Iqtisodiyot | 07:57 / 29.04.2024
3468
2 daqiqa o‘qiladi

Hindiston O‘zbekistonda avtomobil dvigateli moylarini ishlab chiqarmoqchi

Hindistonda O‘zbekistonning iqtisodiy va sarmoyaviy salohiyati taqdim qilindi.

Foto: "Dunyo" AA

O‘zbekiston elchixonasi va Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (Federation of Indian Chambers of Commerce and Industry – FICCI) hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida mamlakatimizning investitsiyaviy salohiyati taqdim etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo".

FICCI 1927 yilda tashkil etilgan va Hindistonning eng yirik biznes tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Mazkur tuzilma xususiy va davlat sektorlari, transmilliy kompaniyalarga xizmat ko‘rsatadi, o‘z faoliyati doirasida 250 mingdan ortiq kichik, o‘rta va yirik kompaniyalarni qamrab olgan.

Jonli muloqot tarzida kechgan davra suhbatida o‘zaro hamkorlikning imkoniyatlari va istiqbollari haqida qizg‘in fikr almashildi. Hinduja Group konglomerati departamenti rahbari Suren Alimchandani O‘zbekistonda avtomobil dvigateli moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, mineral o‘g‘itlar xarid qilishga tayyorligini bildirib, Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida bu borada muzokaralar o‘tkazishini ma’lum qildi.

MIER Group kompaniyasi marketing bo‘yicha direktori Gopal Sud O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida erishayotgan yutuqlardan xabardor ekani va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish istiqbollarini o‘rganayotganini bildirdi.

– Hindiston va O‘zbekiston o‘rtasida uzoq tarixga ega munosabatlar mavjud, – deydi FICCI bosh kotibi Shailesh Pathak. – "Markaziy Osiyo – Hindiston" ishbilarmonlar kengashining joriy yildagi yig‘ilishini Toshkentda o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rayotganimiz ham bejiz emas. O‘zbekiston va Hindiston tadbirkorlari samarali hamkorlik qilishi uchun qishloq xo‘jaligi, ta’lim, sog‘liqni saqlash, turizm, qayta tiklanadigan energiya, to‘qimachilik, avtomobilsozlik, elektromobillar ishlab chiqarish va boshqa ko‘plab sohalarda keng imkoniyatlar mavjud.

Mavzuga oid