Harris va Tramp 11 sentabr qurbonlari xotirasiga hurmat bajo keltirdi
Demokratlar va Respublikachilar partiyalaridan nomzodlar teledebatning ertasiga Butunjahon savdo markazi joylashgan Graund-Ziro majmuasidagi marosimda qo‘l berib ko‘rishdi.
Demokratlar va Respublikachilar partiyasidan nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp teledebatning ertasiga, hujumlarning 23 yilligi munosabati bilan Nyu-Yorkda 11 sentabr voqealarini yodga olish marosimida qo‘l berib ko‘rishdi. 11 sentabr, chorshanba kuni Quyi Manxettendagi tadbirda AQSh prezidenti Jo Bayden va Nyu-Yorkning sobiq meri Maykl Blumberg ishtirok etdi.
«Bugun biz 2001 yil 11 sentabrdagi dahshatli teraktda halok bo‘lganlar uchun motam tutyapmiz. Biz ularning oilalari va yaqinlari bilan birdammiz», - dedi AQSh vitse-prezidenti Harris bayonotida. «Shuningdek, biz oddiy amerikaliklar o‘sha mudhish kunda o‘z vatandoshlariga yordam berish uchun ko‘rsatgan qahramonlikni hurmat qilamiz. Biz buni hech qachon unutmaymiz», - deya davom etdi u.
Marosimda Trampning vitse-prezidentlik lavozimiga nomzodi Jyeyms Devid Vens va Harris bir-biri bilan muloqot qilmadi, deya aniqlik kiritdi CNN.
Graund-Ziroda xotira tadbirlari
An’anaga ko‘ra, minoralariga «Al-Qoida» terrorchilik guruhi a’zolari olib qochgan samolyotlar kelib urilgan Butunjahon savdo markazi (BSM) joylashgan Graund-Ziro majmuasida xotira tadbirlari bo‘lib o‘tdi. Qurbonlar yaqinlari hujumlarda halok bo‘lgan 3000 ga yaqin kishining ismlarini o‘qib eshittirdi.
Shuningdek, Pentagonda va Pensilvaniyadagi samolyot qulagan joyda motam tadbirlari bo‘lib o‘tdi.
AQShda 9/11 teraktlari
2001 yil 11 sentabrdagi teraktlar natijasida jami 2977 kishi, jumladan Nyu-Yorkda 2753, Vashingtondagi AQSh Mudofaa vazirligida 184 va Pensilvaniyada yana 40 kishi halok bo‘ldi. 23 yil oldin terrorchilar to‘rtta samolyotni olib qochgandi. Ulardan birinchisi Butunjahon savdo markazining shimoliy minorasiga kelib urilgan, ko‘p o‘tmay janubiy minorada ham xuddi shunday hujum sodir bo‘lgan, shundan so‘ng ikkala bino ham qulagan. Terrorchilar uchinchi samolyotni Vashington yaqinida joylashgan AQSh Mudofaa vazirligi binosiga yo‘naltirgan, to‘rtinchi samolyot esa yo‘lovchilar qarshilik ko‘rsatganidan keyin Shanksvillda (Pensilvaniya) qulagan.
Hujumlar tashkilotchisi, «Al-Qoida» yetakchisi Usama bin Lodin 2011 yilda Amerika maxsus kuchlari tomonidan o‘ldirilgan.
Mavzuga oid
21:16 / 26.12.2024
Tramp Meksika va Kanadaga AQSh shtatlari bo‘lishni taklif qildi
14:17 / 26.12.2024
OAV: Tramp Panama kanalini olishga jiddiy qaror qilgan
18:52 / 25.12.2024
Tramp o‘lim jazosini qo‘llashda qat’iyat bilan davom etishini aytdi
18:22 / 25.12.2024