan HAMAS xalaqit berayotgani haqida xabar bergan edi.
Baydendan kolonnaga zarbadan so‘ng Isroil bo‘yicha qaror talab qilinmoqda
Baydenning Netanyahuga bergan ogohlantirishi Isroil askarlari G‘azo sektorida World Central Kitchen (WCK) gumanitar tashkiloti karvoniga havo hujumi uyushtirganidan keyin yangradi. Natijada WCK yetti nafar ko‘ngillisi halok bo‘ldi, ular orasida Avstraliya, Britaniya va Polsha fuqarolari ham bor. Isroil hujumni «xato» deb atadi.
Hodisa amerikalik demokratlarning Baydenga Isroilga harbiy yordam ko‘rsatish shartlarini belgilash bo‘yicha yangi chaqiriq bilan chiqishga turtki berdi, deb yozadi Reuters. Yaqin Sharqdagi mojaro avj olishda davom etar ekan, AQSh prezidenti «demokratlarning chuqur g‘azabiga duchor bo‘lmoqda», bu esa noyabr oyida bo‘lib o‘tadigan saylovlarda uning qo‘llab-quvvatlanishini kamaytirishi mumkin. Shu bilan birga, Baydenning asosiy ehtimoliy raqibi, AQSh sobiq prezidenti Donald Tramp ham Isroilning HAMAS hujumiga va guruh jangchilari tomonidan 2023 yil 7 oktyabrda 200 dan ortiq isroillikni o‘g‘irlab ketishiga munosabatini qo‘llab-quvvatlaydi.
Isroil G‘azodagi vaziyat tufayli qo‘llab-quvvatlovni yo‘qotmoqda
Gumanitar karvonga havo hujumi bilan bog‘liq voqea G‘azo sektorida qariyb olti oydan beri davom etayotgan jangovar harakatlar tufayli Isroil so‘nggi paytlarda duch kelgan tanqidlar davom etishiga sabab bo‘ldi.
Mart oyi oxirida BMT Xavfsizlik kengashi Isroil harbiy amaliyoti boshlanganidan beri birinchi marta G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat uchun 14 davlat ovoz berdi, AQSh betaraf qoldi.
Bundan tashqari, mart oyi oxirida JARning Isroilga qarshi genotsid ayblovi bo‘yicha da’vosini ko‘rib chiqayotgan BMT Xalqaro sudi Quddusga G‘azo sektorida tinch aholi huquqlarini buzmaslik va gumanitar yordam yetkazilishiga aralashmaslik haqida buyruq bergan edi. BMT sudi avvalroq Isroildan sektorning tinch aholisini himoya etishni talab qilganini, biroq u yerda yashash sharoiti yomonlashishda davom etganini qayd etdi.
Isroilning o‘zida ham HAMAS tomonidan o‘g‘irlab ketilgan isroilliklarni ozod qilish choralarini ko‘rish talabi bilan namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar boshqa narsalar qatori hukumat iste’fosini va mamlakatda muddatidan oldin saylov o‘tkazishni talab qilmoqda.
Mavzuga oid
22:15 / 26.12.2024
Isroil aviatsiyasi Yaman poytaxti aeroportiga zarba berdi
15:21 / 26.12.2024
Isroil HHK qo‘mondoni Yamandagi husiychilarga hujumlarni kuchaytirish bilan tahdid qildi
14:07 / 25.12.2024
Isroilda favqulodda holat yana bir yilga uzaytirildi
20:16 / 24.12.2024