Jahon | 15:00 / 17.04.2024
18064
12 daqiqa o‘qiladi

Pavel Durov Taker Karlson bilan gaplashdi. Intervyudan asosiy gaplar

Telegram asoschisi o‘zining tarixi, ilova yaratilishiga nima sabab bo‘lgani, biznes yuritish uchun nega aynan Dubayni tanlagani, pulga, ko‘chmas mulkka va shaxsiy xavfsizligiga qanday qarashi haqida gapirgan, shuningdek o‘n yil oldin Mark Tsukerberg bilan uchrashganini eslagan.

Foto: Tucker Carlson

«VKontakte» ijtimoiy tarmog‘i va Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durov amerikalik jurnalist, Fox News telekanali sobiq boshlovchisi Taker Karlsonga intervyu berdi. Intervyu Durov uchun xos bo‘lmagan videoformatda e’lon qilingan.

Tadbirkorning o‘zi avvalroq Karlson bilan suhbati fevral oyida bo‘lib o‘tganini aytgandi. O‘sha vaqtda amerikalik konservator jurnalistning Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan intervyusi ham chiqqandi.

Durovning xabar qilishicha, Karlson bilan muloqot qilgan kunida u «liberal qarashlarga ega jurnalist»ga ham uch soatlik intervyu bergan. U jurnalistning nomini keltirmagan. Mart oyida Durovning Britaniyadagi Financial Times gazetasiga bergan intervyusi e’lon qilingandi.

Durov nimalar degani haqida qisqacha

  • 2013 yilda Yevromaydon voqealari vaqtida Rossiya hukumati «VKontakte»dan namoyishlar ishtirokchilarining shaxsiy ma’lumotlarini so‘ragan. Rad javobi berganidan keyin Durov kompaniyani tark etishiga va mamlakatdan ketishiga to‘g‘ri kelgan. 
  • Telegram’ni yaratish g‘oyasi Durovda hali Rossiyada ekanida, davlatning bosimi va tintuvlar fonida paydo bo‘lgan. 
  • Telegram Rossiya hukumati ta’siri ostida ekani haqidagi mish-mishlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi, bunday gaplar messenjerning auditoriyasi o‘sib borayotganiga toqat qila olmayotgan raqobatchilar tomonidan tarqatiladi. 
  • Telegram jamoasi Berlin, London yoki Singapurga ko‘chib o‘tish haqida o‘ylagan, ammo hamma joyda byurokratik to‘siqlarga uchragan.
  • Biznesni AQShda yuritish rejasidan esa Amerika maxsus xizmatlarining sinchkovlik bilan kuzatishi tufayli voz kechishga to‘g‘ri kelgan. 
  • Turli mamlakatlardagi maxsus xizmatlarning e’tiboridan kelib chiqib, Durov o‘zi foydalanadigan barcha qurilmalar xavfsizlik nuqtayi nazaridan obro‘sizlangan deb hisoblaydi.
  • Telegram’ga eng ko‘p bosim hukumatlar tomonidan emas, balki Apple va Google korporatsiyalari tomonidan ko‘rsatiladi.
  • Telegram auditoriyasi soni 900 millionga yetgan.
  • Durov Twitter Ilon Mask tomonidan sotib olinganini olqishlagan, uning fikricha, shundan keyin ijtimoiy tarmoq «yanada so‘z erkinligi tarafdoriga aylanmoqda» va innovatsiyalar joriy etishga harakat qilmoqda. Bu esa butun ijtimoiy tarmoqlar sanoatiga yaxshi ta’sir ko‘rsatmoqda.

Batafsil

Intervyu avvalida Taker Karlson Pavel Durovdan o‘zining qayerdan ekanini so‘zlab berishini so‘ragan. Tadbirkor bunga javoban bu «uzun tarix» ekanini aytgan. Durov SSSRda tug‘ilgani, u to‘rt yoshligida oila Italiyaga ko‘chib o‘tgani va u shu yerda maktabga chiqqani, «natijada o‘ziga xos yevropalikka aylangani» haqida gapirgan. SSSR parchalangach oila Rossiyaga qaytadi, bu yerda Durov oliy ta’lim oladi va «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘iga asos soladi.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, «VKontakte» ilk bor 2011-2012 yillarda, muxolifatchilar ijtimoiy tarmoqdan namoyishlarni uyushtirishda foydalana boshlaganida Rossiya hukumati bosimiga duch kelgan. O‘shanda Rossiya hukumati «VKontakte»dan namoyishchilarning guruhlarini bloklashni talab qiladi, ammo ijtimoiy tarmoq bundan bosh tortadi. Durovning izohlashicha, o‘shanda kompaniya qaysidir tomonda  bo‘lmagan, ammo uning rad javobi so‘z erkinligini himoyalashga qaratilgandi. «Hukumatga bu umuman yoqmagandi», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Ko‘p o‘tmay Ukrainada ham namoyishlar boshlanadi, Rossiya rasmiylari esa undan ishtirokchilar va tashkilotchilarning shaxsiy ma’lumotlarini taqdim etishni talab qilishadi. «Bizning javobimiz shunday bo‘lgandi: „To‘xtang, bu axir boshqa mamlakat. Biz siz so‘raganingiz uchungina ukrainalik foydalanuvchilarimizga xiyonat qila olmaymiz“», — degan Durov.

Durovning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati keyinroq uning qarshisiga ikki tanlov qo‘ygan: barcha talablarni bajarishni boshlash yoki kompaniyadan ketish, o‘z ulushini sotish va mamlakatni tark etish. «Men keyingisini tanladim. Bu biroz og‘riqli edi, chunki bu mening ilk kompaniyam bo‘lgan, unga ko‘p kuch va vaqt sarflaganman, ammo men uchnu erkin bo‘lish muhimroq edi», — degan u.

Durov Telegram’ni yaratish g‘oyasi uyidagi tintuvlardan keyin paydo bo‘lganini aytadi. U «VKontakte» ijtimoiy tarmog‘idagi muxolifat guruhlarini o‘chirish talabini rad etishidan keyin Rossiya kuchishlatar idoralari tomonidan o‘tkazilgan tintuv vaqtida u xavfsiz aloqa vositasiga ega emasligini anglab yetgan va muloqot qilish shifrlash bilan himoyalangan ilova yaratish yaxshi g‘oya bo‘lishi mumkinligi haqida o‘ylagan. Bunday ilova uchun kodni Durovning akasi Nikolay yozgan, uning o‘zi esa funksiyalar va dizayn bilan shug‘ullangan.

Suhbatda Taker Karlson «ayrim odamlar» Telegram ni «Rossiya hukumatining bir qismi» deb bilishini qistirgan. Durovning so‘zlariga ko‘ra, messenjerning hukumat bilan aloqalari haqidagi mish-mishlar Telegram auditoriyasi o‘sayotganiga toqat qila olmayotgan raqobatchilar tomonidan tarqatiladi va qo‘llab-quvvatlanadi. U messenjerda har kuni 2,5 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tayotgani, ularning jami soni esa 900 millionga yetganini, shu bilan birga kompaniya marketing uchun «bir dollar» ham sarflamaganini qo‘shimcha qilgan.

Hozirda Telegram jamoasi joylashgan Dubayga kelgunicha Durov boshqa bir qancha lokatsiyalarni, jumladan Berlin, London va Singapur shaharlarini variant sifatida ko‘rib chiqqan, ammo hammayoqda byurokratik murakkabliklar bilan to‘qnashgan. Xususan, Germaniyada Yevroittifoq hududidan tashqarida ishlovchi top darajadagi dasturchilarni yollash muammo bo‘lgan, deb shikoyat qiladi tadbirkor.

Durov shuningdek AQShga ko‘chib o‘tish haqida ham o‘ylagan, ammo u yerdagi maxsus xizmatlarning «haddan tashqari» yuqori e’tibori unga yoqmagan. Telegram asoschisining so‘zlariga ko‘ra, Shtatlarga so‘nggi tashrifi vaqtida uning muhandisini ilovaga bekdorlar [yashirincha kirishni ta’minlaydigan dastur] kiritish uchun yollashga urinib ko‘radi. Bundan tashqari, uning o‘zi ham kuzatuvlardan bezor bo‘lgan, AQShga har bir tashrifi vaqtida uni aeroportda FQB agentlari qarshi olishgan. Shuningdek, tanlovga San-Fransiskoga safari vaqtida hayotida ilk bor talonchilikka uchragani ham ta’sir ko‘rsatgan. O‘shanda Twitter ofisiga tashrifidan keyin ko‘chada unga hujum qilganlar telefonini olib qo‘ymoqchi bo‘ladi. Ish mushtlashuvgacha boradi, u gadjetni saqlab qolishni uddalaydi, ammo bu holat uni karaxt holatga soladi.

Durov o‘zi yetti yildan buyon yashab kelayotgan Dubayning ustunliklari sifatida biznes yuritish qulayligi, butun dunyo bo‘ylab odamlarni yollash imkoniyati, past soliqlar va rivojlangan infratuzilma ekanini keltirgan. Tadbirkorning so‘zlariga ko‘ra, Dubayda unga mahalliy rasmiylar tomonidan hech qachon bosim bo‘lmagan. «Bu barcha bilan do‘st bo‘lib yashashni istaydigan betaraf mamlakat. U geosiyosiy jihatdan hech bir superqudratli davlat bilan bog‘lanmagan. O‘ylaymanki, bu bizniki kabi neytral platforma uchun eng yaxshi joy», — deya qayd etgan u.

Durov AQSh, Rossiya va Xitoy kabi «yirik geosiyosiy o‘yinchilar» hisoblangan mamlakatlarga bosmaslikka harakat qilishini qo‘shimcha qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday mamlakatlar hukumatlarining Telegram’ga e’tibori kuchaymoqda, platforma esa siyosiy jihatdan betaraf bo‘lib qolishni istaydi, degan Durov. U qaysidir tarafda turish zaruratini bugungi kunning eng katta muammosi deb hisoblaydi.

Shu bilan birga, Durov Telegram’ga eng katta bosim davlatlar tomonidan emas, balki Google va Apple korporatsiyalari tomonidan ekanini aytadi. «Gap so‘z erkinligi haqida ketganda, aslida bu ikki kompaniya siz o‘z telefoningizda o‘qishingiz yoki kirishingiz mumkin bo‘lgan barcha narsani senzura qilishi mumkin», — degan Durov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Google va Apple agar Telegram ularning «tavsiyalari»ga rioya etmasa, messenjer ilovalar do‘konlaridan olib tashlanishi haqida «aniq qilib aytishgan». Bunday holatda «dunyo aholisining katta qismi har kuni foydalanadigan qimmatbaho qurilmasidan foydalanish imkoniyatidan mahrum bo‘ladi», deydi Durov. U shuningdek, korporatsiyalar o‘z qoidalariga amal qilinishi masalasida juda kamdan kam hollarda murosa qilishi, shu tufayli Telegram ayrim kontentlarni o‘chirishiga to‘g‘ri kelishini ta’kidlagan.

Intervyu vaqtida Karlson Twitter (hozirgi X) Ilon Mask tomonidan sotib olinishiga to‘xtalgan. Durov Tesla va SpaceX asoschisi ijtimoiy tarmoq rivojlanishi uchun qilayotgan ishlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. «Biz buni qator sabablarga ko‘ra ajoyib yutuq deb bilamiz. Birinchi sabab — bu shunchaki innovatsiya. Siz X ko‘p narsalarni sinab ko‘rayotganiga guvohsiz. Ulardan ayrimlari xato bo‘lib chiqadi. Ayrimlari esa ish beradi, ammo nima bo‘lganda ham ular innovatsiyalar kiritishga urinmoqda», — degan Durov bunday yondashuv butun sanoatga ijobiy ta’sir ko‘rsatishini qo‘shimcha qilgan holda.

U Meta asoschisi Mark Tsukerberg bilan o‘n yildan ortiq vaqt oldin uchrashganini eslagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Tsukerberg o‘shanda undan xalqaro ekspansiya bo‘yicha rejalari bor yoki yo‘qligiga qiziqqan, Durov esa undan Facebook Rossiyadagi ulushini oshirishi ehtimoli haqida so‘ragan. Ularning ikkisi ham bir-birining savollariga rad ma’nosida javob qaytargan.

Durov shuningdek loyihaga venchur investorlarni jalb etmasligi, chunki mustaqillikni saqlab qolishni istashi, uning uchun biznes va shaxsiy hayotdagi asosiy ustuvorlik — erkinlik ekanini aytgan.

«Men uchun [Telegram] hech qachon pul topish vositasi bo‘lmagan. (...) Menda ko‘chmas mulk ham, samolyotlar ham, yaxtalar ham bo‘lmagan. Bu mening hayot tarzim emas. (...) Siz ularni sotib olishni boshlaganingizda ular sizni o‘ziga jismonan bog‘lab oladi. (...) Ikkinchi sababi — men asosiy e’tiborim Telegram’ga qaratilishini istayman, ammo bilamanki, agar uy, samolyot yoki shunga o‘xshash nimadir sotib olsam, ularni chiroyli qilishga urinib, vaqtimni sarflashimga to‘g‘ri keladi, — deya qayd etgan Durov.

Mavzuga oid