Jahon | 10:37 / 08.04.2024
4725
3 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu: Isroil HAMASning 24 batalyonidan 19 tasini yo‘q qildi

Binyamin Netanyahuning aytishicha, HAMASni yo‘q qilish G‘azo sektori «Isroilga tahdid uyg‘otishi to‘xtatilguncha» davom etadi. 

Foto: XinHua / Global Look Press

G‘azo sektoridagi olti oylik janglar davomida Isroil Mudofaa armiyasi (TsAHAL) HAMAS harakatining 24 ta batalyonidan 19 tasini yo‘q qildi. Bu haqda 7 aprel, yakshanba kuni Isroil delegatsiyasining Qohirada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi muhokama qilingan vazirlar mahkamasi yig‘ilishida bosh vazir Binyamin Netanyahu aytib o‘tdi. 

«Bizning yutuqlarimiz katta: biz 24 ta HAMAS batalyonidan 19 tasini, jumladan, yuqori martabali qo‘mondonlarni yo‘q qildik. Hamaschilarning katta qismini o‘ldirdik, yarador qildik yoki asirga oldik. Raketa zavodlari, qurol va o‘q-dorilar omborlarini vayron qildik», - deya bosh vazirning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Ynet agentligi. Netanyahuning qo‘shimcha qilishicha, TsAHAL G‘azo sektori «Isroilga tahdid uyg‘otishi to‘xtatilguncha» HAMASni yo‘q qilishda davom etadi. Bosh vazir, shuningdek, HAMAS tomonidan asirga olingan 133 nafar garovga olinganlar qaytarilmasdan turib, «o‘t ochishni to‘xtatish bo‘lmaydi» deb ishora qildi. 

G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatish va HAMAS tomonidan asirga olingan garovga olinganlarni Isroil qamoqxonalarida saqlanayotgan falastinliklar bilan almashish bo‘yicha so‘nggi muzokaralar 7 aprel kuni Qohirada boshlandi. Isroil va HAMAS ularni vositachilar - AQSh, Misr va Qatar orqali olib bormoqda. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 33 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Mavzuga oid