Sport | 11:18 / 08.04.2024
14087
12 daqiqa o‘qiladi

«MYu» «Liverpul»ni yana ranjitdi. APLda poyga qizigandan qizimoqda

Endi chempionlikni to‘plar nisbati hal qilishi mumkin. Bunaqasi oldin ham bir marta bo‘lgan.

Foto: East News/AP Photo/Dave Thompson;

«Old Trafford»dagi 2:2 hisobidan keyin «Arsenal» birinchi o‘rinda qoldi

«Manchester Yunayted»  «Liverpul» 2:2
Gollar: Fernandesh (50), Maynu (67) — Dias (23), Saloh (84, penalti).
Manchester Yunayted – Onana, Dalot, Maguayr, Kambvala, Uan-Bissaka, Kazemiro, Fernandesh, Maynu (Maunt, 84), Garnacho (Amrabat, 79), Reshford (Antoni, 66), Hoylund.
Liverpul – Kelleher, Bredli (Gomes, 66), van Deyk, Kuansa, Roberson, Endo (Elliott, 69), Soboslai (Jons, 66), Mak Allister, Saloh, Dias, Nunes (Gakpo, 68).
Ogohlantirishlar: Bredli (7), Kambvala (74), Onana (80), Jons (89), Maunt (90+3), Antoni (90+4), Kazemiro (90+7).

Uch hafta muqaddam «Manchester Yunayted» va «Liverpul» «Old Trafford»da mavsumning eng yaxshi o‘yinlaridan birini namoyish etib bergandi — mezbonlar Angliya kubogi chorakfinalida qo‘shimcha bo‘limlarda 4:3 hisobidagi g‘alabaga erishgan va qizillarni mavsumda o‘zi ishtirok etayotgan barcha turnirlarda g‘olib bo‘lib, kvadruplni nishonlash umididan mahrum etgandi. Endi «Yunayted»da chempionlik poygasida ishtirok etayotgan Yurgen Klopp jamoasining oyog‘idan chalib qolish imkoniyati paydo bo‘ldi — «MYu» muvaffaqiyat qozongan taqdirda, «Arsenal» yakkapeshqadamga aylanib olishi mumkin edi.

Katta ehtimol bilan, bu jamoa uchun yaxshigina motivatsiya edi. Nima bo‘lganda ham «Liverpul» — jamoaning azaldan asosiy va ashaddiy raqibi sanaladi. «Manchester Siti»ga arab shayxlari pullari evaziga so‘nggi yillarda shovqin ko‘targan qo‘shnilar sifatida qaraladi. «Liverpul»ning popugini pasaytirib qo‘yish»ni esa o‘z vaqtida ser Aleks Fergyuson o‘z faoliyatidagi asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilab olgandi. Va buyuk shotland bunga erishgandi — uning davridagi g‘alabalar evaziga hozirga kelib chempionlik titullari bo‘yicha g‘oliblik «MYu» foydasiga 20:19 ko‘rinishini olgan.

Ammo, boshqa tomondan, «Yunayted» darajasidagi klub uchun bu maydaroq maqsad. Erik ten Hag jamoasi asosiy raqobatchilari «Aston Villa» va «Tottenhem» muntazam ravishda ochko yo‘qotgani tufayli kuchli top-4 uchun kurashga qo‘shilish imkoniyatiga ega bo‘lgandi, ammo «Brentford» (1:1) va «Chelsi» (3:4) bilan o‘yinlardan keyin vazifa qiyinlashib ketdi. Bu uchrashuvlarda «MYu» qo‘shimcha daqiqalarda g‘alabani qo‘ldan boy bergani ayniqsa og‘riqli bo‘ldi — «asalarilar» 90+9-daqiqada hisobni tenglashtirdi, ko‘klar — 90+10- va 90+11-daqiqalarda g‘alabani ilib ketishdi. Agar «Brentford» bilan o‘yin mantiqiy hisobda yakunlangan bo‘lsa («MYu» butun o‘yin davomida sust harakat qilgandi), «Stemford Brij»dagi o‘yinda yo‘q joydan gollar o‘tkazildi.

32-turning markaziy uchrashuvida esa «MYu»da himoya markaziga tushirish uchun futbolchi qolmagandi. «Brentford»ga qarshi o‘yinda Martines va Lindelyof jarohat olgandi, «Chelsi» bilan o‘yinda Rafael Varan va Jonni Evans ham safdan chiqdi, Shou esa ancha vaqtdan buyon o‘ynamayapti. Natijada «Liverpul»ga qarshi o‘yinda mudofaa markazida Harri Maguayr va Villi Kambvala o‘ynadi, 19 yoshli himoyachi APL o‘yinida ilk bor boshlang‘ich tarkibda maydonga tushdi. 

«Liverpul»ga qarshi o‘yin startida ikki xil hissiyot bor edi: 1) muxlislar mart oyidagi telbavor o‘yinning davomiga guvoh bo‘lishadi; 2) «MYu» o‘tgan haftadagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin g‘azab otiga mingan va raqibni yanchib tashlash uchun maydonga tushgan. O‘yin sur’ati yuqori edi, ikki tomon ham to‘xtovsiz hujum qildi — o‘yinning boshlang‘ich qismi ko‘p narsa va’da qilardi. Ilk 10 daqiqalikda «MYu» munosib o‘ynadi va raqibdan qolishmadi, ammo ko‘p o‘tmay «Liverpul» aniqroq harakat qilayotgani oydinlashdi — 3-daqiqadayoq Andre Onana Dominik Soboslai bilan yakkama-yakka vaziyatda qutqarishiga to‘g‘ri keldi, Saloh va Nunesning zarbalari ustun yonidan o‘tib ketdi. 20-daqiqaga kelib zarbalar nisbati mehmonlar foydasiga 5-0 edi, tanaffusga qadar — 15-0 ko‘rinishiga keldi.

Bu zarbalardan ko‘p qismi himoyachilar tomonidan to‘sildi. Villi Kambvala bir necha bor Darvin Nunesni to‘xtatib qoldi, vaziyatlardan birida esa xavfli tashlanish bilan to‘pni Luis Diasdan olib qo‘ydi, natijada kolumbiyalik hujumchi ma’lum vaqt gazonda yotdi.

Maguayr — Kambvala juftligi ten Hag bu mavsumda foydalangan 12-markaziy himoyachilar kombinatsiyasi bo‘ldi. Agar butun himoya chizig‘i hisoblansa, bu 26-xildagi ko‘rinish. Va bu «MYu»ning bu mavsumdagi beqaror o‘yini sabablaridan biri.

«Liverpul» baribir zarbalar bo‘yicha o‘z ustunligini golga aylantirdi — burchak zarbasidan keyin Nunes olis ustun yaqinida bo‘sh qolgan Diasni to‘p bilan ta’minladi.

Startdagi qarama-qarshi kurslarda kechgan o‘yindan asar ham qolmadi. Mezbonlar umuman hujum uyushtirmay qo‘yishdi, mehmonlar esa barchasini tanaffusga qadar hal etish uchun yetarlicha imkoniyatlarga ega bo‘lishdi. Ular osonlik bilan zarba berish pozitsiyasiga chiqardi, ammo shu qadar osonlik bilan vaziyatlarni ko‘kka sovurardi. Bu esa Kloppning qattiq jahlini chiqardi — u jarima maydoni markazida turib darvoza to‘sini yuqorisiga tepgan Salohga ochiq e’tiroz bildirdi.

«Liverpul» ikkinchi bo‘limni ham faollik bilan boshladi va bir qancha xavfli vaziyatlar yaratdi. Keyin esa aql bovar qilmas hodisa ro‘y berdi va o‘yin o‘zgarib ketdi.

«Liverpul»ning yosh himoyachisi Kuansa oddiy vaziyatda o‘ng qanotdan maydon markaziga qarata yerlatib pas berishda xato qildi. To‘pga birinchi bo‘lib Brunu Fernandesh yetib keldi va paysalga solmasdan darvozaga zarba yo‘lladi. Portugaliyalik yarimhimoyachining zarbasi ideal chiqdi va darvozabon ustidan oshib to‘rga borib tushdi. Kelleher esa jarima maydoni tashqarisida turgani va qizil kartochka olishi mumkinligiga qaramay to‘pga qo‘l cho‘zib yetishga harakat qildi.

Bu gol «MYu»ga ishonch bag‘ishladi va o‘yinda xaotik vaziyatni yuzaga keltirdi — hozirgi «Yunayted» shunday o‘ynashni yoqtiradi.

Ko‘p o‘tmay yana bir chiroyli gol urildi — Kobbi Maynu chap qanotdan jarima maydoniga kirib, olis «to‘qqiz»likni aniq nishonga oldi.

Lekin o‘yin oxirida «Liverpul» bosimni kuchaytirish evaziga baribir hisobni tenglashtira oldi. Van-Bissaka keraksiz vaziyatda jarima maydoni ichida Elliottga podkat tashladi, ammo to‘pga yeta olmadi. Videotakrorda «Liverpul» yarimhimoyachisi ham ayyorlik ishlatganini ko‘rish mumkin, ammo hakam bu epizodni penalti deb topdi.

VAR aralashmadi, bu mavsumda «Brentford» va «Nyukasl» darvozasiga 11 metrdan zarba berishda xato qilgan Saloh bu safar benuqson harakat qildi – 2:2.

O‘yinning so‘nggi daqiqalari birinchi bo‘lim oxiridagi kabi kechdi — ikki tomon ham boshqa xato qilmaslikka harakat qildi. So‘nggi harakat esa Elliotning Onanaga qiyinchilik tug‘dirmagan zarbasi bo‘ldi.

Bu o‘yin ham uch hafta oldingisi kabi tomoshabop kechdi va yakun ham «Liverpul» uchun ko‘ngilsiz bo‘ldi. Durang tufayli qizillar yetakchilikni boy berishdi — Klopp jamoasida ham «Arsenal»dagi kabi ochko bor (71 tadan), ammo to‘plar nisbati yomonroq — «+42» ga qarshi «kanonirlar»da «+51». Uchinchi o‘rindagi «Siti»da — 70 ochko va to‘plar nisbati «+40».

Londonliklar fevral va martni kuchli o‘tkazishdi – APLdagi 11 o‘yinda 10 g‘alaba va «Siti» bilan golsiz durang, jami to‘plar nisbati 38:4. Chempionat startida jamoa gollar nisbati bo‘yicha yoki ortda qolayotgan, yoki «Siti» va «Liverpul» bilan bir xil darajada ketayotgandi.

«Arsenal» 20-turdan keyin vaziyatni yaxshilay boshladi, o‘shanda bir oy ichida «Kristal Pelas» (5:0), «Vest Hem» (6:0) va «Byornli» (5:0) kabi jamoalar yirik hisobda tor-mor etildi. Raqiblar esa bu vaqt oralig‘idagi o‘yinlarda kamtarona g‘alabalarga erishgandi.

Jamoalar mavsum oxirigacha yana 7 tadan o‘yin o‘tkazadi, taqvim nisbatan «Arsenal»da qiyinroq, ammo endi barchasi jamoaning o‘z qo‘lida, agar barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonilsa, raqiblarining natijalaridan qat’i nazar chempionlikka erishish ehtimoli yuqori bo‘ladi – «Liverpul» qolgan o‘yinlarda to‘plar nisbatidagi bu qadar katta farqni yo‘qqa chiqarishi amalda imkonsiz.

APLda bungacha ham to‘qqiz marta chempion nomi mavsumning oxirgi turida aniq bo‘lgandi (oxirgisi 2022 yilda). Ammo faqat bir marta barchasi gollar nisbatiga bog‘liq bo‘lgan – 2011/12 yillar mavsumida «MYu»ning «Siti» bilan poygasida. Ikki jamoa ham 86 ochkodan to‘plagan, ammo «Siti» qo‘shnilarini to‘plar nisbati evaziga ortda qoldirgan (+56 ga qarshi +64 ). Barchasi so‘nggi o‘yinlarda hal bo‘lgan: «Manchester Siti» – «KPR» va «Sanderlend» – «Manchester Yunayted». 

O‘yini ertaroq yakunlangan «Yunayted» zerikarli o‘yinda 1:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘z vazifasini bajargan, «Siti» esa ligada qolish uchun kurashayotgan «Kuinz Park Reyndjers» bilan shiddatli bahs olib borgan va 90-daqiqagacha 1:2 hisobida ortda borgan. Bu vaqtgacha raqib darvozasiga 44 bor zarba berilgan, 19 bor burchak zarbasi ijro etilgan, ammo bundan naf bo‘lmagan.

Keyin esa mo‘jiza ro‘y bergan – parallel uchrashuvlardagi natijalar tufayli raqib bo‘shashgan, Edin Jyeko va Serxio Aguero 100 soniyadan kamroq vaqt ichida ikkita gol urib, chempionlikni ta’minlashgan.

Mavzuga oid