Iqtisodiyot | 17:17 / 23.07.2024
8695
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoyning yirik davlat banklaridan biri Moskva birjasini yuandan uzdi

Bunga Moskva birjasining AQSh sanksiyalariga uchragani sabab sifatida keltirilgan. Avgust oyining o‘rtalariga kelib Rossiyada yuanning ham birja savdosi to‘xtashi mumkin.

Foto: Getty Images

Xitoyning eng yirik davlat banklaridan biri bo‘lgan Bank of China sanksiyalar ostidagi Moskva birjasi bilan ishlashni to‘xtatdi. Bu haqda «Kommersant» xabar berdi.

Xitoy kredit tashkiloti yuan bo‘yicha kliring bank funksiyalarini bajargan va birja savdolarida Xitoy valutasidagi barcha operatsiyalar u orqali amalga oshirilgan. Biroq 15 iyul holatiga ko‘ra, Bank of China bu roldan voz kechdi. Bunga Moskva birjasining Amerika sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilgani sabab bo‘ldi, deya ta’kidlagan «Kommersant» manbalari. 

Natijada, yuan bilan savdo qilish Rossiya valuta bozoridagi so‘nggi Xitoy banki - ICBC Bank’ka qaram bo‘lib qolgan. Biroq bu ham uzoq davom etmasligi mumkin. AQSh g‘aznachiligining sanksiyalangan birja bilan operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi litsenziyasi avgust oyining o‘rtalariga qadar amal qiladi. Ushbu muddat tugagach, Xitoy banklari sanksiyalarga duch kelmaslik uchun Rossiyada yuanning birja savdosini to‘xtatishi mumkin. Yuanni birjaga olib chiqish bilan bog‘liq qiyinchiliklar fonida iyul oyida savdolari hajmi ham keskin pasaygan.

Ma’lumot uchun, Rossiya Ukrainada urush boshlagunga qadar Moskva birjasidagi valuta oldi-sotdilarining atigi 3,5 foizi yuan hissasiga to‘g‘ri kelardi. 2024 yilning boshida bu ko‘rsatkich 50 foizgacha ko‘tarilgan. Endi esa Rossiyaning asosiy savdo maydonchasida yuandan boshqa deyarli hech narsa qolmadi. Bozorning qolgan 0,4 foiz qismini «do‘stona» davlatlarning valutalari egallagan. Ular orasida Belarus rubli va Qozog‘iston tangasi kabilar bor va ularning kursini Mosbirja bosh sahifasiga joylashtirib qo‘ygan.

Birjaga va uning asosiy hisob-kitob tuzilmalari — Milliy kliring markazi va Milliy hisob depozitariysiga nisbatan Amerika sanksiyalari joriy etilgach, Xitoy yuani birja valuta bozorining 99,6 foizini egallab oldi, deyilgandi Markaziy bankning iyul oyidagi «Moliya bozorlaridagi risklar sharhi» hisobotida.

Avvalroq, AQSh Moliya vazirligi Rossiya valuta bozorida dollar savdosiga vositachilik qiluvchi bir nechta moliya institutlariga, xususan, Moskva birjasi, Milliy kliring markazi va Milliy hisob-kitob depozitariysiga nisbatan sanksiyalar joriy etgani xabar qilingandi. 

Mavzuga oid