Erondagi prezidentlik saylovlarida olti nafar nomzod tasdiqlandi
Eron Konstitutsiya muhofizlari kengashi prezidentlik saylovlarida qatnashadigan olti nomzodni tasdiqladi. Ular orasida eng mashhuri - Majlis spikeri Muhammadboqir Qolibof. Sobiq prezident Ahmadinajodning nomzodi rad etildi.
Eronda aviahalokatda vafot etgan prezident Ibrohim Raisiy o‘rniga olti nafar nomzod saylovda qatnashish uchun tasdiqlandi. 9 iyun, yakshanba kuni Islom Respublikasi saylov shtabi vakili xabar qilganidek, boshqa da’vogarlar qatorida parlament spikeri va Islom inqilobi muhofizlari korpusi sobiq qo‘mondoni Muhammadboqir Qolibof, shuningdek, Eron oliy yetakchisi oyatulloh Ali Xomanaiy idorasining sobiq rahbari, Tehronning yadroviy muzokaralardagi avvalgi bosh vakili Said Jaliliy prezidentlik poygasiga qo‘shildi. Bu ikkala siyosatchi ham konservativ lager vakillari sanaladi.
O‘n ikki nafar ulamo va huquqshunosdan iborat Eron Konstitutsiyasi muhofizlari kengashi, shuningdek, Tehron meri, konservativ qarashlarga ega Alirizo Zakoniy, islohotlar tarafdori bo‘lgan Majlis a’zosi Mas’ud Pezeshkiyon, sobiq ichki ishlar vaziri Mustafo Purmuhammadiy va vitse-prezident Amir-Husayn G‘ozizoda nomzodlarini ma’qulladi.
Ahmadinajodga saylovlarda ishtirok etishga ruxsat berilmadi
Keskin bayonotlari bilan mashhur bo‘lgan Eronning sobiq prezidenti Mahmud Ahmadinajod ham qayta saylanish uchun hujjatlarni taqdim etgan, biroq yana, 2017 va 2021 yillarda bo‘lgani kabi, unga saylovlarda qatnashishiga ruxsat berilmadi. Undan tashqari parlamentning sobiq spikeri Ali Larijoniyning nomzodi ham rad etildi.
Olti nomzod endi saylovoldi tashviqotini rasman boshlashi mumkin, buning uchun ularga ikki hafta vaqt beriladi. Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Agar birinchi turda nomzodlarning hech biri mutlaq ko‘pchilik ovoz ololmasa, ikkinchi tur 5 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Prezident - Eronda vakillik funksiyalarini bajaradigan va mamlakat ijroiya hokimiyatini boshqaradigan ikkinchi muhim mansabdor shaxs. U 4 yil muddatga saylanadi va bu lavozimni ketma-ket ikki muddatdan ko‘p bo‘lmagan holda egallashi mumkin.
Eron prezidenti vertolyot halokatida vafot etdi
Eron prezidenti Ibrohim Raisiy 19 may kuni Eron shimoli-g‘arbida vertolyot qulashi oqibatida halok bo‘ldi. U bilan birga Ozarboyjondan qaytayotgan delegatsiya tarkibida tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Tabriz masjidi imomi Sayid Muhammad Ali al-Hoshem va Sharqiy Ozarboyjon viloyati gubernatori Malik Rahmatiy bor edi.
Mavzuga oid
20:58
Bloomberg: Rossiyaga Eron qurollarining chorak qismini biznesmen Husayn Shamhaniy yetkazib bermoqda
19:06 / 22.12.2024
Asadning qulashi - Eron tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatsizlik
14:52 / 20.12.2024
Eron O‘zbekistonning qator mahsulotlariga eksport uchun ruxsatnoma beradi
16:32 / 19.12.2024