Jahon | 22:40 / 13.04.2024
10411
2 daqiqa o‘qiladi

Zaporijjya atom elektr stansiyasining barcha reaktorlari to‘xtatildi

AEXA reaktorlarni ma’lum muddat shu holatda saqlashni tavsiya qilgan.

Foto: Getty Images

Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (AEXA) Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan Zaporijjya atom elektr stansiyasining to‘rtinchi energetika bloki sovuq o‘chirish rejimiga o‘tkazilganini ma’lum qildi. Bu barcha 6 ta reaktor to‘xtatilganini anglatadi.

Bu holat 2022 yil oxiridan beri birinchi marta yuz bermoqda. To‘rtinchi energiya bloki 13 aprel kuni ertalab ushbu ish rejimiga o‘tgan.

AEXA bosh direktori Rafael Grossining qayd etishicha, tashkilot reaktorlarni ma’lum muddat shu holatda saqlashni tavsiya qilgan, biroq to‘rtinchi energoblokni to‘xtatish stansiyaning aksariyat xodimlari istiqomat qiladigan Energodar shahri qishki isitish mavsumini yakunlaganidan keyin boshlangan.

Zaporijjya AES 2022 yil sentabridan beri Ukraina tarmog‘iga elektr energiyasi yetkazib bermayapti, biroq mahalliy aholini issiqlik energiyasi bilan ta’minlash va suyuq radioaktiv chiqindilardan bug‘ni tozalash uchun reaktorlardan birini issiq o‘chirish rejimida ushlab turibdi, deyiladi AEXA bayonotida.

Bayonotda ta’kidlanishicha, sovuq o‘chirish holatida, agar issiqlikni bartaraf etilmasa, shoshilinch choralar talab qilinishidan oldin bir necha kunlik vaqt bor.

Bundan tashqari, ushbu rejimda stansiya kamroq suv iste’mol qiladi. Kaxovka GES to‘g‘oni vayron qilingandan keyin suv yetarli emas edi.

Mavzuga oid