Jahon | 21:10 / 02.05.2024
10639
3 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘iziston hukumati o‘z fuqarolariga Rossiyaga bormaslikni tavsiya qildi 

Rossiyaga safar qilish uchun «o‘ta muhim sabablarga ega bo‘lmagan» Qirg‘iziston fuqarolariga safardan tiyilish tavsiya etildi. 

Foto: Reuters

Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi (TIV) mamlakat fuqarolariga Rossiyaga safar qilishdan vaqtincha voz kechishni tavsiya etdi. 

Tashqi ishlar vazirligi saytidagi xabarda aytilishicha, Rossiyaga «safar qilish uchun o‘ta muhim sabablarga ega bo‘lmagan» Qirg‘iziston fuqarolariga «ilgari kiritilgan qo‘shimcha xavfsizlik choralari olib tashlanmaguncha va mamlakat hududiga kirishdagi nazorat yumshatilmaguncha» safar qilishdan tiyilish tavsiya etiladi. Departament Rossiyaga yo‘l olgan barchani «kirish cheklovlarini oldindan tekshirishga» chaqirdi. 

TIV izohiga ko‘ra, ushbu tavsiya Qirg‘iziston fuqarolarining Rossiya hududiga ommaviy ravishda kiritilmayotgani haqidagi ma’lumotlar paydo bo‘lishi munosabati bilan berilgan. Shu bilan birga, departamentning o‘zi ommaviy kiritilmaslik haqidagi ma’lumotlar diplomatik yo‘l bilan tasdiqlanmaganini da’vo qilmoqda. 

Bir kun avval huquq himoyachisi Valentina Chupik «Agenstvo» nashriga Rossiya chegarachilari Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston fuqarolarini ommaviy ravishda kiritmayotganini aytdi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, 1 mayga qadar Rossiya aeroportlarida 4,5 mingga yaqin odam Rossiyaga kiritilmagan. Taxminan shuncha odam quruqlikdagi chegaralardagi nazorat-o‘tkazish punktlaridan o‘tkazilmagan. Chupik shuningdek, ushlanganlarning aksariyati bir-ikki kun ichida qaytarib yuborilayotganini, biroq ayrim hollarda bu jarayon bir haftaga cho‘zilib ketayotganini aytgan. 

27 aprel oqshomida Tojikiston Tashqi ishlar vazirligi o‘z fuqarolarni Rossiyaga bormaslikka chaqirdi. Bundan oldin departament so‘nggi bir necha hafta ichida Tojikiston fuqarolarining Rossiyaga kirishi ommaviy ravishda cheklanayotgani haqida xabar bergan edi. 

Tojikistonlik migrantlar «Krokus Siti Xoll»dagi teraktda ayblangandan so‘ng, Rossiyada xorij fuqarolariga nisbatan ommaviy tekshiruvlar boshlandi. Tojikiston Mehnat vazirligi «maishiy darajada» tazyiqqa uchrayotgan mehnat migrantlarining Rossiyadan ommaviy chiqib ketayotganini qayd etdi.

Mavzuga oid