Jahon | 16:08 / 21.07.2024
49786
3 daqiqa o‘qiladi

Bruklinda o‘zbekistonlik oila a’zolari o‘ldirildi

Nyu Yorkning Bruklin shahrida AQShga 2007 yilda ko‘chib borgan o‘zbekistonliklar oilasining to‘rt a’zosi - ona, kelin va ikki yosh bolaning jasadi topildi. Politsiya gumonlanuvchini qo‘lga olgan. U oilaning kichik o‘g‘li bo‘lib chiqdi.

Foto: Kevin C Downs forThe New York Post

Bruklin shahrida (Nyu York) O‘zbekistondan bo‘lgan 24 yoshli shaxs oilaning to‘rt nafar a’zosi — o‘z onasi, akasining rafiqasi va ularning kichik yoshli farzandlarini o‘ldirishda gumonlanib qo‘lga olindi, deya xabar bermoqda CBS telekanali.

Qurbonlar Mavluda Fayziyeva (56 yosh), Maftuna Hakimova (27 yosh), shuningdek, Kamila Shavkatova (5 yosh) va Timur Shavkatov (4 yosh) ekani aniqlangan. Gumonlanuvchining akasi politsiyaga qo‘ng‘iroq qilgan.

The New York Post nashri yozishicha, gumondor bo‘ynidan pichoq tortilgan onasining jasadini adyolga o‘rab qo‘ygan, bolalarning jasadlarini esa kiyimlar savatiga solib, shkafga yashirgan. Bolalarning onasi ham tig‘ bilan yetkazilgan jarohatlar bilan uy yaqinida topilgan.

Aybdorlik hissi qiynayotgan qo‘shnilardan birining aytishicha, o‘sha tunda bolalar «Mama» va «Mom» deya baqirgani eshitilgan. «Men nega darhol politsiya chaqirmadim? Nima uchun eshikka yaqin bormadim? Ammo men eshikka borganimda u yerda jasadlar beshta bo‘lardi» deydi o‘z shaxsini ochiqlamagan qo‘shnilardan biri.

O‘zini Pol deb tanishtirgan guvohlardan biri ko‘chada turganida gumonlanuvchi binodan chiqib ketganini ko‘rganini aytadi.

Ma’lum vaqt o‘tib bolalarning otasi uning ortidan chiqqan va qo‘shnilardan «mening oilamni ko‘rmadingizmi» deb so‘ragan.

«U chopib chiqdi va dedi: mening onam polda yotibdi, qon ko‘p. Oilam yo‘qoldi», deya eslaydi guvohlar.

Ota 911 xizmatiga qo‘ng‘iroq qilgan va detektivlar kelgach, ular bilan birgalikda kvartiraga kirgan.

Ko‘p o‘tmay gumonlanuvchi qaytib kelgan. «Men aybsizman. Meni hibsga oling. Bu men emasdim», deya uning so‘zlarini eslaydi Pol.

Uning qo‘lini kishanlagan holda olib ketishgan. Yakshanba kuni unga ayblov e’lon qilinishi kutilmoqda.

The New York Post nashri gumonlanuvchi ruhiy kasal bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan. Qo‘shnilar uni tanishgan, biroq oila uni ko‘chaga tez-tez chiqishiga ruxsat bermagan.

«U qo‘rqinchli edi. Men undan uzoqroq yurardim. U yirik gavdali, tajovuzkor, jahldor buldogniki kabi ko‘z qarashiga ega odam edi», deydi Pol.

Shuningdek, qo‘shnilardan biri u giyohvand moddalar iste’mol qilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan.

Xabar qilishlaricha, oila AQShga 2007 yilda kelgan. Ular so‘nggi 10 yil davomida Bruklindagi kvartirada yashagan.

Mavzuga oid