Jahon | 15:10 / 10.04.2024
3216
3 daqiqa o‘qiladi

Berbok Moldovani YeIga a’zolik yo‘lida faol qo‘llab-quvvatlashiga ishontirdi

Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari so‘zlariga ko‘ra, Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi «geosiyosiy zarurat va Rossiyaning Ukrainadagi urushi natijasidir». Annalena Berbok Kishinyovning islohotlar yo‘lidagi muvaffaqiyatini yuqori baholadi. 

Foto: AP

Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Moldovaga Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida qo‘shimcha yordam taqdim etishga va’da berdi. Moldovalik hamkasbi Mixay Popshoy bilan 9 aprel, seshanba kuni Berlinda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda u Moldovaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishini «geosiyosiy zarurat va Rossiya urushi natijasi» deb atadi

Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbari Rossiyaning gibrid tahdidlariga, xususan dezinformatsiyaga duchor bo‘lgan Moldova Yevropa Ittifoqiga kirish uchun nomzod sifatida o‘ta og‘ir sharoitlarda muhim islohotlarni amalga oshirganini yuqori baholadi. Endi bu yo‘nalishni davom ettirish va «islohot yo‘lini, ayniqsa, adliya sohasida to‘xtatmaslik zarur», dedi u. 

Berbok: Moskva moldovanlarni parchalash uchun hamma narsani qiladi

Moldovada bo‘lajak saylovlar va Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha rejalashtirilgan referendum haqida gapirar ekan, Berbok shunday dedi: «Biz aniq bilamizki, Rossiya sizni parchalash va o‘z tashviqotini yoyish uchun hamma narsani qiladi».

Germaniya tashqi ishlar vazirligi rahbariga ko‘ra, erkinlikning yuqori darajasi tufayli demokratik davlatlar saylov kampaniyalarida ayniqsa zaif. «Ammo demokratiyalar himoyasiz emas», - deya ishontirdi Annalena Berbok. Unga ko‘ra, Moldova dezinformatsiyaga qarshi kurash markazi Yevropa Ittifoqi bilan birgalikda Rossiyaning feyk yangiliklari va yolg‘on ritorikasini tahlil qilish hamda ularga javob berish imkoniyatlarini yanada kengaytirish bo‘yicha ishlar olib bormoqda.

Mixay Popshoy, o‘z navbatida, Kishinyov islohotlarni amalga oshirish va korrupsiyaga qarshi kurashda muvaffaqiyatga erishayotganiga ishontirdi. «Bizning barcha fuqarolarimiz o‘zlarini Yevropa Ittifoqi fuqarolaridek his qiladi», dedi u. Bundan tashqari, Moldova tashqi ishlar vazirligi rahbari ta’kidlaganidek, bu Kreml Moldova aholisi, jumladan, rumin yoki rus tillarini biladiganlar o‘rtasida «gibrid urushning barcha vositalaridan foydalanayotganiga» qaramay sodir bo‘lmoqda.

Moldova Yevropa Ittifoqiga a’zolikka nomzod davlat maqomiga ega. 2023 yil oxirida Yevrokomissiya Kishinyov bilan mamlakatning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. 

Mavzuga oid