Jahon | 13:34 / 07.04.2024
28971
11 daqiqa o‘qiladi

Orenburg oblastini suv bosishi davom etmoqda. So‘nggi ma’lumotlar

Orskda toshqin tufayli to‘g‘onlar buzilib ketgan. Suv bosgan hududlar kengaymoqda, minglab odamlar evakuatsiya qilinmoqda. Suv oblast markazi Orenburgga ham yetib borgan va odamlarni xavfsiz joylarga ko‘chirish boshlangan. Qurbonlar bor.

Foto: Sputnik / IMAGO / SNA / Scanpix / LETA

Qariyb 200 ming kishi yashaydigan va Orenburg oblastidagi ikkinchi yirik shahar hisoblangan Orskni Ural daryosidan toshib chiqqan suv bosishi davom etmoqda, rasmiylar ma’lum qilishicha, daryodagi suv sathi meteokuzatuvlar tarixidagi eng yuqori darajaga ko‘tarilgan. To‘g‘onlar suv bosimiga dosh bera olmagan. Suv bosgan shaharda sirenalar ovozi yangramoqda va ommaviy evakuatsiya davom etmoqda.

Hozirga kelib rasmiy raqamlar quyidagicha ko‘rinish olgan — shaharda 2450 uyni hamda 3285 ta tomorqa yerlarini suv bosgan, Orskda Rossiya FFVning 700 dan ortiq qutqaruvchisi ishlamoqda. Evakuatsiya qilinganlar soni bo‘yicha yakshanba kungi ma’lumotlar hali e’lon qilinmadi, bir kun oldin rasmiylar 2 ming kishi xavfsiz joylarga ko‘chirilgani haqida xabar bergandi. Ikki modda bo‘yicha jinoiy ish ochilgan — qurilish ishlarida xavfsizlik qoidalarini buzish va sovuqqonlik qilish bo‘yicha.

«Suv dahshatli kuch bilan yaqinlashmoqda»

Orsk.ru portal shaharni suv bosishi fotoxronikasini olib bormoqda — yakshanba tongida Gagarin maydoni shunday ko‘rinishda

Uralning chap sohilida shanba kuniyoq suv temiryo‘l vokzaliga kirib kelgandi, undan oldinroq Vokzal shossesidagi tramvay relslarini yuvib ketgandi.

«6-mikrorayon aholisi Krayney ko‘chasidan vokzalga qadar zudlik bilan vaqtincha joylashtirish punktlariga evakuatsiya qilinishi kerak. Evakuatsiya avtobuslari Krayney ko‘chasidagi „Pyaterochka“ do‘koni oldida kutadi», — deyiladi Orsk meriyasi e’lonida.

Mahalliy telegram-kanallar ham shunday ogohlantirishlar berilgan: «6- mikrorayon. Suv tezlik bilan ko‘tarilmoqda», «6- mikrorayon ayni damda! Krayney ko‘chasini suv bosdi, ko‘p kvartiralarga qarab ketmoqda!», «Orskning 6-mikrorayoni. Suv dahshatli kuch bilan yaqinlashmoqda!»

10 yildan ko‘proq vaqt oldin Orskda Uralning ikki sohiliga yaqin hududlarda sohil to‘g‘onlari qurilgandi. Bunday to‘g‘onlar tuproq va toshdan bunyod etiladi. Ularning vazifasi bahorgi toshqinlar chog‘ida turar joylar hududiga suv kelishining oldini olish hisoblanadi.

Bu yilda suv toshqini kuchliroq bo‘lib chiqdi. Shu tufayli oqimning yuqori qismidagi GESda Iriklinskiy suv omboridan ko‘proq suv chiqarishga to‘g‘ri keldi. To‘g‘onlar esa rekord darajadagi suv bosimiga dosh berolmadi.

Juma kuni Uralning chap sohilida ilk to‘g‘on buzilishi ro‘y berdi va Eski shaharni suv bosishi boshladi. Bu hudud asosan kottejlardan iborat va shanba kuni kunduzi katta maydon jigarrang suv bilan qoplandi.

Bir kun ichida Orskda suv bosgan hudud bir necha bor kengaydi. Yakshanba tongida yana uchta ko‘cha aholisi evakuatsiyasi e’lon qilindi, suv bosgan mikrorayonlar esa elektr va gazdan uzildi.

Chap sohil ortidan o‘ng sohil ham

Shanba kuni Eski shahardan o‘ng sohildagi Yangi shaharga ko‘chirilgandi, bu hududda ko‘p qavatli turar joy binolari va turli korxonalar joylashgan. Shanba kuni kechqurun suv bu yerga ham yetib keldi.

Birinchidan, Gagarin maydonini suv bosdi, u shahar avtovokzali oldida joylashgan, qutqaruvchilar va maxsus texnikalar evakuatsiya qilingan odamlarni daryo orqali shu yerga keltirayotgan, odamlar bu yerdan avtobuslarda qarindoshlarinikiga yoki vaqtincha joylashtirish markazlariga yo‘l olishi mumkin edi. Endilikda evakuatsiya markazini toshqin daryo sohilidan yanada uzoqroqqa ko‘chirishga to‘g‘ri kelgan.

Suv avtovokzal hududidan markaziy Stroiteley ko‘chasi bo‘ylab harakatlandi va ko‘p kvartirali uylar joylashgan qo‘shni ko‘chalarga tarqaldi. Tunda suv uylarning pod’yezdlariga kirib keldi. Odamlar tizza bo‘yi suv kechib uylarini tark etmoqda. «Stroiteley ko‘chasidagi vaziyat yomonlashgandan yomonlashmoqda. Tok o‘chirilgan», — deya vaziyatni tasvirlaydi Orsk.ru portali.

Tongdayoq Gagarin maydonida allaqachon qayiqlar suzayotgandi, ko‘p qavatli uylarning hovlilari suv bilan to‘lgandi. Shu bilan birga, avtovokzalni suv bosmagan.

Ikkinchidan, shanba kuni kechqurun Nikel ishchilar posyolkasi suv ostida qola boshlagan — u shaharning o‘ng sohildagi qismi chekkasida joylashgan. FVV ushbu hududda ikkinchi to‘g‘on buzilganini tasdiqlagan.

Guvohlar uylarga suv tez sur’atlarda yaqinlashib kelayotgani aks etgan kadrlarni e’lon qilgan. Ko‘chalarga favqulodda evakuatsiya amalga oshirish uchun qutqaruvchilarning texnikalari keltirilgan, atrofni sirena ovozlari to‘ldirgan. Politsiya mashinalari ovozkuchaytirgichlar bilan hududni aylanmoqda. «15-20 daqiqa o‘tgach yo‘lni suv bosadi», — deydi videolardan birida mahalliy aholi vakili.

«Yorilish ro‘y berdi — Bogrisoglebskiy rayonidagi ko‘chalarga suv toshib chiqdi. Va suv tezlik bilan shaharning ushbu qismiga bostirib kelmoqda, — degan jurnalistlarga Orsk meri Vasiliy Kozupitsa. — Kecha suv tezda kirib kelishi evakuatsiya jarayonini qiyinlashtirgan Eski shaharda olingan achchiq saboqdan kelib chiqqan holda o‘z vaqtida evakuatsiya ishlari amalga oshirildi».

Orskning Eski shahar qismi — bu hududda asosan xususiy sektor joylashgan
Foto: YEGOR ALEYEV/TASS

Ammo Nikel posyolkasida yashovchilarning barchasi ham ketishga rozilik bermagan. «Biz uchinchi qavatda turamiz — nima uchun evakuatsiya bo‘lishimiz kerak? — deydi mahalliy aholi vakillaridan biri Orsk.ru muxbiriga. — Biz suv va yegulikni g‘amlab oldik. Qo‘rqmaymiz».

«Bu vaziyat 1957 yilni takrorlamoqda. O‘shanda suv toshqini bo‘lgan va Nikel [posyolkasi] suv ostida qolgan. Faqat o‘shanda to‘g‘onlar bo‘lmagan. Hozir ham barchasi shunday ssenariyda kechyamoqda. Ammo [Nikelchilar] prospekti suv ostida qolmasa kerak: suv chapdan, jarlik orqali ko‘lga ketishi mumkin», — degan «Orenburg Media» nashriga qutqaruvchilarga yordamlashayotgan mahalliy aholi vakili Aleksey.

Yangi sirenalar ovozi eshitilgach, qutqaruvchilar ko‘ngillilardan o‘z mashinalarini olib ketishni so‘ragan, chunki Nikelchilar prospekti ham suv bosgan hududga aylangan. «Posyolka bir kechada suv ostida qoldi», — deya yozadi nashr.

Favqulodda xizmatlar RIA Novostiga xabar berishicha, Orskning suv bosgan hududida uch kishining jasadi topilgan. 

7 aprel tongida mahalliy rasmiylar voqealarning «eng yomon ssenariysi»da hududda 6644 ta turar joy suv ostida qolishi mumkinligini bildirdi.

Orskda aholini evakuatsiya qilish jarayoni, 2024 yil 6 aprel
Russian Ministry of Emergency / Anadolu / ABACAPRESS / ddp images / Vida Press

Orenburgda ham vaziyat yomonlasha boshlagan

Oblast rasmiylari suv oqimini «barqaror» deb aytayotgandi, ammo 6 aprel kuni kechqurun Orenburg shahridagi avtomobillar harakati cheklandi va Uralskaya ko‘chasida to‘siqlar o‘rnatildi. Bundan tashqari, Ovchinniy mikrorayonidagi bir necha ko‘chalardagi uylar elektr ta’minotidan uzildi.

7 aprel tongida shahar ma’muriyati Orenburg hududida Ural suvi yana 28 santimetrga ko‘tarilganini ma’lum qildi. Mahalliy «Ural56» nashri qayd etishicha, suv sathi 856 santimetrga yetgan, 930 santimetrlik daraja xavfli hisoblanadi.

Shahar hududida 1347 ta uyga suv kirib kelgan, 428 kishi, jumladan 27 bola evakuatsiya qilingan. Keyinroq rasmiylar Orenburgda 403 ta turar joy suv ostida qolgani, 889 kishi evakuatsiya qilingani, shundan 229 nafari bolalar ekanini ma’lum qildi.

Hukumat Orenburg shahri va xavf yuqori bo‘lgan qishloqlar aholisiga «vaziyat yomonlashishini kutmasdan» o‘z uylarini tark etishga chaqirgan. Shahar rahbari Sergey Salmin avvalroq xavfli hududlardagi uylarini o‘z ixtiyori bilan tark etmaganlar majburan evakuatsiya qilinishi haqida ogohlantirgandi.

Orenburg oblasti rahbari Denis Pasler 7 aprel tongida o‘tgan kun davomida Iriklinskiy suv omboriga suvning umumiy oqimi kamaygani va hozirgi vaziyat soniyasiga suv tashlash hajmini 500 kub metrga kamaytirib — 1670 kub metrgacha tushirishga imkon berishini aytgandi. Ammo ma’muriyat suv toshqini bilan bog‘liq jarayonlar «hozircha sur’atni pasaytirmayotgani»ni ta’kidlagan. Gubernator Denis Pasler 2024 yilgi suv toshqinini Orenburg oblastidagi kuzatuvlar tarixidagi eng yirigi deb atagan.

«Ikki-uch kundan keyin pasayish qachon kutilishini aytish mumkin bo‘ladi», — deya qo‘shimcha qilgan gubernator.

Orsk meri shanba kuni Uraldagi suv sathi faqat ikki-uch haftadan keyin pasaya boshlashi mumkinligini aytgandi.

Orsk aholisi evakuatsiya qilinishi
Sergey Niikiforov / Sputnik / Scanpix / LETA

Kreml ham Orenburg oblastidagi vaziyatga e’tibor qaratdi

Shanba kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin FXX rahbari Aleksandr Kurenkovga «barcha zarur ishlarni voqea joyida tashkillashtirish» uchun zudlik bilan shu yerga uchishga topshiriq bergan. Yakshanba kuni Kurenkov Orsk yetib kelgan.

Kurenkov eng og‘ir vaziyat Orsk shahrining Lenin rayoni va Eski shahar hududida kuzatilayotganini aytgan. U hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun kuch va vositalar «yetarli» ekanini ta’kidlagan.

Qo‘shni Kurgan oblasti ham xavf ostida qolmoqda. Region rahbari Vadim Shumkov 6 aprel kuni kechqurun «qo‘shnilarda suv oqimi ortishi tufayli» toshqin bo‘yicha prognoz keskin yomonlashganini xabar qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Kurgan hududida daryo sathi 1994 yildagi kabi to‘qqiz metrga ko‘tarilishi kutilmoqda. Shumkov o‘z xabarida suv ostida qolishi mumkin bo‘lgan aholi yashash manzillarini sanagan.

Mahalliy telegram-kanallar bunday Uralni oldin ko‘rishmaganini yozishgan (fotoda — Eski shahardagi sektor, bu hudud shanbaga o‘tar kechasi suv ostida qola boshlagandi)
Foto: YEGOR ALEYEV/TASS

Mavzuga oid