Jahon | 14:06 / 11.04.2024
10637
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga hujumlardan keyin neft eksportini oshirdi

Rossiya neft eksporti neftni qayta ishlash zavodlariga dronlar hujumidan so‘ng keskin oshdi, deb yozadi «Kommersant». Shu bilan birga, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, G7 tomonidan belgilangan narx chegarasiga rioya etilmayapti.

Foto: Vitaly Timkiv/SNA/IMAGO

Ukraina dronlarining hujumlari tufayli neftni qayta ishlash zavodlarini yuklash bilan bog‘liq muammolar fonida Rossiya neft kompaniyalari mart oyida dengiz eksportini sezilarli darajada oshirdi, deb yozadi 10 aprel, chorshanba kuni «Kommersant». Nashr keltirgan Kpler tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida neft eksporti 2023 yil may oyidan buyon eng yuqori ko‘rsatkichga yetgan va kuniga 3,8 million barrelni tashkil etgan.

Yanvar va fevral oylarida Rossiya tankerlar orqali mos ravishda sutkasiga 3,5 million barrel va 3,3 million barrel eksport qildi. «Rossiya Ukraina uchuvchisiz uchoqlarining hujumidan keyin neftni qayta ishlash zavodlarida sodir bo‘lgan avariyalar tufayli o‘z quvvatlari bir qismi tugashi fonida neft eksportini sezilarli darajada oshirishga majbur», deb yozadi «Kommersant». 

Gazeta suhbatdoshlariga ko‘ra, bir qator neft ishlab chiqaruvchi korxonalar avariyalardan keyin ishlab chiqarishni qisqartirishga majbur bo‘lgan. 2024 yilning ikkinchi choragida esa Rossiya OPEK+ bilan kelishuvlar doirasida neft qazib olish va uning eksportini qisqartirishi kerak. Shu tariqa, iyun oyida, bosh vazir o‘rinbosari Aleksandr Novakning so‘zlariga ko‘ra, neft qazib olish kuniga 9 million barrelgacha kamayishi kerak. 

Bloomberg: narx chegarasiga rioya etilmayapti 

Shu bilan birga, Bloomberg xabar berishicha, Rossiya nefti xalqaro bozorda G7 mamlakatlari tomonidan belgilangan narx chegarasidan ancha yuqori sotilmoqda. 

Xususan, Argus Media mustaqil narx agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning Urals xom nefti hozirda Boltiq va Qora dengiz portlaridan bir barrel uchun 75 dollardan, ya’ni belgilangan chegaradan 25 foizga qimmatroq narxda jo‘natilyapti.

Shunday qilib, Bloomberg ta’kidlashicha, Ukrainadagi urushni davom ettirish uchun Moskvani daromaddan mahrum qilishi kerak bo‘lgan taqiq, shubhasiz, amal qilmayapti. 

Mavzuga oid