Iqtisodiyot | 11:00 / 02.05.2024
9183
2 daqiqa o‘qiladi

2024 yildagi davlat budjeti defitsiti 25 trln so‘mdan oshdi

Joriy yil yanvar oyida davlat budjeti taqchilligi 5,7 trln so‘mni, fevralda 7,2 trln so‘mni, martda 6,8 trln so‘mni, aprelda esa 5,7 trln so‘mni tashkil etdi. Umumiy hisobda o‘tgan to‘rt oylikdagi defitsit 25 trln 586 mlrd so‘mga yetdi. 

Foto: Abdubakir Yunusov

Iqtisodiyot va moliya vazirligi taqdim qilgan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida davlat budjeti daromadlari – 16 trln 159,9 mlrd so‘mni, xarajatlari esa – 21 trln 926,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. Budjet daromadlari va xarajatlari o‘rtasidagi farq 5 trln 766,8 mlrd so‘m.

Fevral oyida davlat budjeti daromadlari – 16 trln 908,9 mlrd so‘m, xarajatlari esa – 24 trln 137,1 mlrd so‘m bo‘lgan. Salbiy farq – 7 trln 228,1 mlrd so‘m.

Mart oyida esa davlat budjeti daromadlari – 17 trln 457,2 mlrd so‘m, xarajatlari esa 24 trln 307,1 mlrd so‘m bo‘lgan. Salbiy farq – 6 trln 850 mlrd so‘m.

Aprel oyida esa davlat budjeti daromadlari – 19 trln 286,1 mlrd so‘m, xarajatlari esa 25 trln 27,2 mlrd so‘m bo‘lgan. Salbiy farq – 5 trln 741,1 mlrd so‘m.

Umumiy hisobda o‘tgan to‘rt oylikdagi davlat budjeti taqchilligi 25 trln 586 mlrd so‘mni tashkil qilgan.

Konsolidatsiyalashgan budjet daromadlari va xarajatlari bo‘yicha hisobotlar hali e’lon qilinmadi.

2024 yil uchun davlat budjeti haqidagi qonunga ko‘ra, davlat budjeti daromadlari 270,4 trln so‘m, xarajatlari esa 280,7 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilingan.

Konsolidatsiyalashgan budjet (davlat budjetidan tashqari, davlat maqsadli jamg‘armalari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda budjet tashkilotlarining budjetdan tashqari jamg‘armalarini ham o‘z ichiga oladi) defitsiti 52,6 trln so‘m yoki YaIMga nisbatan 4 foiz darajasida chegaralangan.

Avvalroq, Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov davlat xarajatlarining keskin ko‘payishi inflatsiyani oshirishini ta’kidlab, bu boradagi xavotirlar o‘rinli ekanini aytib o‘tgandi.

Mavzuga oid