Jahon | 21:39 / 12.09.2024
15027
2 daqiqa o‘qiladi

Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlaridagi ko‘pkari finali mojaro bilan yakunlandi

Qirg‘iziston sportchilari taqdirlash marosimida kumush medallarini yechib tashlab, o‘z davlati bayrog‘ini baland ko‘tarib, sahnadan chiqib ketdi.

Qozog‘istonning Ostona shahrida o‘tkazilayotgan Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarining ko‘pkari musobaqasi finali mojaro bilan tugadi.

12 sentabr kuni hal qiluvchi bahsda Qozog‘iston va Qirg‘iziston ko‘pkarichilari bellashdi. O‘yin mezbonlarning 5:4 hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlandi.

Bellashuv asabiy ruhda o‘tib, mezbonlar vakili raqibini qamchi bilan urganidan keyin to‘polon va mushtlashuv tufayli to‘xtatib turildi.

Qirg‘iziston sportchilari taqdirlash marosimida kumush medallarini yechib tashlab, o‘z davlati bayrog‘ini baland ko‘tarib, sahnadan chiqib ketdi.

Keyinchalik, Qirg‘iziston ko‘pkari federatsiyasi finalda qayd etilgan natijaga norozilik shikoyatini yozdi. Ular bahsni boshqargan qozog‘istonlik hakam o‘z hamyurtlari foydasiga bir qancha bahsli qarorlarni qabul qilgan deb hisoblamoqda. Shuningdek, qirg‘izistonliklarga mahalliy huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan bosim bo‘lganini ta’kidlamoqda.

Jahon ko‘chmanchilar o‘yinlarida O‘zbekiston ham ishtirok etmoqda va 11 oltin, 12 kumush, 11 bronza medali bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Qozog‘iston terma jamoasi 33 oltin, 25 kumush, 28 bronza bilan peshqadamlik qilmoqda. Musobaqalar 13 sentabr kuni yakunlanadi.

Mavzuga oid