Jahon | 08:31 / 24.08.2024
6860
3 daqiqa o‘qiladi

Robert Kennedi Tramp foydasiga prezidentlik poygasidan chiqdi

Yaqinda kichik Robert Kennedi va Donald Tramp bir-birini tanqid qilgandi. Endilikda mustaqil nomzod Kennedi respublikachi Tramp foydasiga nomzodini qaytarib oldi.

Foto: Jemal Countess/UPI Photo/Newscom/picture alliance

AQSh prezidentligiga mustaqil nomzod kichik Robert Kennedi saylov kampaniyasida ishtirok etishdan bosh tortdi va Respublikachilar partiyasidan nomzod, Oq uy sobiq rahbari Donald Trampni qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi. Kennedi 23 avgust, juma kuni ta’kidlaganidek, Pensilvaniya sudiga prezidentlik poygasidan chiqish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qildi, deb xabar beradi AP axborot agentligi muxbiri siyosatchining Arizonada rejalashtirilgan chiqishi oldidan.

«Men saylovda g‘alaba qozonish uchun real yo‘lim borligiga endi ishonmayman», dedi Kennedi matbuot anjumanida.

Kennedi ishtirokidagi tadbirdan bir necha soat o‘tib, yaqin atrofdagi Glendeylda Tramp saylovoldi mitingi rejalashtirilgan. Uning kampaniyasi avvalroq tadbirda «maxsus mehmon» ishtirok etishini e’lon qilgan edi, biroq ikki siyosatchining jamoasi bu mehmon Robert Kennedi ekaniga aniqlik kiritmadi.

Bir haftadan kamroq vaqt oldin kichik Kennedi saylov byulleteniga kiritilishi uchun kerakli miqdordagi imzolarni topshirgan edi.

Kennedi va Tramp yaqinda bir-birini tanqid qilgandi

Bir yil avval ba’zi kuzatuvchilar Demokratik partiya tarixidagi eng obro‘li oila a’zosi Kennedi demokratni Oq uyga kiritmaslik uchun Tramp bilan birga ishlashini aqlga sig‘dirib bo‘lmas deb hisoblashgan, deb yozadi Reuters. So‘nggi oylarda u Trampni o‘z tarafdorlariga xiyonat qilganlikda aybladi, u esa Kennedini «prezidentlik poygasidagi eng radikal so‘l nomzod» sifatida tanqid qildi. Ammo so‘nggi haftalarda ikki nomzodning jamoasi bir-birini maqtashni boshladi va bu masaladan xabardor Reuters suhbatdoshlariga ko‘ra, kuchlarni birlashtirish haqida sahna ortidagi muhokamalarga kirishdi.

Kuni kecha, 22 avgust kuni Chikagodagi Demokratik partiyaning milliy qurultoyida AQSh vitse-prezidenti Kamala Harris AQSh prezidentligiga nomzod sifatida ilgari surilishiga rasman rozilik berdi. Undan avval Minnesota gubernatori Tim Uolz Demokratik partiyadan AQSh vitse-prezidentligiga nomzod sifatida ko‘rsatilishini qabul qildi.

AQShda prezidentlik saylovlari 2024 yil 5 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid