“Qora dushanba”. Global bozorlar nega qulayapti?
Global fond bozorlarida birja indekslari qulab tushdi. Bunga AQShda ishsizlik ko‘rsatkichi bo‘yicha e’lon qilingan hisobot va undan anglashilgan retsessiya boshlanishi xavfi sabab bo‘ldi. Osiyodagi fond bozorlarining tarixiy rekord darajalarda qulashiga esa Yaponiya Markaziy banki tomonidan foiz stavkalarining oshirilishi katalizator vazifasini bajardi.
Bugun, 5 avgust kungi savdolar boshlanishi bilan Osiyo fond bozorida birja indekslari qulab tushdi. Xususan, Yaponiyaning Topix indeksi 10,6 foizga pasaydi, bu 1987 yildan beri eng katta qulashdir. Shuningdek, Nikkei indeksi 13,4 foizga, Tayvan Taiex indeksi 8,4 foizga, Koreya Kospi indeksi 8 foizga pastladi.
MSCI Asia Pacific fond indeksi 4,9 foizga qulab, 2020 yilgi pandemiya boshida qayd etilgan eng yomon ko‘rsatkichiga yaqinlashdi. Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, indeks yo‘qotishlarining chorak qismi to‘rtta kompaniya: TSMC, Samsung, Toyota va Mitsubishi hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Savdolar boshlangan paytda Osiyo indekslari orasida Hindistonning Nifty indeksi 2 foizga va Xitoyning CSI 300 indeksi 1 foizga pasayib, eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etgan.
Bitcoin va neft narxi keskin arzonlashdi
Toshkent vaqti bilan soat 17:20 holatiga ko‘ra, Bitcoin narxi 50 ming 531 dollargacha pasaydi. Token bahosi 11:00 lar atrofida 50 ming dollardan ham tushib ketdi. Bu joriy yilning yanvar oyidan beri qayd etilgan eng past ko‘rsatkichdir.
Ma’lumot uchun, iyul oyida Bitcoin bahosi 69 ming dollardan ham oshib ketgandi. Bu Donald Trampning Qo‘shma Shtatlarni “Bitcoin’lar bo‘yicha super davlat” va “sayyoraning kripto poytaxti”ga aylantirish haqidagi va’dasi fonida sodir bo‘lgandi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, hozirgi holat Bitcoin va umuman kriptovalutalar xavfli aktiv ekanini anglash uchun yana bir eslatma hisoblanadi.
Kapitallashuv bo‘yicha ikkinchi yirik kriptovaluta – Etehreum narxlari esa yanada arzonlashdi. Ikki kun ichida ushbu token narxi deyarli 30 foizga quladi.
Brent neftining narxi ham 1,34 foizga arzonlab, 9 yanvardan beri bir barrel uchun 76 dollardan pastga tushdi. Umuman olganda, hammasi 2 avgustda boshlangan edi — S&P 500, Nasdaq va Dow Jones indekslari sezilarli darajada pasaydi. Xususan, Dow Jones indeksi 852 punktga, Nasdaq va S&P 500 esa mos ravishda 583 va 113 punkt pastlab, o‘tgan haftani qizil hududda yopishdi. Natijada Amazon, Nvidia, Microsoft, Tesla, Google va Apple kabi gigant kompaniyalar ham o‘z qiymatini sezilarli darajada yo‘qotdi.
Qulashga qaysi omillar ta’sir qildi?
Birinchi navbatda, kotirovkalarning qulashiga AQShdagi retsessiya xavfi asosiy ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘ldi. O‘tgan hafta e’lon qilingan statistik ma’lumotlarda, ishsizlar soni avvalgi oy va prognozga nisbatan 0,2 foiz oshib, 4,3 foizni tashkil etdi. Bu umumiy iqtisodiyot uchun juda yomon signal. O‘z navbatida, Federal zaxira tizimi qattiqlashtirilgan monetar siyosatini davom ettiryapti. Qattiq monetar siyosat, foiz stavkasini oshirish yo‘li bilan olib borilgan holatda, markaziy bank tomonidan qarz berish shartlarini kuchaytirib, yuridik va jismoniy shaxslar uchun qarzni qimmat qilib qo‘yadi. Bu iqtisodiy faollikni sekinlashtiradi, oqibatida, kompaniyalarning kengayishi sekinlashishi va iste’molchilarning xarid kayfiyati tushishi mumkin. Bu yondashuvning mehnat bozoriga salbiy ta’siri kuchli bo‘lib, ko‘p hollarda va xususan, hozirda ham ishsizlik darajasining oshishiga sabab bo‘lmoqda.
Osiyo bozoridagi aksiyalarning keskin tushib ketishiga esa Yaponiya Markaziy bankining asosiy stavkani 0–0,1 foizdan 0,25 foizgacha oshirish qarori sabab bo‘lgan. Bu yil boshidan beri ikkinchi marta foiz stavkasining oshirilishidir. Yaponiya bankini stavkani oshirishga undagan asosiy omillardan biri – mamlakat milliy valutasi – iyenaning uzoq vaqt davomida zaiflashishidir. Bu inflatsiyani markaziy bankning 2 foizlik ko‘rsatkichidan oshib ketishiga olib kelgan.
Ayni paytdagi aksiyalar bahosining arzonlashishiga bevosita Yaqin Sharqdagi keskinlikning kuchayishi ham ta’sir qildi. HAMAS siyosiy byurosi rahbari Ismoil Haniyaning o‘ldirilishiga javoban Eronning Isroilga hujum qilish ehtimoli mavjud. Geosiyosiy noaniqlik va urushlar bozorlarda xavotir uyg‘otadi va investorlarni aksiyalarni sotib yuborishga undaydi.