Jahon | 20:57 / 05.04.2024
23819
2 daqiqa o‘qiladi

«Krokus»dagi terakt ishi bo‘yicha o‘n birinchi ayblanuvchi hibsga olindi

Unga bir guruh shaxslar tarkibida inson o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik hujumini sodir etganlik aybi qo‘yilgan. 

Moskva shahri sudi «Krokus Siti Xoll» binosidagi terakt bo‘yicha ochilgan jinoyat ishi doirasida o‘n birinchi ayblanuvchi – Sharipzoda Muhammad Zoirni 22 mayga qadar hibsga olish haqida qaror chiqardi. 

Unga bir guruh shaxslar tarkibida inson o‘limiga sabab bo‘lgan terrorchilik hujumini sodir etganlik aybi qo‘yilgan (Rossiya Jinoyat Kodeksi 205-moddasi 3-qismi «b» bandi). Ushbu moddaning eng yuqori jazosi umrbod qamoqni nazarda tutadi. 

«Krokus Siti Xoll» konsert zalidagi terakt 22 mart kuni kechqurun sodir bo‘ldi. Bir necha kishi konsert zaliga bostirib kirib, tomoshabinlarga qarata avtomat qurollardan o‘q uzdi. So‘ngra binoga o‘t qo‘ydi. Rossiya Tergov qo‘mitasi terrorchilik harakati moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. 

Favqulodda vaziyatlar vazirligining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, terakt oqibatida 144 kishi halok bo‘lgan, jabrlanganlar soni 551 nafarga yetgan.

Mavzuga oid