Jahon | 23:07 / 21.07.2024
22160
6 daqiqa o‘qiladi

Bayden prezidentlik poygasidan chiqdi. Asosiy ma’lumotlar

U Kamala Harrisni demokratlarning yangi nomzodi sifatida tanlashni taklif etgan.

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Jo Bayden 21 iyul kuni yangi prezidentlik muddati uchun kurashmasligini ma’lum qildi. Bu haqdagi xabar uning X ijtimoiy tarmog‘idagi (sobiq tvitter) akkauntida paydo bo‘lgan.

«Sizning prezidentingiz sifatida xizmat qilish hayotimdagi eng katta sharaf bo‘ldi. Men qayta saylanish niyatida bo‘lgan bo‘lsam-da, hisoblaymanki, o‘z partiyam va mamlakatim manfaatlari uchun chekinishim va qolgan muddat davomida faqat prezidentlik vazifamni bajarishga e’tibor qaratishim kerak deb hisoblayman», — deyilgan Baydenning amerikaliklarga maktubida.

Jo Bayden Demokratik partiyadan vitse-prezident Kamala Harrisni prezidentlikka nomzod sifatida ko‘rsatishni taklif etgan. «2020 yilda [Demokratik] partiya nomzodi sifatidagi ilk qarorim Kamala Harrisni vitse-prezident sifatida tanlash bo‘lgandi. Bu mening eng yaxshi qarorim edi. Bugun men Kamalaning bu yilgi saylovda partiyamizdan nomzod bo‘lishini to‘liq qo‘llab-quvvatlashim va ma’qullashimni bildirmoqchiman», — degan Bayden.

Donald Tramp Baydenning saylovdan chiqish qaroriga birinchilardan bo‘lib munosabat bildirdi va CNN telekanaliga bergan intervyusida uni «mamlakat tarixidagi eng yomon prezident» deb atadi. Shuningdek, u Bayden «prezidentlik saylovida ishtirok etishga loyiq nomzod bo‘lmagani va bu lavozimga umuman munosib emasligi»ni ta’kidlagan. «U prezidentlik lavozimiga faqat yolg‘on, soxta xabarlar va o‘z yerto‘lasidan chiqmasdan erishgandi. Uning atrofidagilarning barchasi, jumladan uning shifokori va ommaviy axborot vositalari u prezident bo‘lishga layoqatli emasligini bilardi va shunday bo‘ldi ham», — deya yozgan u.

Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Mayk Jonson Bayden prezidentlik vakolatlarini topshirishi kerakligini aytgan. «Agar Jo Bayden prezidentlikka nomzod bo‘la olmasa, u prezident ham bo‘la olmaydi. U darhol vakolatlarini topshirishi lozim. Biz 5 noyabrgacha kuta olmaymiz», — degan Jonson.

Baydenning saylovoldi shtabining yuqori martabali xodimlari AQSh prezidentining qarori haqida u amerikaliklarga murojaatini e’lon qilishidan bir necha soatgina oldin voqif bo‘lishgan. CNN yozishicha, Oq uydagi yuqori martabali shaxslardan biri Jo Bayden bu haqda so‘nggi bir necha kun davomida o‘ylab kelganini aytgan. Oq uyning ko‘plab oddiy xodimlari qabul qilingan qaror haqida maktub e’lon qilinganida bilishgan. Baydenning katta maslahatchisi prezident saylovoldi poygasidan chiqish to‘g‘risidagi yakuniy qarorni oxirgi 48 soat ichida, o‘z oilasi a’zolari hamda yetakchi maslahatchilari bilan telefon orqali maslahatlashuvlardan keyin qabul qilganini aytgan.

Yuqori martabali siyosatchilar Baydenga prezidentlikdagi faoliyati uchun minnatdorchilik bildirishgan. Kaliforniya gubernatori, demokrat Gevin Nyusom Baydenni «barcha amerikaliklar uchun ajoyib natijalarga erishgan», «tarixga kiruvchi favqulodda prezident» deb atagan. Senatdagi demokratik ko‘pchilik yetakchisi Chak Shumer Jo Baydenni «o‘z partiyasi va mamlakat kelajagini birinchi o‘ringa qo‘ygani» uchun maqtagan. AQShning birinchi xonimi Jill Bayden instagramdagi sahifasida Jo Baydenning postini qayta joylashtirib, ikkita yurakcha qoldirgan.

AQShning 42-prezidenti Bill Klinton va uning rafiqasi, AQShning sobiq davlat kotibi Hillari Klinton Baydenga qilingan ishlar uchun minnatdorchilik bildirgan. «Biz millionlab amerikaliklarga qo‘shilgan holda prezident Baydenga u erishgan barcha natijalar uchun minnatdorchilik bildiramiz», — deyiladi Klintonlar juftligi e’lon qilgan postda. Ular Kamala Harrisni demokratlarning prezidentlikka nomzodi sifatida qo‘llab-quvvatlashgan.

Kreml Baydenning qarori yuzasidan munosabatida AQShdagi saylovlarga qadar ko‘p narsa o‘zgarishi mumkinligini bildirgan. «Saylovlargacha hali 4 oy bor va bu ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan uzoq muddat. Sabrli bo‘lish va buyog‘iga nima bo‘lishini diqqat bilan kuzatish lozim. Biz uchun birinchi navbatda — maxsus harbiy amaliyot maqsadlariga erishish», — degan RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov.

Jo Bayden Donald Tramp bilan debatlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan qariyb bir oy o‘tib o‘z nomzodini qaytarib olmoqda. Bayden va Tramp o‘rtasidagi ilk debat 27 iyun kuni o‘tkazilgan va ko‘plab ekspertlar hamda tomoshabinlar fikricha, unda Respublikachilar partiyasi nomzodi g‘olib chiqqandi. Shundan keyin Demokratik partiya vakillari Baydenni saylovoldi poygasidan chiqishga unday boshlashdi. Bunday chaqiriq 30 nafar amerikalik kongressmen tomonidan bildirildi. Bayden esa oxirgi vaqtlarga qadar noyabrdagi saylovda ishtirok etib, g‘olib chiqish niyatidaligini aytib kelardi.

Bayden prezidentlik poygasidan chiqish qarorini kovid tufayli ihotalangan holatida qabul qilgan. Oq uy 17 iyul kuni Jo Baydenning koronavirus uchun topshirgan testi musbat natija berganini ma’lum qilgandi. Prezidentda kovidning «yengil alomatlari» kuzatilgan. Bayden Delaver shtatidagi uyida o‘zini ihotalagan. 21 iyul kuni prezidentning shifokori Kevin OʼKonnor Baydenning holati ancha yaxshilanganini aytgan.

Bu so‘nggi o‘n yilliklarda AQShning amaldagi prezidenti navbatdagi saylovda o‘z nomzodini qaytarib olishi bilan bog‘liq ilk holat. Bungacha bu kabi oxirgi holat 1968 yilda AQShning 36-prezidenti Lindon Jonson muvaffaqiyatsiz saylovoldi kampaniyasi tufayli ikkinchi muddatga saylanmaslikka qaror qilganida kuzatilgandi.

Mavzuga oid