Fransiya ortidan Janubiy Koreya ham Telegram'ga qarshi da’volarni e’lon qildi
Telegram kanallarida janubiy koreyalik o‘smirlar va yoshlarga nisbatan jinsiy jinoyatlarga aloqador kontent ko‘paygani qayd etilgan.
Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol raqamli maydonda jinsiy xarakterga ega jinoyatlarni chuqur tergov qilishga chaqirdi. Bunga mahalliy ommaviy axborot vositalarining Telegram chatlarida janubiy koreyalik ayollarning ochiq-oydin soxta suratlari va videolari tez-tez uchrab turishi haqida xabar berishi sabab bo‘ldi, deb yozdi Reuters.
Hukumatning ommaviy axborot vositalari regulyatori bo‘lgan Aloqa standartlari komissiyasi 28 avgust kuni yig‘ilib, bunday kontent va uni tarqatuvchilarga qarshi kurash choralarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
«Bu anonimlikni himoya qilishga asoslangan texnologiyani ekspluatatsiya qilish. Bu aniq jinoiy huquqbuzarlikdir», dedi prezident Yun Vazirlar mahkamasi majlisida. Shu bilan birga, u ijtimoiy tarmoqlar haqida umumiy gapirib, Telegram'ni bevosita tilga olmadi.
Joriy yilning dastlabki yetti oyida Janubiy Koreya politsiyasi dipfeyk yordamida sodir etilgan 297 ta jinsiy jinoyatni qayd etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 117 taga ko‘pdir. Ayblanuvchilarning aksariyati o‘smirlar va 20 yoshlardagi odamlar edi. Universitet talabalari, shuningdek, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokidagi soxta ma’lumotlar tarqatilgan Telegram kanallarini o‘rgangan «Hankyoreh» gazetasining tahlili alohida rezonansga ega bo‘ldi. Koreya o‘qituvchilari va ta’lim uyushmasi shu hafta maktab o‘quvchilarining bunday manipulyatsiya qurboni bo‘lish holatlari aniqlanganini aytdi. Ular bu borada tergov o‘tkazishga chaqirdi. O‘z navbatida, Armiyada jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash markazi Telegram chatlarida xuddi shunday feyklardan aziyat chekkan ayol harbiylar haqida xabar berdi.
Bir necha yil oldin ilova chatlarida jinsiy shantaj tarmog‘i ishlayotgani aniqlanganidan so‘ng Telegram’ning Janubiy Koreyadagi obro‘si to‘kilgan edi. 2020 yilda guruh rahbari Cho Ju Bin kamida 74 nafar ayolni, jumladan 16 nafar o‘smirni shahvoniy suratlarni olish maqsadida shantaj qilgani uchun 40 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi.
Dipfeyk yordamida shahvoniy tasvirlarni tarqatish maqsadida yaratish Janubiy Koreya qonunlariga binoan besh yil qamoq yoki 50 million von (37 500 dollar) miqdorida jarima bilan jazolanadi.
Mavzuga oid
18:30 / 26.12.2024
Olimlar atigi 15 daqiqada olmos yaratishni o‘rgandi
17:51 / 26.12.2024
Janubiy Koreya parlamenti prezident vazifasini vaqtincha bajaruvchiga ham impichment e’lon qilmoqchi
17:43 / 25.12.2024
Janubiy Koreya “o‘ta qari jamiyat” deb tan olindi
17:35 / 25.12.2024