Vatikan Ukrainani tinchlikka erishish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga tayyor
Ukraina tinchlikka erishish yo‘llarini topishda hamon gumanitar yordam va ko‘makka muhtoj, dedi Vatikan davlat kotibi Petro Parolin Ukrainaga tashrifi yakunlari bo‘yicha.
Vatikan davlat kotibi va Rim papasining bosh diplomati xalqaro hamjamiyatni Rossiya hujumiga uchragan Ukraina uchun ko‘proq harakat qilishga chaqirdi. «Biz buning yana unutilgan mojaroga aylanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», dedi kardinal Petro Parolin 24 iyul, chorshanba kuni Italiyaning Avvenire gazetasida chop etilgan intervyusida. Ukraina tinchlikka erishish yo‘llarini topishda hamon gumanitar yordam va ko‘makka muhtoj, dedi u.
«Menimcha, biz hali ham muzokaralar yo‘li bilan yechim topishdan yiroqmiz», dedi Parolin mudofaalanayotgan mamlakatga qilgan besh kunlik safari yakunida, uni bir kun avval Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy qabul qilgandi. Vatikan diplomatining so‘zlariga ko‘ra, u Zelenskiyning «tinchlik formulasi»ni boshidanoq qo‘llab-quvvatlagan, birinchi navbatda uning gumanitar jihati tufayli. Biroq, bu «tinch urinish»ning zaif tomoni shundaki, Rossiya bunga aralashmayapti.
Parolin Moskva Zelenskiyning navbatdagi xalqaro tinchlik anjumaniga taklifini qabul qilishiga shubha bilan qaradi. «Ammo Rossiya muzokaralar stolidan chetda qolmasligi kerak», - deya ta’kidlagan Parolin. U Ukraina prezidentining Rossiya ishtiroki zarurligini tan olishini «oldinga qadam» deb atadi.
Kiyev va Vatikan o‘rtasidagi munosabatlar yaxshilandi
Ukraina hukumati va Vatikan o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi paytlarda yaxshilandi, dedi Parolin. 2023 yil may oyida Rim papasi Fransisk bilan uchrashuvdan so‘ng, Zelenskiy Ukraina vositachilarga qiziqmayotganini aytgandi. «Ko‘proq ishonchli va tushunarli munosabatlar paydo bo‘lganiga ishonaman», dedi kardinal. Biroq, bu Vatikanning pozitsiyasini o‘zgartirmaydi, u doimo o‘zini vositachilik va muloqot maydoni sifatida taqdim etadi. «Bu - juda muvozanatli munosabatni talab qiladigan pozitsiya. Pontifik har doim shunday qilgan», dedi Parolin.
Biroq, hali hech qanday yechim topilmadi, shuning uchun «urush, afsuski, ikki yildan ortiq vaqtdan keyin ham davom etmoqda». «Har qanday holatda, diplomatiya, hech bo‘lmaganda, Vatikan tomonidan ilgari surilmoqda», dedi kardinal. «Ammo bu orada odamlar o‘lmoqda. Shuning uchun sa’y-harakatlarni kuchaytirish kerak», - dedi u.
Mavzuga oid
22:34
Rossiya–Ukraina urushi tugaydimi? Putin nimani xohlaydi?
20:22
Frontdagi vaziyat: Rossiya va KXDR qo‘shinlari Kursk oblastida yurishning yangi to‘lqinini amalga oshirmoqda
21:42 / 23.12.2024
WP: Ukraina hukumati urush 2025 yilda tugashiga ishonmoqda
22:14 / 21.12.2024