Jahon | 02:32 / 22.08.2024
2428
3 daqiqa o‘qiladi

Germaniya kansleri Moldovani YeIga qo‘shilish yo‘lida qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Olaf Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Germaniya Moldovaning «mavjud barcha masalalarini hal etish va qo‘shilish jarayonini jadallashtirish yo‘lida» faol ko‘mak ko‘rsatmoqda.

Foto: Reuters

Germaniya kansleri Olaf Shols Moldova hukumatiga respublikaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish yo‘lida uni qo‘llab-quvvatlashga va’da berdi.

«Biz Moldova Respublikasini Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lish yo‘lida qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu qaror qabul qilinishi biz uchun juda muhim va biz ushbu imkoniyat amalga oshishi uchun ko‘p mashaqqat chekdik. Biz Yevropa Ittifoqining kengayishiga ijobiy qaraymiz. Ayrim davlatlar uchun ancha oldin boshlangan qo‘shilish jarayonini yakunlash vaqti keldi deb hisoblaymiz», — deya ta’kidlaydi Shols.

Kanslerning qayd etishicha, Germaniya Moldovaning «mavjud barcha masalalarini hal etish va qo‘shilish jarayonini jadallashtirish yo‘lida» faol ko‘mak ko‘rsatmoqda.

O‘z navbatida prezident Mayya Sandu Moldova o‘zining Yevropa oilasiga qo‘shilishini juda uzoq vaqtdan beri surib kelayotgani, ammo endi YeIdagi sheriklari qo‘llab-quvvatlovi ostida qat’iy qadamlar tashlanayotganini ta’kidladi.

«Germaniya ushbu yo‘lda Moldovaga ko‘mak ko‘rsatishda muhim rol o‘ynamoqda va biz uni yuqori baholaymiz», — deydi prezident.

Sholsning Kishinyovga tashrifi mamlakatda prezidentlik saylovi kampaniyasi boshlangani fonida amalga oshirildi. Sandu 2023 yilning oxirida ikkinchi muddatga saylanish niyati borligini ma’lum qilib, saylov kuni YeIga qo‘shilish bo‘yicha referendum o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi.

YeIga nomzod maqomi

Moldova 2022 yilda Yevropa Ittifoqiga nomzod maqomini olgan. 2023 yil dekabr oyida Yevropa kengashi ushbu mamlakatning YeIga kirishi bo‘yicha muzokaralarni 13 martda boshlashga qaror qilgan, Yevropa komissiyasi Yevropa kengashiga Moldova bilan muzokaralar uchun asos sifatida xizmat qiluvchi loyihani ko‘rib chiqish uchun yuborgan edi.

Iyun oyi boshida Yevrokomissiya Moldova va Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralarni boshlashni tavsiya qildi. Bundan tashqari, 5 iyun kuni Yevropa Ittifoqining 27 davlatidan 11 tasi hozirda Yevropa Ittifoqiga raislik qilayotgan Belgiyaga hukumatlararo yig‘ilishni o‘tkazish maqsadida shu oyda Moldova va Ukrainaning YeIga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar uchun asos yaratishni so‘rab murojaat qilgandi.

Mavzuga oid