Jahon | 18:28 / 29.08.2024
2464
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda jurnalistni pichoqlab o‘ldirgan sobiq siyosatchi umrbod qamaldi

Jurnalist siyosatchining harakatlari to‘g‘risida tanqidiy maqolalar yozgandi. Siyosatchi 2 yildan beri hibsda qolayotgandi.

Foto: Getty Images

AQShning Nevada shtati sobiq siyosatchisi 47 yoshli Robert Telles u haqida tanqidiy maqolalar yozgan jurnalistning o‘limida aybdor deb topildi va umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi.

U Las Vegas Review-Journal tadqiqotchisi Jyeff Hermanni pichoqlab o‘ldirishda gumonlanib, 2022 yilda ushlangandi. 28 avgust kuni 12 kishilik hakamlar hay’ati uni birinchi darajali qotillikda aybdor deb topdi va jazo bo‘yicha yakuniy xulosaga keldi.

Prokurorlar marhum Hermanning tirnoqlari ostidan topilgan DNK dalillarini sudga taqdim etib, ular Tellesga tegishli ekanini aytgan, ammo sobiq siyosatchi aybini tan olmadi.

Sud jarayoni ikki hafta davom etdi. Ayblanuvchi umrbod qamoqqa hukm qilingan bo‘lsa-da, 20 yildan keyin shartli ravishda ozod etilishi mumkin.

Sudda o‘nlab guvohlar, jumladan, tergovchilar, sud-tibbiyot ekspertlari, sobiq siyosatchini tanigan odamlar va Tellesning o‘zi ko‘rsatma berdi.

2022 yil sentabr oyida 69 yoshli Herman Nevada shtatidagi uyi yonidan bo‘yni va tanasiga yetti marta pichoq urilgan holda o‘lik topilgan. Prokurorlar Hermanni o‘ldirishda Tellesni aybladi. Jurnalistning maqolalari “qotillikka sabab bo‘lgan” deb qaraldi.

Telles 2018 yilda Klark okrugi shtat boshqaruvchisi etib saylangandi. Jurnalist Herman uning xatti-harakatlarini tanqid qiluvchi maqolalar yozgan. Natijada demokrat Telles 2022 yilda ikkinchi muddatga saylanish uchun praymerizda yutqazdi.

Politsiya tomonidan topilgan videokuzatuv kamerasi tasvirlarida Telles jurnalistning uyi atrofida shlyapada yurgani ko‘rinadi. Keyinchalik uy atrofidagi butalar orasidan Tellesning kiyimlaridan parchalar topilgan.

Tajribali muxbir Herman qirq yildan ortiq vaqtini shahar hayoti va korrupsiyani yoritishga sarflagan. U Telles haqida yana bir maqola nashr etmoqchi bo‘lgan, biroq bunga ulgurmagan.

Mavzuga oid