Jahon | 18:26 / 10.04.2024
19706
2 daqiqa o‘qiladi

Meteorologlar ketma-ket o‘ninchi oy global harorat rekordini qayd etdi

2024 yilning mart oyi Yer yuzida kuzatuvlar davridagi (1991 yildan boshlab) eng issiq mart bo‘ldi. Oylik harorat rekordlari surunkasiga 10 oydan beri yangilanyapti.

2024 yil mart oyi butun dunyo bo‘ylab kuzatuvlar tarixidagi eng issiq mart bo‘ldi. Meteorologlar ketma-ket o‘ninchi oy harorat rekordini qayd etmoqda. Bu haqda Copernicus Yevropa iqlim xizmati xabar berdi.

Qayd qilinishicha, mart oyida sayyora yuzasida o‘rtacha harorat Tselsiy bo‘yicha 14,14 darajani tashkil etgan — bu 1991 yildan 2020 yilgacha bo‘lgan mart oylaridagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan 0,73 darajaga yuqori. Bundan tashqari, bu 2016 yil mart oyi, ya’ni avvalgi rekord qayd etilgan davrga nisbatan ham 0,1 darajaga ko‘p.

Oxirgi 12 oy davomidagi (2023 yil aprelidan 2024 yilning martigacha) global o‘rtacha harorat ham tarixdagi eng yuqori ko‘rsatkichga chiqdi. Harorat 1850−1900 yillardagi sanoatgacha bo‘lgan davrga nisbatan 1,58 daraja yuqori bo‘ldi.

«2024 yil mart oyida havo va dengiz yuzasi harorati bo‘yicha qator iqlim rekordlari kuzatilmoqda… Havo isib borishini to‘xtatish uchun issiqxona gazlarining emissiyasini tez sur’atda kamaytirish zarur», dedi Copernicus direktori o‘rinbosari Samanta Byorjyes.

Yevropadan tashqari Shimoliy Amerika, Grenlandiya, Sharqiy Rossiya, Markaziy Amerika, Janubiy Amerikaning bir qismi, Afrikaning ko‘p qismlari, Avstraliyaning janubi va Antarktidaning ayrim qismlarida o‘rtachadan yuqori harorat qayd etilgan.

Mavzuga oid