Jahon | 21:33 / 16.04.2024
53537
4 daqiqa o‘qiladi

Mashhur jarroh Timur Haydarov klinikasida tintuv o‘tkazildi, jinoyat ishi ochildi

O‘zbekistonda tug‘ilgan, hozir Rossiyada faoliyat yurituvchi plastik jarroh Timur Haydarovning klinikasida o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyasidan keyin bemor o‘limi yuz bergani sababli jinoyat ishi ochildi.

Foto: drkhidarov.ru / VK

Moskva shahri Tergov qo‘mitasi tomonidan «Iste’molchilarning hayoti va sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan, o‘limga olib kelgan xizmatlar ko‘rsatish» moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. 

Qayd qilinishicha, politsiya klinikada, shuningdek, «klinikaning amaldagi boshqaruvchisi», ijrochi direktori, bosh shifokor, jarroh, assistent va anesteziologning uyida tintuv o‘tkazgan. Sud-tibbiy ekspertizalari, jumladan, sanitariya-epidemiologiya ekspertizalari tayinlangan. 

Qayd qilinishicha, bunga tadbirkor Pyotr Gavrilovning IQ Plastique klinikasida oshqozon rezeksiyasidan so‘ng vafot etgani sabab bo‘lgan. Jarrohlik operatsiyasidan keyin 35 yoshli prodyuserning sog‘lig‘i yomonlashgan va u yana klinikaga murojaat qilgan. Shunda unda takroran jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan. Biroq bemorning ahvoli yomonlasha boshlagan va shu sababli u boshqa tibbiyot muassasasiga yotqizilgan va u yerda komaga tushib, vafot etgan. 

Tergov davomida IQ Plastique klinikasi benefitsiari Timur Haydarov ekani aniqlangan. Jurnalistlarning yozishicha, hozir bemorlarning ko‘plab boshqa shikoyatlari tekshirilmoqda va sud-tibbiy ekspertiza tayinlangan. 

Plastik jarroh Timur Haydarov dastlab Pyotr Gavrilovning o‘z klinikasida vafot etgani haqidagi xabarlarni rad etdi. Uning ta’kidlashicha, IQ Plastique oshqozonni rezeksiya qilish operatsiyalarini bajarmaydi. 

Biroq, keyinchalik Haydarov Gavrilovning operatsiyasini IQ Plastique klinikasi shifokori Ilya Yelagin amalga oshirganini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassis 300 mingdan ortiq shu kabi jarrohlik amaliyotini bajargan. 

Advokat Aleksandr Dobrovinskiy so‘zlariga ko‘ra, sodir bo‘layotgan voqealar Haydarovning obro‘siga putur yetkazishga urinishdir. 

Avvalroq, bir qancha rossiyalik yulduzlar Timur Haydarov tomonidan amalga oshirilgan plastik operatsiyalar sifati bo‘yicha shikoyat qilishgan edi. Jumladan, xonanda Slava (Anastasiya Slanevskaya) Haydarov operatsiyasidan so‘ng, bir yildan ortiq stress holatida yashaganini va o‘zini ko‘zguda ko‘ra olmasligini aytdi. Buning sababi yuz terisini tortish va mammoplastika bo‘yicha muvaffaqiyatsiz operatsiya edi. 

Aktrisa Lyubov Uspenskaya ham mammoplastika muvaffaqiyatsiz o‘tganini, oqibatda turli muammolarga duch kelganini aytdi. 

Sobiq bemor, yuz-jag‘ jarrohi Aleksandr Vdovin unga tahdid qila boshlaganidan so‘ng, Haydarov politsiyaga murojaat qilishga majbur bo‘ldi. Vdovin so‘zlariga ko‘ra, Haydarov klinikasida dumba implantatsiyasi operatsiyasi sog‘liq bilan bog‘liq jiddiy muammolarga olib kelgan. Vdovin Haydarovdan 10 million rubl tovon puli talab qildi. 

Plastik jarroh Timur Haydarov rossiyalik shou-biznes vakillari orasida mashhur sanaladi. Turli vaqtlarda Yana Rudkovskaya, Irina Dubsova, DAVA, Instasamka, Filipp Kirkorov va boshqalar uning xizmatidan foydalangan. 

Timur Haydarov O‘zbekistonda tug‘ilgan va oliy tibbiy ma’lumotni shu yerda olgan. Jarrohning shaxsiy veb-saytida uning diplomlari skanerlarini topish mumkin, shu jumladan eng birinchisi - Samarqand davlat tibbiyot universitetining umumiy amaliyot shifokori diplomi. 

Haydarov onasi jarroh bo‘lgani sababli shu kasbni tanlagani ta’kidlanadi. O‘zbekistondan Rossiyaga ko‘chib o‘tgach, shifokor o‘qishni davom ettirgan. U RUDN Tibbiyot institutida plastik jarrohlik mutaxassisligi bo‘yicha kasbiy qayta tayyorlashdan o‘tgan. 2015 yilda Haydarov kasbiy faoliyat bilan shug‘ullanishga ruxsat beruvchi jarroh sertifikatini Kursk tibbiyot universitetida olgan. Ukrainadagi Shupik nomli Milliy tibbiyot akademiyasida qayta tayyorlash kursini tamomlagan.

Mavzuga oid